BBC navigation

CNN telekanali: O‘zbekistonda majburiy bolalar mehnati davom etmoqda

Сўнгги янгиланиш 25 феврал 2013 - 12:49 GMT

Amerika Qo‘shma Shtatlaridagi CNN telekanali O‘zbekistondagi majburiy bolalar mehnati mavzusini yoritgan.

CNNga ko‘ra, O‘zbekiston hukumatining majburiy bolalar mehnatiga chek qo‘yishga qarshi kurashayotgani haqidagi bayonotlariga qaramasdan, paxta yig‘im-terimi payti bolalarni dalaga majburan olib chiqish amaliyoti to‘xtamagan, dunyoda O‘zbek paxtasiga boyqot e‘lon qilgan mashhur shirkatlar soni 130 ga yetgan.

Majburiy bolalar mehnatiga qarshi kurash zavod-fabrikalardan savdo markazlariga ko‘chdi. Xaridorlar tobora ko‘proq hozir sotib olayotgan mahsulotlari haqida qayg‘uradigan bo‘lishgan, deb boshlanadi CNN ko‘rsatuvi.

"Bugun oshkoralik zamoni. Va hozir odamlar tarkibida majburiy bolalar mehnati bo‘lmagan mahsulotlarni tanlamoqdalar", deydi Masu‘liyatli Manba Tarmog‘i deb nomlangan tashkilot direktori Patritsiya Yurevich.

CNN O‘zbekistonda majburiy bolalar mehnati hamon davom etayotgani, inson huquqlari vaziyatini kuzatadigan faollar bunday holat haqida axborot tarqatadigan bo‘lsalar, qamoqqa tashlanish xavfi bilan yuzma-yuz kelayotganlarini aytadi.

Amerika telekanali o‘tgan yili noyabr oyida faollar Malohat Eshonqulova va Yelena Urlayeva Qashqadaryo viloyati dalalariga chiqqan paytlari tasvirga olgan videodan foydalangan.

O‘shanda faollar eng yoshi 5 yoshdagi bolalar paxta terishga olib chiqilgani haqida xabar berganlar.

Hozirgi vaziyat haqida taniqli inson huquqlari himoyachisi Yelena Urlayeva CNNga quyidagilarni yozgan:

"Majburiy bolalar mehnatidan Sho‘rolar zamonida keng foydalanilar edi. Mustaqillikning 20 yili davomida ham ahvol o‘zgargani yo‘q. Bolalar va ularning ota-onalariga paxta "oq oltin", mamlakatning milliy faxri deb aytiladi. Kim bu gapga qo‘shilmasa, mamlakat dushmani deb ko‘riladi", deb yozgan Yelena Urlayeva.

O‘zbekiston dalalaridagi majburiy bolalar mehnati haqidagi xabarlar tarqalgach, O‘zbekistonga nisbatan xalqaro bosimlar kuchaydi, O‘zbekiston hukumati majburiy bolalar mehnatini taqiqlashi haqida e‘lon qildi.

Faollar majburiy mehnat amaliyoti bilan bog‘liq ahvol nisbatan yengillashganini, biroq mahalliy amaldorlar yoshi katta talabalarni dalalarga majburlab olib chiqqanlari haqida xabar qilganlar.

CNN paxta dalasida ikki hafta paxta tergan yosh yigit va bolasini dalaga olib chiqmaslik uchun 150 dollar miqdorida pora berishga majburlanganlari haqida gapirib bergan ona so‘zlarini keltiradi.

CNN O‘zbekistonda majburiy bolalar mehnati amaliyoti davom etayotganini hujjatlashtirishga harakat qilgan inson haqlari faollari mamlakat xavfsizlik xizmatlari tomonidan ta‘qib etilishini aytadi, o‘tgan yili Yelena Urlayeva o‘tirgan avtomobilni militsiya ta‘qib etganini xabar qiladi.

CNN mamlakatdagi ushbu vaziyat borasida O‘zbekistonning AQShdagi elchixonasidan izoh so‘ragan.

Elchixona Amerika telekanaliga yozma javob qaytargan.

"Paxta yig‘im-terimiga jalb etilganlar hibsga olingani, do‘pposlangani va tuqunlikda ushlanganlari haqidagi bayonotlar haqiqatga to‘g‘ri kelmaydi. O‘zbek paxtasi a‘lo sifatga ega va bunday bayonotlar O‘zbek ishlab chiqaruvchilari uchun nosog‘lom muhitni yaratish va ularni obro‘sini to‘kish harakatlarining natijasi bo‘lishi mumkin", deyiladi O‘zbekistonning AQShdagi elchiligining Si En Enga yo‘llagan javobida.

O‘zbek elchiligi mamlakatdagi paxtaning 100 foizini fermerlar yetishtirishini aytadi.

Biroq faollar hukumat xarid narxlarini o‘z manfaatini ko‘zlab belgilashini ta‘kidlaydilar.

CNNga ko‘ra, O‘zbek rasmiylari Sovet zamoniga o‘xshagan paxta yig‘im-terimi ortda qolganini, hukumat tufa xillashtirish va o‘zgarishni istayotganini aytadilar.

Biroq faollar bunga ishonmaydilar.

Xyuman Rayts Uotchdan Stiv Sverdlou mamlakat ichkarisida mustaqil xalqaro tashkilotlar bo‘lmagani uchun O‘zek hukumatining majburiy bolalar mehnatiga qarshi kurashayotgani haqidagi bayonotlarini tekshirish qiyinligini aytgan.

CNN O‘zbek paxtasidan ongli ravishda foydalanmaslikka va‘da bergan dunyoga taniqli brandlar soni o‘tgan yili 60 ta bo‘lgan bo‘lsa, bugun ularning soni 130 ga yetganini xabar qiladi.

* to'ldirish shart bo'lgan qator

Ушбу мавзуга оид кўпроқ материаллар

BBC © 2014 BBC tashqi sahifalar uchun ma'sul emas.

Ushbu sahifani CSS veb-brauzerida tomosha qilgan ma'qul. Hozirgi veb-brauzeringiz Sizga to'la vizual imkoniyatni bermaydi. Marhamat qilib o'zingizning brauzeringizni CSS veb-brauzeriga yangilash haqida o'ylab ko'ring.