BBC navigation

Farg‘onalik huquq himoyachisi Ne‘matjon Sodiqov hibsga olingan

Сўнгги янгиланиш 8 феврал 2013 - 15:17 GMT

Shu yilning 5 fevral kuni Farg‘onalik huquq himoyachisi Ne‘matjon Sodiqovning Buvayda tumani Maslahat qishlog‘idagi uyiga 30 dan ortiq kishi bostirib kirib, uni va o‘g‘illarini kaltaklashgan.

Bezorilar deraza oynalari va uydagi buyumlarni sindirishgan. Ne‘matjon Sodiqovning oila a‘zolari militsiyaga xabar qilishganda, bosqinchilar qolib huquq himoyachisi va o‘g‘illari hibsga olinadi.

Ayni paytda ular Buvayda tuman Ichki ishlar bo‘limining vaqtincha saqlash xonasida ushlab turilibdi. Oila a‘zolarining aytishicha, militsiya xodimlari tomonidan ularning uylarida hech bir asossiz tintuv ham o‘tkazilgan.

Ne‘matjon Sodiqov Farg‘onadagi faol huquq himoyachilardan bo‘lib, bundan oldin Qo‘qondan Buvayda tumaniga olib kelinadigan chiqindilar bois yuzaga kelayotgan ekologiya muammolarni ko‘tarib chiqqan, mahalliy hukumatdan tumandagi gaz, elektr energiya tanqisligi masalasini hal qilishni so‘rab murojaat qilgan, aholiga ish haqi va nafaqalarni o‘z vaqtida berilishini talab qilgan.

Ne‘matjon Sodiqov shuningdek chegaradan noqonuniy tovar olib o‘tilishi muammolari bilan kurashib keladi. Uning o‘g‘lining aytishicha, otasi va oila a‘zolariga qilingan hujum otasining aynan ana shu noqonuniy mol olib o‘tuvchilarni oshkor qilgani sababli amalga oshirilgan.

O‘zining 13 yillik huquq faoliyati uchun Ne‘matjon Sodiqov 25 marta sudga tortilgan.

Uning o‘z shaxsiy hovlisida Farg‘ona viloyat pasport stoli rahbari uy qurib, yerni noqonuniy egallab oladi.

Biroq huquq faolining tegishli tashkilotlarga bunga javoban qilgan arizasi o‘rganilmaydi.

2010 yil 2010 yil Ne‘matjon Sodiqov prezident Karimovga xat yozib, Vodildan Qirg‘izistonga noqonuniy mollar olib ketilayotgani haqida xabar bergan edi.

Ma‘lumotlarga ko‘ra, chegarada amalga oshiriladigan noqonuniy biznes Farg‘ona viloyat MXX raisi Narzullayev tomonidan nazorat qilinadi.

Ne‘matjon Sodiqov prezidentga xati tufayli o‘ziga turli bosim va tahdidlar kuchaytirilgani va shu kungacha davom etishini bildirgan.

O‘g‘li Nodir Sodiqovning BBCga aytishicha, ularga hujum qilgan bosqinchilar qolib, otasi va ukalari hibsda ushlab turilibdi.

Ularga O‘zbekiston Jinoyat kodeksining bosqinchilik moddasi bo‘yicha ayblashlari mumkin.

"O‘sha ikki kun uyimizga bostirib kirib, keyin qochib ketganlar mana bu yerda, Ichki ishlar bo‘limida xuddi o‘z uyidagidek bemalol yurishibdi. Ularning pichoq ko‘tarib qilgan hujumidan o‘zini himoya qilaman degan otam va ukalarimni ushlab o‘tirishibdi. Ular o‘z uyida bosqinchilik qilgan ekan. Uyimizni toshbo‘ron qilib bostirib kirganlar esa jabrdiyda hisoblanishyapti.

Chegaradan noqonuniy mol olib o‘tuvchilar o‘zlarining orqasida "katta odamlar" turganini, bizlarni bir kunda "yo‘q qilib yuborishlari"ni aytib dag‘dag‘a qilishdi. Bugun ham ROVDning oldida janjal qilib, bizni haqoratlashdi. Lekin militsiya xodimlari chiqib hech narsa degani yo‘q", - deydi Ne‘mat Sodiqovning o‘g‘li.

Nodir Sodiqovning aytishicha, uch kundan buyon otasi va ukalarini ko‘rishning imkoni bo‘lmagan. Ularning sog‘ligi haqida ham ma‘lumot yo‘q. Nodir Sodiqov ukalariga bezorilar hujumi payti tan jarohati yetkazilgani, otasi va ukalariga zarur meditsina yordami ko‘rsatilishi lozimligini aytadi.

Biroq ukalari olgan jarohatlari bo‘yicha tegishli meditsina tekshiruvi o‘tkazish va yordam ko‘rsatish kerakligi haqidagi ichki ishlar bo‘limiga qilgan murojaati javobsiz qoldirilgan.

----------------------------------------------------------------------------------------------

Aziz O‘quvchi!

BBC O‘zbek xizmati Sizning fikr va mulohazalaringizga ham o‘rin beradi.

Sahifamizdagi har bir xabar, audio-video materiallar, suratlar va barcha mavzularga doir fikrlaringizni maxsus formadan foydalanib bizga yo‘llashingiz mumkin.

Shuningdek, uzbek@bbc.co.uk elektron pochtamizga maktub yozing.

Biz va dunyo bo‘ylab o‘quvchilarimiz bilan o‘z hikoyalaringiz, suratlar hamda audio-video materiallaringizni baham ko‘ring.

BBC maktublarni tahrir qilish huquqiga ega.

* to'ldirish shart bo'lgan qator

Ушбу мавзуга оид кўпроқ материаллар

BBC © 2014 BBC tashqi sahifalar uchun ma'sul emas.

Ushbu sahifani CSS veb-brauzerida tomosha qilgan ma'qul. Hozirgi veb-brauzeringiz Sizga to'la vizual imkoniyatni bermaydi. Marhamat qilib o'zingizning brauzeringizni CSS veb-brauzeriga yangilash haqida o'ylab ko'ring.