BBC navigation

Afg‘onistonda Fashion Show

Сўнгги янгиланиш 11 феврал 2013 - 13:35 GMT

Sanoqli bo‘lsa-da, bundan avval ham Afg‘onistonda modalar shousi uyushtirilgan. Ammo ular ko‘proq xorij auditoriyasiga mo‘ljallangan bo‘lgan

Yil sayin burqani afzal bilayotgan xotin-qizlar soni ortib borayotgan va jamiyati hanuz o‘ta an‘anador bo‘lgan Afg‘onistonda noyob voqe‘lik sanaluvchi modalar shousi poytaxt Kobuldagi restoranlarning birida uyushtirilgan.

Afg‘on modellari restoranga yig‘ilgan erkagu ayol tomoshabinlar qarshisida mahalliy dizaynerlarning liboslarini namoyish etishgan:

бу ерга босинг Sahnada modellar - fotoreportaj

Modalar shousi kichikkina miqyosda o‘tgan bo‘lsa ham, hanuz Tolibon faol va urushlar girdobida bo‘lgan Afg‘oniston uchun katta hodisa sanaladi.

"Vaziyat kun sayin yomonlashib bormoqda. Lekin biz ortga chekinmasligimiz lozim. Doimo oldinga harakat qilishimiz kerak. Agar ayollar tashabbusni qo‘lga olib, bu kabi g‘oyalar bilan chiqishsa, menimcha, oliymaqom ish qilgan bo‘lishadi", deydi liboslari juma kungi shouda namoyish etilgan dizayner Sahar Bonu Zirak.

Ammo Tolibon tuzumi qulashidan 10 yil o‘tib ham, xotin-qizlarning barchaning ko‘z o‘ngida modellik qilishlari afg‘on jamiyatida xushlanmaydi.

Afg‘onistonda ayollarga nisbatan zo‘ravonliklar hanuz keng tarqalgan. Ularning turli ayblovlar bilan toshbo‘ron qilinishlari, omma ko‘z o‘ngida qatl etilishlari yoki qamoqqa tashlanishlari hamon uchraydi. Maishiy zo‘ravonliklardan qochib, o‘z joniga qasd qilayotgan xotin-qizlar ham ozmuncha emas.

Juma kungi modalar shousi esa, Afg‘onistondagi "Yosh xotin-qizlar o‘zgarishlar uchun" mustaqil tashkiloti tomonidan uyushtirilgan.

Ushbu tashkilot afg‘on ayollarining faolliklarini oshirish va ularning hayotlarini yaxshilashni maqsad qilgan.

Modalar shousi

Ammo Tolibon tuzumi qulashidan 10 yil o‘tib ham, xotin-qizlarning barchaning ko‘z o‘ngida modellik qilishlari afg‘on jamiyatida xushlanmaydi

"Assoshiayted Press" axborot agentligi xabarlariga qaralsa, oralarida uch erkagi ham bo‘lgan o‘ndan ortiq modellar 33 rusumdagi liboslar - an‘anaviylari bilan bir qatorda yengi kalta ko‘ylaklar, jinsi shimlar, kalta yubkalar va tunikalarni ham namoyish etishgan.

Liboslar ko‘rgazmasi ishtirokchilarining aytishlaricha, "Yosh xotin-qizlar o‘zgarishlar uchun" tashkilotini qo‘llash maqsadida o‘z xohishlari bilan modellik qilishga rozi bo‘lishgan.

Ulardan biri bo‘lgan 17 yoshli Farhoda Tohiriy umrida modalar shousini o‘z ko‘zi bilan ko‘rmagani, lekin buvisidan tashqari qolgan barcha oila a‘zolari va hatto, otasi ham o‘zining modellik qilishiga qarshilik qilmaganini aytadi.

Farhodaning ta‘kidlashicha, xalqaro kuchlarning safarbarliklariga oz vaqt qolayotgan bir pallada Afg‘onistondagi hayotni o‘nglash uchun yoshlardan ham harakat lozim.

"Afg‘onistonga kim tinchlik keltiradi? Biz. Afg‘onlar. Yangi avlod", deydi u.

Bu galgisi boshqacha

Xabarlarga ko‘ra, ayrimlari hijobsiz yoki kalta yubkalarda sahnaga chiqqan modellarni himoya etish uchun tashkilotchilar mahalliy ommaviy-axborot vositalarining juma kungi shouni tasvirga olishlariga izn berishmagan

Sanoqli bo‘lsa-da, bundan avval ham Afg‘onistonda modalar shousi uyushtirilgan. Ammo ular ko‘proq xorij auditoriyasiga mo‘ljallangan bo‘lgan.

Ularda afg‘on model qizlari yo yigitlari deyarli chiqish qilishmagan. Tomoshabinlar orasida ham, mahalliy aholi vakillari qariyb ko‘zga tashlanmagan.

Xabarlarga ko‘ra, ayrimlari hijobsiz yoki kalta yubkalarda sahnaga chiqqan modellarni himoya etish uchun tashkilotchilar mahalliy ommaviy-axborot vositalarining juma kungi shouni tasvirga olishlariga izn berishmagan.

"Bu - mukammal va professional darajada uyushtirilgan shou bo‘lmasligi mumkin. Ammo hali boshlanishi", deydi 26 yoshli dizayner Salma Gul.

Tashkilotchilarga ko‘ra, Afg‘onistondagi portlashlar va xudkushlik hujumlariga qaramay, bu kabi shouni uyushtirishdan ikki maqsadni ko‘zlashgan:

Biri - o‘z tashkilotlari faoliyati uchun biroz pul ishlab olish bo‘lsa, ikkinchisi - asta-sekinlik bilan afg‘on xotin-qizlariga nisbatan jamiyatdagi munosabatni o‘zgartirish.

"Yosh xotin-qizlar o‘zgarishlar uchun" tashkiloti voiziga ko‘ra, asosan o‘z a‘zolari va do‘stlariga sotilgan chiptalar orqasidan 1.000 AQSh dollaridan ko‘proq foyda ko‘rishgan.



* to'ldirish shart bo'lgan qator

BBC © 2014 BBC tashqi sahifalar uchun ma'sul emas.

Ushbu sahifani CSS veb-brauzerida tomosha qilgan ma'qul. Hozirgi veb-brauzeringiz Sizga to'la vizual imkoniyatni bermaydi. Marhamat qilib o'zingizning brauzeringizni CSS veb-brauzeriga yangilash haqida o'ylab ko'ring.