BBC navigation

Muhabbat va she‘riyat so‘zlari...

Сўнгги янгиланиш 18 феврал 2013 - 16:59 GMT

Buxoro Amirlari ovoziga mahliyo bo‘lgan Levi Boboxon

Erta sahar. Quyuq tuman tufayli poyezd derazasidan bir necha metr uzoqlikdagi narsa ko‘rinmaydi.

Va nihoyat quyosh bulutlarni yorib chiqdi. Kuz shu‘lasida yashil, sariq va qizil rangdagi barglar tovlana boshladi.

Men Olmoniya sharqidagi Leyptsig shahriga ketmoqdaman, O‘zbekistonlik musiqa ustasi bilan uchrashish uchun.

Manzilga yetib kelib, beton g‘ishtlardan past qilib qurilgan uylardan o‘taman.

Ko‘chadagi manzarani kuzataman: ikki o‘smir skeytboardda uchmoqda, to‘xtab turgan mashinadan baland pank musiqasi yangraydi.

Ushbu ko‘chadagi uylardan birida meni qarshi olgan 80 yoshli o‘zbek milliy musiqasi ustasi Ali Boboxonov bu yerliklardan farq qiladi.

O‘zbek uyiga kiraverishda yomon nazardan saqlovchi ramzlarga duch kelish oddiy holat. Boboxonov uyi eshigining kesagiga esa yahudiylarning tumori - mezuza osilgan.

Men bu yerga Boboxonovning Buxoro Amiri saroyida musiqachi bo‘lgan bobosi haqida suhbatlashish uchun kelganman.

1873 yili tug‘ilgan Levi Boboxonov yoshlik yillarini hozirgi Turkmanistonning sharqida joylashgan Kerki shahrida o‘tkazgan. O‘sha yillari qo‘shiq aytishga muhabbat shakllangan.

To‘ylarda xonandalik qilib pul ishlash uchun Buxoroga ko‘chib keladi va professional qo‘shiqchi sifatida tan olinishi uchun mahalliy sinagogada ro‘yxatdan o‘tadi.

Buxoro Amiri saroyining yetakchi qo‘shiqchisi Ota Jalol yahudiylar mavzesidan o‘ta turib, Levining ovozini eshitib qolgani taqdirmidi yo tasodif?

Levi ovozining ohangrabosi Ota Jalolni sinagogaga yetaklab keldi. Eshik ochilib, ostonada paydo bo‘lgan sallali kishiga hammaning nazari qadaldi. Lekin u faqatgina Levini izlardi. 20 yoshli yigitdan yana bir bor biron narsa ijro etib berishni so‘radi.

Levi sinagoga derazalarini titratar tarzda kuyladi. Ota jalol saroyga qaytib, Amir Ahad Xonga "topilmasi" haqida aytdi. Uni qo‘shiqchi qilib tarbiyalab, Shashmaqomdan dars beraman, dedi.

Ali Boboxonov bobosidan meros qolgan shashmaqom an‘analarini saqlab qolish yo‘lida ishlamoqda.

Yoshi bir joyga borib qolgan saroy qo‘shiqchisi o‘ziga munosib o‘rinbosar topganidan xursand edi. Balkim Levining yahudiy ekanligi uni quvontirgandi, chunki Ota Jalolning o‘zi chalalardan bo‘lgan deyishadi...(Chala - islomni qabul qilgan yahudiylar)

Buxori Amiri saroyida xizmatda bo‘lgan yahudiylardan o‘z e‘tiqodlaridan voz kechishlari kutilardi. Bu talab saroydagi musiqachi va xonandalarga ham tegishli edi.

Lekin Levi Boboxon o‘z e‘tiqodini saqlab qolish uchun qattiq turdi.

Bag‘ri keng Ahad Xon bunga rozi bo‘ldi. Lekin uning o‘g‘li Olim Xon taxtga o‘tirishi bilan Levini musulmon qilishini aytdi.

"Mayli, bo‘lmasa men qo‘shiq aytishni to‘xtataman, chunki haqiqiy musulmon qo‘shiq aytmaydi", deya javob berdi Levi.

Levining so‘zlari Olim Xonni so‘zidan qaytardi. O‘z otasi singari u ham Levining ovoziga mahliyo edi.

Ustozning saboqlari tufayli Levining ovozi kundan kunga kuchayib, tez orada uzoq-uzoqlarga qadar eshitila oladigan darajaga yetdi.

Aytishlaricha, qishki saroyda kuylayotgan Levining ovozini yozgi saroydagilar bemalol eshitishgan.

Buxori Amiri qo‘shiqchisini shu qadar hurmat qilganki, ular tez-tez birga o‘tirib ovqatlanishgan. Ali Boboxonovga ko‘ra, Amir bilan yahudiy o‘rtasida bu kabi yaqin munosabat avval hech qachon bo‘lmagan.

Lekin 1920 yilga kelib, Qizil Arimiya ishg‘oli ortidan Buxoro Amiri vatanni tark etib Kobulga hijrat qildi.

Sho‘rolar davrida, endilikda Levicha, deya atala boshlagan qo‘shiqchi ijodini davom ettirdi. Faqatgina boshi baloga qolmasligi uchun qo‘shiqlaridagi diniy ramzlarni o‘zgartirib aytardi.

O‘z qo‘shiqlaridagi sufi g‘oyalariga chin dildan sodiq bo‘lgan Levi uchun ateizm og‘ir sinov edi.

1926 yili to‘rt muchali soppa-sog‘ Levi to‘satdan olamdan o‘tgan vaqti uning yaqinlari NKVD tomonidan zaharlangan, deya shubha qilishdi.

10 yil avval Olmoniyaga ko‘chib kelgan Ali Boboxonov esa bobosidan meros qolgan shashmaqom an‘analarini saqlab qolish yo‘lida ishlamoqda.

Musiqashunos Anjelika Jang yordamida bobosining repertuarini tiklashga qodir bo‘ldi.

Ba‘zi kuy va misralarni u yoddan bilardi. Boshqalarini esa tushida ayon bo‘lgan ustozlar aytib berishdi...

Boboxonov qo‘lida eshilayotgan rubob sadosiga quloq tutar ekanman, uning bobosining Amir saroyida yangrayotgan ovozi bir dam qulog‘imga chalingandek bo‘ladi...

* to'ldirish shart bo'lgan qator

BBC © 2014 BBC tashqi sahifalar uchun ma'sul emas.

Ushbu sahifani CSS veb-brauzerida tomosha qilgan ma'qul. Hozirgi veb-brauzeringiz Sizga to'la vizual imkoniyatni bermaydi. Marhamat qilib o'zingizning brauzeringizni CSS veb-brauzeriga yangilash haqida o'ylab ko'ring.