BBC navigation

O‘zbekiston valyuta bozorini nazorat qilishdan kim manfaatdor?

Сўнгги янгиланиш 8 феврал 2013 - 13:26 GMT

O‘zbekiston qora bozorida AQSh dollari tushishda davom etmoqda

O‘zbekistonda xorij valyutasini nazorat qilish bog‘liq yangi tartib-qoidalar xorijiy ommaviy axborot vositalari va internetda keng tahlil etilmoqda.

O‘zbekiston hukumati yana haqiqiy bozor iqtisodi tamoyillarini joriy etishdan ko‘ra, ma‘muriy bosim usullarini tanlayotgani, so‘nggi zug‘umu-bosim siyosatidan asl maqsad, dollar kursini pasaytirish va bo‘shab qolgan davlat byudjetini to‘ldirish ekani haqidagi maqolalar e‘lon qilinayotganini ko‘rish mumkin.

Xo‘sh, O‘zbekiston hukumatining muddosi nima?

BBC Toshkentlik jurnalist Aleksey Volosevichdan dastlab valyuta bozoridagi oxirgi vaziyat haqida so‘radim.

Aleksey Volosevich: Aytishlaricha, bugun qora bozordagi dollarning kursi 2500 so‘mga tushgan. Bir necha kun bozorlardan valyutafurushlar g‘oyib bo‘lib qolgan edilar, mana bugundan ular paydo bo‘lishgan va Amerika dollarini 2500 so‘mdan sotib olishni boshlashgan. Lekin valyutachilar qo‘rqa-pisa pul almashtirishayapti, o‘zlarini hibsga olishlaridan cho‘chishayapti.

BBC: O‘zbekiston hukumati har doimgidek valyuta sotishni cheklash, tashqaridan tovar olib kirish bilan bog‘liq yangi qadamlaridan qanday maqsadni ko‘zlayotganini tushuntirayotgani yo‘q. Va hukumatning maqsadi yana qattiq valyutani tashqariga chiqishi oldini olish, mamlakatning kamayib borayotgan oltin-valyuta zahirasini asrashni ko‘zlayapti, degan maqolalar e‘lon qilinayapti? Toshkentda nima deyishayapti, hukumatning bu qadamlardan muddaosi nima bo‘layapti?

Aleksey Volosevich: Mamlakat oltin-valyuta zahirasining ahvoli haqida mening bir narsa deyishim qiyin. Bu fikrlar faqat taxmin bo‘lishi mumkin. Chunki bizda O‘zbekistonning oltin-valyuta zahirasi haqidagi mal‘lumot oshkor qilinmaydi. Bu zahira qanchani tashkil etadi? Ular qayerda saqlanadi? Ular nimalarga sarflanadi, ko‘pchilik buni bilmaydi. Ammo hozir e‘lon qilinayotgan tahliliy maqolalarda so‘nggi chora-tadbirlar O‘zbekiston prezidentining yanvar oyi oxirida imzolangan, lekin matbuotda e‘lon qilinmagan farmoni bilan bog‘lanmoqda. Bu farmon O‘zbekistonga olib kiriladigan tovarlarga yana qo‘shimcha boj joriy qilishni ko‘zda tutadi. Ushbu holat aynan 2002 yilda ko‘rilgan choralarni esga soladi. Ko‘pchilik o‘shanda mashhur "aksilchelnoklar" kampaniyasi boshlanganini yaxshi eslaydi. O‘shanda tashqaridan O‘zbekistonga olib kiriladigan hamma tovarlarga 2 baravar boj kiritilgan, oziq-ovqat mahsulotlariga 50 foizlik poshlina kiritilgan edi. Xuddi bugungidek usullar bilan aholining dollarga bo‘lgan ehtiyoji majburan urib tushirilgan, valyutafurushlarni quvish boshlangan edi. O‘shanda ko‘rilgan choralardan ko‘zlangan maqsad, mamlakatda mavjud bo‘lgan valyutaning bir necha kurslarini bir xillashtirish edi. Bugungi maqsad nima ekanini hech kim bilmaydi. Bu haqda faqat taxmin bildirish mumkin, xolos.

BBC: Internetda e‘lon qilinayotgan maqolalarda aytilishicha, O‘zbekiston byudjetining ahvoli abgor holga kelgan. Shuning uchun O‘zbekiston hukumati byudjet xarajatlarini qisqartirish, ahvolni yaxshilash maqsadida ham shunday choralarni ko‘rayotgani aytiladi. So‘nggi chora-tadbirlar mamlakat byudjeti ahvolini yaxshilash maqsadini ko‘zlayotgan bo‘lishi mumkinmi?

Aleksey Volosevich: Davlat byudjeti bo‘shab qolgani haqida bugun gapirilayotgani yo‘q. Bunday gap-so‘zlar bir necha yildan buyon aytib kelinadi. Biroq bu ham faqat gap-so‘zlar, xolos. Nima bo‘lganda ham O‘zbekiston davlat byudjetining haqiqiy ahvoli haqidagi ma‘lumotlar oshkor etilmaydi. Bir narsa aniqki, O‘zbekistonga keladigan sarmoyalar hajmi kamayishi turgan gap. MTSning ovozali mojarosidan keyin boshqa narsani kutish qiyin.

----------------------------------------------------------------------------------------------

Aziz O‘quvchi!

BBC O‘zbek xizmati Sizning fikr va mulohazalaringizga ham o‘rin beradi.

Sahifamizdagi har bir xabar, audio-video materiallar, suratlar va barcha mavzularga doir fikrlaringizni maxsus formadan foydalanib bizga yo‘llashingiz mumkin.

Shuningdek, uzbek@bbc.co.uk elektron pochtamizga maktub yozing.

Biz va dunyo bo‘ylab o‘quvchilarimiz bilan o‘z hikoyalaringiz, suratlar hamda audio-video materiallaringizni baham ko‘ring.

BBC maktublarni tahrir qilish huquqiga ega.

* to'ldirish shart bo'lgan qator

Ушбу мавзуга оид кўпроқ материаллар

BBC © 2014 BBC tashqi sahifalar uchun ma'sul emas.

Ushbu sahifani CSS veb-brauzerida tomosha qilgan ma'qul. Hozirgi veb-brauzeringiz Sizga to'la vizual imkoniyatni bermaydi. Marhamat qilib o'zingizning brauzeringizni CSS veb-brauzeriga yangilash haqida o'ylab ko'ring.