BBC navigation

Britaniya O‘zbekistonga harbiy jihozlar sovg‘a qiladi

Сўнгги янгиланиш 14 феврал 2013 - 17:33 GMT

Mozori Sharifni O‘zbekiston bilan ulaydigan temir yo‘l Britan asbob-uskunalarini olib chiqish uchun katta qulaylik yaratadi

London va Toshkent o‘rtasidagi kelishuvga muvofiq, O‘zbekiston o‘z hududida Britaniya uchun xavfsiz yo‘lak yaratib beradi.

Britaniya esa buning evaziga o‘zbeklarga 700 ming dollarga teng turli texnika hamda jihozlarini sovg‘a qiladi.

Hozir janubdagi ikkinchi muqobil yo‘lak, ya‘ni Pokiston yo‘li Britan asbob-uskunalarini olib chiqishga bardosh bera olmaydi va u tarafda vaziyat ham qaltis.

Shu asno bu uskuna va jihozlarni olib chiqish bobida O‘zbekiston eng muhim tranzit davlati sifatida o‘rtaga chiqmoqda.

Britaniya mulozimlariga ko‘ra, 100 ming funt sterlingga teng Land Rover mashinalari ehtiyot qismlari, har bir 7 ming funt sterling turadigan elliktacha Leyland DAF rusumli mashina O‘zbekistonga sovg‘a qilinadi.

Bir necha kun oldin esa O‘zbekiston ancha arzon narxda Britan uskunalarini sotib oladi, degan xabarlar ham chiqqan edi.

London-Toshkent hamkorligi

Britan parlamenti vakillariga qaratilgan nutqida London-Toshkent kelishuvi ustida to‘xtalgan Britaniya Mudofaa vaziri Filip Hammond "mintaqada xavfsizlik va barqarorlikni kuchaytirish yo‘lida O‘zbekiston bilan hamkorlikni davom ettirimiz", deb ma‘lum qildi.

"Bu hamkorlik qonun ustivorligi, inson huquqlariyu demokratiyaga urg‘u beradi va xavfsizlik masalalari, aksilterror amallari, chegaralar xavfsizligi hamda narkotiklarga qarshi kurash bobida ham O‘zbekiston bilan birga ish olib boramiz" - deya ta‘kidlagan Filip Hammond.

"Ayni hamkorlik Afg‘oniston xavfsizligini ta‘minlash, nizo va inqirozlarga yo‘l qo‘ymaslik, radikallashuvni to‘xtatish va mudofaa sohasini isloh etish uchun ham juda muhim".

Biroq G‘arbdagi qator inson huquqlari guruhlari ushbu harbiy jihozlar O‘zbekiston ichkarisida inson huquqlarini toptash maqsadida foydalanilmaydimi, degan xavotirlarni ham bildirishmoqda.

"O‘zbekiston hukumati bu uskuna va jihozlarni ichki qatag‘onlar uchun qo‘llamasligiga ishonchim komil" - deb ta‘kidlagan parlament vakillariga qarata gapirgan Britaniya Mudofaa vaziri.

2015 yilgacha Britaniya Afg‘onistondagi to‘rt milliardga yaqin harbiy va noharbiy jihozlarini olib chiqib ketishi kerak. Bu yo‘lda birinchi chiqish dahlizi Pokiston va O‘zbekistondir.

"O‘zbekiston hukumati bu uskuna va jihozlarni ichki qatag‘onlar uchun qo‘llamasligiga ishonchim komil "

Filip Hammond, Britaniya Mudofaa vaziri

O‘zbekiston yo‘lining afzal jihatlari bir talay: Yo‘lak - xavfsiz va qisqa, Mozori Sharif shahrini bevosita Toshkent bilan ulaydigan yangi temir yo‘l bor, mamlakat hududlari esa tinch.

Ammo O‘zbekiston yo‘li ochiq dengizlarga chiqmagan va ushbu yo‘lakning butkul muvaffaqiyati Qozog‘iston va Rossiya kabi boshqa davlatlarga ham taqaladi.

Britan hukumatiga ko‘ra, Afg‘onistonda barqarorlik o‘rnatish yo‘lida O‘zbekiston davlati juda katta va samarali o‘rin tutadi.

Ammo Afg‘onistondagi xorijiy kuchlar chiqib ketishi ortidan mintaqa yangi xavfsizlik muammolariga yuz tutishi mumkin. Shu bois ham London bir qancha harbiy uskuna va jihozlarni O‘zbekistonga sovg‘a qilib, beqarorlik yuzaga kelishini to‘xtatish niyatida.

Britaniya qurol-yarog‘ va jihozlarini olib chiqib ketish esa shu yili boshlanadi. Joriy yil oxirigacha, Afg‘onistondagi Britan qo‘shinlari soni ham 9 mingdan 5 ming atrofiga tushishi kutilmoqda.

So‘nggi paytlari G‘arbdagi qator siyosatshunoslar va olimlar Afg‘onistonni tinchlantirish uchun bu mamlakatni shimoldagi qo‘shnilari, xususan, O‘zbekiston, Turkmaniston va Qozog‘istonga ko‘proq yaqinlashtirish lozim, deya ta‘kidlay boshlashgan.

----------------------------------------------------------------------------------------------

Aziz O‘quvchi!

BBC O‘zbek xizmati Sizning fikr va mulohazalaringizga ham o‘rin beradi.

Sahifamizdagi har bir xabar, audio-video materiallar, suratlar va barcha mavzularga doir fikrlaringizni maxsus formadan foydalanib bizga yo‘llashingiz mumkin.

Shuningdek, uzbek@bbc.co.uk elektron pochtamizga maktub yozing.

Biz va dunyo bo‘ylab o‘quvchilarimiz bilan o‘z hikoyalaringiz, suratlar hamda audio-video materiallaringizni baham ko‘ring.

BBC maktublarni tahrir qilish huquqiga ega.

* to'ldirish shart bo'lgan qator

Ушбу мавзуга оид кўпроқ материаллар

BBC © 2014 BBC tashqi sahifalar uchun ma'sul emas.

Ushbu sahifani CSS veb-brauzerida tomosha qilgan ma'qul. Hozirgi veb-brauzeringiz Sizga to'la vizual imkoniyatni bermaydi. Marhamat qilib o'zingizning brauzeringizni CSS veb-brauzeriga yangilash haqida o'ylab ko'ring.