BBC navigation

Moskvada "migratsion patrul"lar dastlabki reydlarini boshlashgan

Сўнгги янгиланиш 14 феврал 2013 - 13:54 GMT

Xalq drujinachilari ushlagan mehnat muhojirlari avtobuslarda militsiya bo‘limiga olib borilgan.

Xabarlarga ko‘ra, Qozon vokzalida o‘tkazilgan reydda ko‘ngilli qo‘riqchilarga qizil bog‘ich va "Migratsion patrul" degan yozuvli kiyimlar berilgan.

Drujinachilar Moskvaga noqonuniy kelgan muhojirlarni ushlab, avvalo ularning rus tilini bilishini aniqlashtirayotgan ekan.

Rossiyadagi inson huquqlari faoli Bahrom Hamroyevning aytishicha, drujinachilar yangilik emas. Sobiq Ittifoq paytida ham bunday kishilardan foydalanilgan.

"Davlatning qancha mashinasi bor, ichki ishlar bo‘limlari , maxfiy xizmatlar, sud, prokuratura, shuncha strukturalar ishlab turganda yana drujinalarni tashkil qilishi davlatning o‘z muammolarini qanday yechishni bilmay, eski kommunistik tuzum vositalariga qaytayotganligini ko‘rsatadi. Bu muammoning yechimi emas. Eng xavflisi bu drujinalar muhojirlarning ishini yengillatmaydi, balki zo‘ravonliklarni ham keltirib chiqarishi mumkin. Hech kim bilmaydi drujinachilarga qo‘shilayotganlar orasida qanday niyatli kishilar borligini. Bunday tuzilmalar rus millatchilariga qo‘l kelishi mumkin" deb xavotirini bildiradi huquq faoli.

Bahrom Hamroyev ayni paytda Sankt Peterburgda ekanini, o‘tgan hafta 7 fevralda juma namoziga chiqqan yuzlab musulmonlarning ushlanish voqeasini o‘rganayotganini aytadi.

Huquq faolining so‘zlariga ko‘ra, ko‘plab jabrlanganlar unga militsiya xodimlari o‘zlarini hech bir sababsiz kaltaklaganini aytib berishgan. Ularning orasida juma namozini o‘qishga borgan o‘zbek, tojik, ozarbayjon, misrlik muhojirlardan tashqari, namozga chiqishga ulgurmagan, masjidning oldidagi do‘konda ishlaydigan afg‘onlar ham bo‘lgan. Militsiya kaltagi ostida qolgan afg‘onlar Peterburgda uzoq yillardan buyon yashab kelishganini, farzandlari universitetlarda o‘qib yurganini, hukumatning qilayotgan ishlaridan taajubda ekanliklarini bildirishgan. Bahrom Hamroyev suhbatlashgan ko‘pchilik rossiyaliklar ham hukumatning muhojirlarga, musulmonlarga qilayotgan siyosatini qoralashgan.

Ayni paytda tuzilgan ko‘ngilli drujinachilar safiga yoshlar bilan birga keksa yoshdagilar ham borligi ko‘rsatilib, bu ish keng targ‘ibot qilinmoqda.

Moskvaliklarning xalq drujinachisi safiga qo‘shilishlariga nima sabab bo‘lgani so‘ralganda, ular o‘zlarining faol fuqarolik pozitsiyasiga egaliklarini aytishgan.

Ko‘ngillilarning aytishicha, bu ishga pul to‘lanmasa ham, atrof-muhit yaxshi bo‘lishiga yordam berishi muhim.

Xalq drujinachilari ushlagan mehnat muhojirlarini bir joyga to‘plab, keyin militsiya bo‘limiga topshirishadi.

"Migratsiya va qonun" markazidagilarga ko‘ra, drujinachilar ichida rus tilini yaxshi biladigan muhojirlarning bo‘lishi bu boradagi ishni yengillashtirar ekan.

Migratsiya xizmati vakillariga ko‘ra, bunday reydlar haftada bir necha marta o‘tkazilishini, muhojirlar hech bir hujjatsiz ushlansa, 2 mingdan 5 minggacha jarima solinishi mumkin. Keyingi safar yana qo‘lga tushsa, vataniga deportatsiya qilinadi.

Yaqinda Rossiya muxolifatining Muvofiqlashtiruvchi Kengashi Markaziy Osiyoning uch davlati-O‘zbekiston, Qirg‘iziston va Tojikiston bilan viza tartibini joriy etishga chaqirgan edi.

Kengash qabul qilgan bayonotda mintaqadan muhojirlar oqimi tobora ko‘payib borayotgani, bu esa Rossiyaning o‘zidagi mehnat bozoriga putur yetkazayotgani aytiladi.

Muxolifatning fikricha, ko‘pchilik muhojirlarning yarim qullik sharoitlarida yashashayotgani ularni jinoyatchilar safini to‘ldirishga majbur qilmoqda.

----------------------------------------------------------------------------------------------

Aziz O‘quvchi!

BBC O‘zbek xizmati Sizning fikr va mulohazalaringizga ham o‘rin beradi.

Sahifamizdagi har bir xabar, audio-video materiallar, suratlar va barcha mavzularga doir fikrlaringizni maxsus formadan foydalanib bizga yo‘llashingiz mumkin.

Shuningdek, uzbek@bbc.co.uk elektron pochtamizga maktub yozing.

Biz va dunyo bo‘ylab o‘quvchilarimiz bilan o‘z hikoyalaringiz, suratlar hamda audio-video materiallaringizni baham ko‘ring.

BBC maktublarni tahrir qilish huquqiga ega.

* to'ldirish shart bo'lgan qator

Ушбу мавзуга оид кўпроқ материаллар

BBC © 2014 BBC tashqi sahifalar uchun ma'sul emas.

Ushbu sahifani CSS veb-brauzerida tomosha qilgan ma'qul. Hozirgi veb-brauzeringiz Sizga to'la vizual imkoniyatni bermaydi. Marhamat qilib o'zingizning brauzeringizni CSS veb-brauzeriga yangilash haqida o'ylab ko'ring.