BBC navigation

O‘zbekistonda valyuta cheklovlari va hibslar ortida nima turibdi?

Сўнгги янгиланиш 11 феврал 2013 - 14:11 GMT

O‘tib borayotgan hafta O‘zbekistonda valyuta bozoridagi talvasa hamda yuqori martabali bank xodimlarining hibsga olinishi bilan xabar agentliklarining e‘tiborini tortgan.

12news.uz nashrining xabar berishicha, Toshkent shahar prokuraturasi Ipoteka Bankning 10 ga yaqin yuqori martabali xodimlarini hibsga olgan.

Ular so‘nggi ikki yil mobaynida o‘n millionlab dollar mablag‘larni noqonuniy ravishda sotganliklari aytiladi.

Prokuraturaning ishonishicha, guruhning har bir a‘zosi ikki yilda qariyb 1 million dollardan mablag‘ni o‘zlashtirgan.

Ayni paytda poytaxtning asosan dollar bilan savdo qiluvchi yirik ulgurji savdo markazi - Abu Saxiy bozorida ham muammolar boshlangani aytilmoqda.

Hukumat 1 fevraldan aholiga xorijiy valyuta sotishni taqiqlash bilan birga, mamlakatda amal qilib kelayotgan valyutaning qora bozorini ham nazorat qilishga urinmoqda.

Qora bozorga reydlar yangilik emas, ammo bu safar hukumat har doimgidan ham ko‘ra ham repressivroq choralarga qo‘l urayotgani kuzatiladi.

Markaziy bank so‘nggi choralarni valyuta savdosini takomillashtirish bilan izohlagan, ammo hibsga olishlarning ortida turgan haqiqiy sabablar borasida turlicha farazlar aytilmoqda.

Farazlardan biri - O‘zbekistonning bo‘shab qolgan g‘aznasini to‘ldirish. Ammo, Olma-otadan mintaqaviy tahlilchi Joanna Lilis tabiiy zahiralarga boy O‘zbekistonning valyutaga bu qadar muhtojligini savol ostiga oladi.

Joanna Lilis: Aftidan, tartibni kuchaytirish bilan O‘zbekiston hukumati valyuta bozori ustidan nazoratni kuchaytirmoqchi. Shu bilan birga, mamlakatdagi xorijiy valyutalarning qora bozoridagi vaziyatgi ham ta‘sir ko‘rsatish maqsadini ko‘zlagan. Shuningdek, noqonuniy va xatto qonuniy valyuta sotuvchilar, ya‘ni qator bank boshqaruvchilarining hibsga olingani haqidagi xabarlarni ham eshitayapmiz. Ehtimol, hukumat qora bozorni butunlay yo‘q qilmoqchidir. Ammo birinchi kundagi ko‘tarilishdan keyin qora bozorda AQSh dollarining narxi tusha boshlagani xam aytilmoqda. Bu holda kimlardir narxlarning tushishidan katta pul qilayotgan bo‘lishi mumkinligini ham taxmin qilsa bo‘ladi. Hukumat rasman xalqaro tajribalar kelib chiqib, bu kabi choralarga qo‘l urayotganini aytmoqda. Ammo, haqiqatda hukumatning maqsadi nima ekanini tushunish juda ham qiyin. Chunki, O‘zbekiston hukumati hamma narsani imi-jimida qiladi va aholiga tuzuk - quruq tushuntirib ham o‘tirmaydi bu narsalarni.

BBC: Valyutalar savdosi cheklangan bir kunda Bojxona qo‘mitasi amalda importni cheklovchi yangi qoidalarni ham e‘lon qilgan. Avvalroq, aholining pensiya va nafaqalari ham kesib tashlangan edi. Bularning hammasi O‘zbekistonning qattiq valyuta va oltin zahiralarining tagi ko‘rinib qolganidan darak beradimi? Umuman, mamlakat iqtisodining haqiqiy ahvoli haqida biron narsa aytish mumkinmi?

Joanna Lilis: Menimcha, bu to‘g‘ri. O‘zbekiston hukumati o‘zining qattiq valyuta zahiralarini asrashga yoki tejashga harakat qilayotgani aniq. Ammo, nima uchun, O‘zbekistonning qattiq valyuta va oltin zahiralari tugab qolayotgani tushunarsiz. Chunki, O‘zbekiston chetga, qattiq valyutaga paxta sotayapti, gaz, uran sotayapti. Qolaversa, mamlakat oltin ishlab chiqarish va zahiralari bo‘yicha dunyoda yetakchi o‘rinlarda. Bularning hammasi mamlakat g‘aznasiga qattiq valyutalar oqib kelishini ta‘minlashi kerak edi. Agar hukumat haqiqatan ham qattiq valyuta taqchilligigiga yuz tutgan bo‘lsa va hozirgi kabi keskin choralarga qo‘l urishga majbur bo‘layotgan bo‘lsa, bu yerdan kelib chiqadigan asosiy savol shu: mamlakatning tabiiy zahiralari, gaz, uran va oltin savdosidan kelayotgan pullar qayoqqa ketayapti? Paxtaning pullari qayoqqa ketayapti? Menimcha, bu savollarga javob topish juda qiyin.

* to'ldirish shart bo'lgan qator

Ушбу мавзуга оид кўпроқ материаллар

BBC © 2014 BBC tashqi sahifalar uchun ma'sul emas.

Ushbu sahifani CSS veb-brauzerida tomosha qilgan ma'qul. Hozirgi veb-brauzeringiz Sizga to'la vizual imkoniyatni bermaydi. Marhamat qilib o'zingizning brauzeringizni CSS veb-brauzeriga yangilash haqida o'ylab ko'ring.