BBC navigation

FIFA reytingida: Eron ko‘tarilib, O‘zbekiston pastladi

Сўнгги янгиланиш 14 феврал 2013 - 16:33 GMT

Xalqaro Futbol Uyushmasi yangi reytingida O‘zbekiston bir pog‘ona pastladi.

Jamoa o‘tgan oy o‘z tarixida ikkita eng yuqori natijasidan birini qayd etib, 56-o‘ringa chiqib olgandi.

Ammo O‘zbekiston hamon qit‘aning eng kuchli to‘rt jamoasidan biri sifatida qolmoqda.

O‘zbekiston milliy terma jamoasi orada 2015 yilgi Osiyo Kubogi saralash bahslarining 1-turini o‘tkazgan va Gongkong bilan durang o‘ynagandi.

Ayon bo‘lishicha, durang natijasi uchun O‘zbekiston 2 reying ball qozonishga muvaffaq bo‘lgan va Toshkentda bo‘lib o‘tgan ushbu uchrashuv jamoaning FIFA reytingidagi o‘rniga salbiy ta‘sir qilmagan.

Biroq, ma‘lum bo‘lishicha, Afrika Kubogida muvaffaqiyatli ishtirok etgan ayrim milliy terma jamoalar ochkolarining ortishi O‘zbekistonni bir pog‘ona pastga surgan.

FIFAning o‘tgan oygi reytingida 60-o‘rin bilan kifoyalanishga majbur bo‘lgan va so‘nggi uchrashuvida Livanni 5:0 hisobida mag‘lub etgan Eron esa, ikki o‘rin yuqorilab, O‘zbekistondan keyin 58-o‘ringa chiqib olgan.

Hamon yuqori to‘rtlikda

O‘zbekiston o‘tgan oy Xalqaro Futbol Uyushmasi (FIFA) reytingida bir sakrashda 11 o‘rin yuqorilab, 56-o‘ringa ko‘tarilib olgandi.

So‘nggi natijasi bilan O‘zbekiston qit‘a miqyosida Yaponiya, Janubiy Koreya va Avstraliyadan keyin to‘rtinchi o‘rinni egallashga muvaffaq bo‘lgandi.

Ammo, FIFA reytingida bir pog‘ona pastlaganiga qaramay, O‘zbekiston hamon qit‘aning eng kuchli to‘rt jamoasi saflarida qolmoqda.

Ammo shunda ham o‘tgan ikki oydagi natijalari O‘zbekiston terma jamoasining yaqindagina FIFA reytingida egallagan eng yuqori ko‘rsatkichidan biroz past.

O‘zbekiston 2006 yilda dunyoning manaman degan milliy terma jamoalarini ortda qoldirib, FIFA reytingida 45-o‘rinni egallagan va Osiyoning eng kuchli terma jamoalari orasida kuchli uchlikka kirishga muvaffaq bo‘lgandi.

O‘zbekistonlik futbolchilar 1994 yilgi Osiyo O‘yinlari chempioni bo‘lishlari ortidan qit‘a tarixida bu kabi natijaga erishishmagandi.

Hanuz eng yaxshi ko‘rsatkichlar

O‘z o‘rnida shuni ham ta‘kidlab o‘tish joizki, O‘zbekiston FIFA reytingida qayd etgan so‘nggi natija - Markaziy Osiyo davlatlari orasida hanuz eng yaxshi ko‘rsatkichdir.

Bu oy sakkiz o‘rin yuqoriga ko‘tarilib olgan Turkmaniston 121-o‘rin bilan mintaqada O‘zbekistondan keyin eng yaxshi ko‘rsatkichga erishgan, ikki pog‘ona pastga sakrab, 200-o‘ringa tushib qolgan Qirg‘iziston yana eng yomon natija ko‘rsatgan.

Qozog‘iston hanuz 142-o‘rinda bo‘lsa, Tojikiston uch pog‘ona yuqoriga sakrab, 132-o‘ringa ko‘tarilib olgan.

Boshqa MDH davlatlari bilan taqqoslaganda O‘zbekiston FIFAning so‘nggi reytingida ham Rossiya va Ukrainadan keyin uchinchi o‘rinni egallagan. Rossiya esa, bir pog‘ona pastlab, 10-o‘ringa tushib qolgan. Ammo, shunda ham, bu - MDH davlatlari orasidagi eng yaxshi natija.

FIFAning bu oygi reytingida yana Ispaniya peshqadamlik qilgan. So‘nggi Jahon chempioni ortidan yuqori uchlikni egallab turgan Olmoniya va Argentinalarning ham o‘rinlari o‘zgarishsiz qolgan.

Yangi bosh murabbiysi Luiz Felippe Skolari boshchiligida o‘tgan hafta Angliyaga qarshi o‘rtoqlik uchrashuvini boy berib qo‘ygan kimsan Braziliya esa, yana 18-o‘rin bilan kifoyalanishga majbur bo‘lgan.

Bu - dunyoning eng old jamoalaridan biri bo‘lgan Braziliya o‘z tarixida qayd etgan eng yomon ko‘rsatkich ekani aytilmoqda.

* to'ldirish shart bo'lgan qator

Ушбу мавзуга оид кўпроқ материаллар

BBC © 2014 BBC tashqi sahifalar uchun ma'sul emas.

Ushbu sahifani CSS veb-brauzerida tomosha qilgan ma'qul. Hozirgi veb-brauzeringiz Sizga to'la vizual imkoniyatni bermaydi. Marhamat qilib o'zingizning brauzeringizni CSS veb-brauzeriga yangilash haqida o'ylab ko'ring.