BBC navigation

Mirjalol Qosimov: "Maqsad - 2014 yilgi jahon chempionatiga chiqish"

Сўнгги янгиланиш 13 феврал 2013 - 14:01 GMT

O‘zbekiston milliy terma jamoasi bosh murabbiysining aytishicha, maqsadlari - 2014 yilgi jahon chempionatiga chiqish.

Mirjalol Qosimovga ko‘ra, "xuddi shu tufayli ham qolgan har bir o‘yinga xuddi oxirgisidek maydonga chiqib, harakat qilishlari, xatolarga yo‘l qo‘yish va ochko yo‘qotishga haqlari yo‘qdir":

Миржалол Қосимов

Ўзбекистон миллий терма жамоаси бош мураббийси.

Тинглашmp3

Муқобил медиа плейерда ўйналсинми

Osiyo qit‘asiga ajratilgan 4.5 ta yo‘llanmadan bittasini qo‘lga kiritishi uchun O‘zbekiston Livan, Janubiy Koreya va Qatar bilan o‘ynashi kerak bo‘ladi.

Joriy paytda 5 uchrashuvdan 8 ochko to‘plab, "A" guruhida peshqadamlik qilib turgan O‘zbekiston milliy terma jamoasi navbatdagi uchrashuvini 26 mart kuni o‘z maydonida Livanga qarshi o‘tkazadi.

Mirjalol Qosimovning BBC O‘zbek Xizmati bilan suhbatida aytishicha, "bu o‘yinda durang o‘ynashga ham, yutqazishga ham haqlari yo‘q".

O‘zbekiston milliy terma jamoasi bosh murabbiysi o‘z oldilariga qo‘ygan maqsadni uddalashga ko‘zi yetishi, "ishonilmaganda ishlanmasligi"ni ta‘kidlaydi.

Mirjalol Qosimov ham yaqinda BBCga eksklyuziv suhbat bergan eronlik hamkasbi Karlush Keyruz kabi guruhdagi hech bir jamoa joriy paytda jahon chempionatiga yo‘llanma olish imkoniyatini boy bermagan, degan fikrda.

"Xuddi shuning uchun ham hech qanaqasiga bo‘shashish mumkin emas. Eron, Qatar, Janubiy Koreya va hatto, Livan ham oxirigacha kurashadi. Biz ham bunga maksimal harakat qilamiz", deydi O‘zbekiston milliy terma jamoasi bosh murabbiysi.

Ayni o‘rinda shuni ta‘kidlash kerakki, O‘zbekiston milliy terma jamoasiga halicha o‘z tarixida futbol bo‘yicha jahon chempionatining final bosqich bellashuvlariga chiqish nasib etmagan.

Ammo bu gal so‘nggi bosqich saralash bellashuvlariga qadar yetib kelgan va o‘z guruhida ikkita yo‘llanmadan bittasiga da‘vogarlik qilayotgan yagona Markaziy Osiyo davlati bo‘lib turibdi.

Livanga qarshi muhim uchrashuvi arafasida O‘zbekiston o‘tgan hafta 2015 yilgi Osiyo Kubogining guruh bosqich saralash bellashuvlari doirasida o‘z maydonida Gongkongni qabul qilgan va durang (0:0) bilan kifoyalanishga majbur bo‘lgandi.

Eron har ikki guruhdagi raqibi Livanni 5:0, Qatar esa, Malayziyani 2:0 hisobida yengishga muvaffaq bo‘lgandi.

Gongkongga qarshi o‘yin

Osiyo qit‘asidan 2014 yilgi jahon chempionatiga chiqish uchun o‘z kurashini davom ettirayotgan jamoalar Kubok o‘yinlarini qolgan uch uchrashuvlariga hozirlik ko‘rishning qoyilmaqom imkoniyati sifatida baholashayotgandi.

O‘zbekiston milliy terma jamoasi bosh murabbiysi raqiblarining bu kabi muvaffaqiyati o‘zlarini xavotirga solmayotgani, Gongkongga qarshi o‘yin o‘zlari uchun yaxshi mashq vazifasini o‘taganini aytadi.

"Endi, bundoq o‘ylab qarasa, har bir milliy terma jamoa - Eron ham, Livan ham kuchli jamoa. Kimnidir kamsitishimiz kerak emas. Livan jamoasi Eronga qarshi o‘yinda gol o‘tkazib yubormaganida, natija boshqacha ham bo‘lishi mumkin edi. Oldinda bizni ham Livan bilan o‘yin kutib turibdi. Eron Livanni 5:0 ga yutdi-ku, biz ham bemalol mag‘lub etamiz, deb o‘zimizni ovutishimiz kerak emas. Chunki, mana, Gongkong bilan ham o‘ynadik. Bo‘sh jamoa bo‘lishiga qaramay, biz bilan durang o‘ynab ketdi. Shuning uchun ham, bo‘shashishga haqqimiz yo‘q".

Mirjalol Qosimovning ta‘kidlashicha, hozir Livanga qarshi navbatdagi uchrashuvlariga tayyorgarliklarini kuchaytirishlari lozim.

"Eron va Livan orasidagi uchrashuv raqibga qarshi tezkor urilgan to‘pning ahamiyatini ko‘rsatdi, bu - o‘yinda yirik hisobga yo‘l ochib, raqib jamoani dovdiratish va o‘ylab chiqqan rejalarini barbod etishimizga imkon beradi", deydi u.

O‘zbekiston milliy terma jamoasi bosh murabbiysining so‘zlaridan ayon bo‘lishicha, jamoa a‘zolari 13 mart kuni Toshkentda yig‘ilib, mashg‘ulotlar o‘tkazish va 22 mart kuni Birlashgan Arab Amirliklariga qarshi 2015 yilgi Osiyo Kubogi guruh bosqich saralash bellashuvlarining navbatdagi uchrashuvini o‘tkazish uchun Do‘bayga yo‘l olishadi.

O‘zbekistonlik futbolchilar shundan so‘ng oradan to‘rt kun o‘tib, Toshkentning yangi foydalanishga topshirilgan "Bunyodkor" stadionida Livan milliy terma jamoasini qabul qilishadi.

Eslatib o‘tamiz, O‘zbekiston milliy terma jamoasi 2014 yilgi jahon chempionati so‘nggi bosqich saralash bellashuvlarining so‘nggisini o‘tgan yil noyabr oyida Eronga qarshi o‘tkazgan va ularni Tehronda 1:0 hisobida mag‘lub etgandi.

----------------------------------------------------------------------------------------------

Aziz O‘quvchi!

BBC O‘zbek xizmati Sizning fikr va mulohazalaringizga ham o‘rin beradi.

Sahifamizdagi har bir xabar, audio-video materiallar, suratlar va barcha mavzularga doir fikrlaringizni maxsus formadan foydalanib bizga yo‘llashingiz mumkin.

Shuningdek, uzbek@bbc.co.uk elektron pochtamizga maktub yozing.

Biz va dunyo bo‘ylab o‘quvchilarimiz bilan o‘z hikoyalaringiz, suratlar hamda audio-video materiallaringizni baham ko‘ring.

BBC maktublarni tahrir qilish huquqiga ega.

* to'ldirish shart bo'lgan qator

Ушбу мавзуга оид кўпроқ материаллар

BBC © 2014 BBC tashqi sahifalar uchun ma'sul emas.

Ushbu sahifani CSS veb-brauzerida tomosha qilgan ma'qul. Hozirgi veb-brauzeringiz Sizga to'la vizual imkoniyatni bermaydi. Marhamat qilib o'zingizning brauzeringizni CSS veb-brauzeriga yangilash haqida o'ylab ko'ring.