BBC navigation

ICG: "O‘zbekiston Xitoy uchun mushkul hamkor va muammoli mijoz"

Сўнгги янгиланиш 27 феврал 2013 - 13:44 GMT

Sovet Ittifoqi qulashidan so‘ng Xitoy va Markaziy Osiyo o‘rtasida o‘zaro bog‘liqlik asosidagi aloqalar rivojlana boshlanadi.

Dastlab bu aloqalar ko‘proq iqtisodiy bo‘lgan bo‘lsa, keyinchalik siyosiy va xavfsizlik sohalariga qadar kengaydi, deyiladi Xalqaro Inqiroz Guruhi hisobotida.

Xitoyga Markaziy Osiyodan asosan tabiiy boyliklar keladi. Markaziy Osiyoga esa Xitoydan sarmoyalar keladi: Xitoy yordamida gaz quvur yo‘llari va mintaqani Shinjon Muxtor Viloyati bilan bog‘lovchi transport tizimlari qurilmoqda.

Xitoyda ishlab chiqarilgan arzon mollar mintaqa bozorlarini to‘ldirgan.

Hukumatlar Pekindan mo‘maygina ko‘mak mablag‘larini olib turibdilar.

Xullas ICGga ko‘ra, Markaziy Osiyoda Xitoy ta‘siri va mavjudligi katta sur‘atlarda o‘smoqda.

Tashkilotning aytishicha, hozirda Xitoy mintaqadagi yetakchi iqtisodiy kuch bo‘lsa, bir necha yildan so‘ng AQSh va Rossiyaning ta‘siridan o‘zib ustuvor tashqi kuchga aylanadi.

Xitoyning o‘ziga kelsak, uning asosiy boshog‘rig‘i Qozog‘iston, Qirg‘iziston va Tojikiston bilan 2800 km uzunlikdagi chegaraga ega Shinjondagi xavfsizlik va iqtisodiy rivojlanaish.

Ko‘rinishicha, Xitoy siyosatining asosiy maqsadi Shinjon va Markaziy Osiyo o‘rtasida aloqalarni rivojlantirish ortidan u yerdagi iqtisodiy va siyosiy barqarorlikka erishishdir.

Bu esa o‘z navbatida AQSh qo‘shinlarining Afg‘onistondan chiqarilishi ortidan kutilishi mumkin bo‘lgan salbiy oqibatlardan qalqon sifatida xizmat qilishiga ko‘z tikilmoqda.

Lekin muammo shundaki, deyiladi ICG hisobotida, Markaziy Osiyoning ba‘zi qismlarining o‘zida xavfsizlik va barqarorlik yildan-yilga yomonlashib bormoqda.

Korruptsiya keng tarqalgan, siyosiy doiralar jinoiylashuvi ortib bormoqda, ijtimoiy xizmatlar qulamoqda, xavfsizlik zaiflashmoqda.

Xitoylik tahlilchilar Markaziy Osiyodagi hukumatlar muammolarga yechimdan ko‘ra, ko‘proq muammo tug‘dirayotganliklarini tan ola boshlaganlar.

Bu munosabatlarning yana bir muammoli tomoni bor - u ham bo‘lsa, Xitoyga nisbatan shubhalar allaqachon mavjud bo‘lgan mintaqada uning biznes sohasida tutayotgan yo‘rig‘i.

Xitoy tomonidan yuritilayotgan konlardagi abgor ahvol, korxonlarda ishchilarga bo‘lgan munosabat, xitoylik ishbilarmonlar tomonidan raqiblarni shafqatsiz ravishda va rasmiylarga pora berish orqali siqib chiqarish usullari ana shu xavotirlarga sabab bo‘layotgan omillardan.

Lekin Xitoy intilishlarining huddi ana shu jihatlaridan Markaziy Osiyo hukumatlari ne qadar ogohlar?

Biz bu savol bilan BBC ICG Markaziy Osiyo loyihasi rahbari Diyedre Taynenga murojaat qildi.

Diyedre Taynen: Rostini aytsam, Markaziy osiyo davlatlari Xitoyning bu imidjidan, ya‘ni ko‘p jihatdan o‘zlarining biznes usullarini aks ettiruvchi imidjidan u qadar ham ko‘p ogoh emaslar, deb o‘ylayman. Markaziy Osiyo o‘ta korruptsiyalashgan mintaqa ekanligi ma‘lum. U yerda qonun ustuvorligi, qo‘ni-qo‘shni yoda atrof muhitga, ishchilarga nisbatan ogohlik va g‘amxo‘rlik ustuvor rolni o‘ynamaydi. Xullas Markaziy Osiyo davlatlari Xitoyning biznes yo‘riqlari sohasida o‘zlaridan farq qiladigan yirik jihatlarni ko‘rmaydilar, deb o‘ylayman.

BBC: Lekin Xitoy uchun, xitoy biznesi uchun siz aytayotgan Markaziy Osiyodagi muammoli jihatlar mavjudligi nazarga olinadimi va xavotir uyg‘otadimi?

Diyedre Taynen: Ha ular bundan ogohlar va shirkatlarning masu‘liyati kabi masalalarga e‘tibor qaratish ham foydali va ham foyda keltiruvchi soha ekanligini tushunib yetmoqdalar. Chunki masalan, Qirg‘izistonda xitoyliklar tomonidan yuritiladigan kon atrofida yashovchi aholi bilan munosabatlarda katta muammolar yuzaga keldi. Shuning uchun xitoy biznesida o‘z obro‘si va imidjini yaxshilash, bizneslarga aloqador kishilar bilan munosabatlar darajasini ko‘tarish muhim ekanligini tushunish jarayoni ro‘y bermoqda.

BBC: Bu maumolar ikkala tomonda ham mavjud ekan, bu sohada biron narsa yaxshilanishini kutish mumkinmi? Yoki bu yo‘nalishda pragmatik yondoshuv mavjudmi, ya‘ni ahvolni o‘zgartirish noreal bir narsa ekanligini anglab yetgan holda ish yuritadilarmi?

Diyedre Taynen: Markaziy Osiyo rasmiylari yoki Xitoy tomoni bu borada ochiqchasiga gapirib, muhokama qilishlariga ko‘zim yetmaydi. Lekin amaldagi vaziyatdan, biznes uchun foyda nuqtai nazaridan kelib chiqib, choralar ko‘rilishi kerakligiga qaror qilishlari haqiqatga yaqinroq. Mana qarang, Qirg‘izistondagi kon faoliyati deyarli ikki oyga to‘xtab qoldi, ana shu kabi holatlar ularni o‘zlari ish yuritayotgan mamlakatlarda masu‘liyatliroq yondoshuvni tanlashlariga itaruvchi omillardandir.

BBC: Markaziy Osiyo davlatlari orasida Xitoy bilan eng keng aloqalarga qaysi bir mamlakat ega? Xitoyning mavjudligi qayerda eng ko‘p ko‘zga ko‘rinadi?

Diyedre Taynen: Ularning hammasida Xitoy u yoki bu darjada turli sohalarda mavjud. Masalan, Turkmaniston va Qozog‘istonda Xitoy ko‘proq gaz va neft ishlab chiqarish sohasida faol. Qirg‘izistonda esa Xitoyning iqtisodiy sektorda mavjudligi u qadar katta bo‘lmasa ham xitoy mollarining mamlakat bozorlaridagi salmog‘i va iqtisoddagi roli har yerdagidan ham ko‘proq. Ayniqsa Bishkek va atrofida. Bishkekdagi Dordoy bozori butun mintaqani xitoy mollari bilan ta‘minlovchi bozorga aylangan. Tojikistonda esa xitoy sarmoyasi asosan yo‘llar infrastrukturasi qurilishi sohasida ko‘zga tashlanadi. Tojikiston va Qirg‘izistonning Shinjonga jug‘rofiy yaqinligi bu mintaqalarni jahon bozorlari bilan bog‘laydigan jipslashgan bir nuqtaga aylantirmoqda.

BBC: Xitoyning O‘zbekiston bilan aloqalarini qanday ta‘riflagan bo‘lardingiz. O‘zbekistonning tashqi kuchlar bilan munosabatlari xoh AQSh bo‘lsin, xoh ROssiya hamisha ehtiyotkorona va o‘zgaruvchan bo‘lib kelgan. Xitoyga nisbatan ham shundaymi?

Diyedre Taynen: Ha shunday. Xitoy siz tasvirlagan O‘zbekistonning tashqi aloqalar manzarasini buzmaydi bu sohada. Xitoy nuqtai nazaridan O‘zbekiston ularning qiziqishini eng kam uyg‘otadigan mamlakat. Chunki O‘zbekistonda siyosat va biznes sohasida qonun-qoidalar hamisha o‘zgarib turadi. Biron arzirli sohalar allaqachon mamlakatdagi doiralar tomonidan o‘zaro bo‘lishib olingan. Xullas O‘zbekiston Xitoy uchun mushkul hamkor va muammoli mijoz.

-------------------------------------------------------------------------------------------

Aziz O‘quvchi!

BBC O‘zbek xizmati Sizning fikr va mulohazalaringizga ham o‘rin beradi.

Sahifamizdagi har bir xabar, audio-video materiallar, suratlar va barcha mavzularga doir fikrlaringizni maxsus formadan foydalanib bizga yo‘llashingiz mumkin.

Shuningdek, uzbek@bbc.co.uk elektron pochtamizga maktub yozing.

Biz va dunyo bo‘ylab o‘quvchilarimiz bilan o‘z hikoyalaringiz, suratlar hamda audio-video materiallaringizni baham ko‘ring.

BBC maktublarni tahrir qilish huquqiga ega.

* to'ldirish shart bo'lgan qator

Ушбу мавзуга оид кўпроқ материаллар

BBC © 2014 BBC tashqi sahifalar uchun ma'sul emas.

Ushbu sahifani CSS veb-brauzerida tomosha qilgan ma'qul. Hozirgi veb-brauzeringiz Sizga to'la vizual imkoniyatni bermaydi. Marhamat qilib o'zingizning brauzeringizni CSS veb-brauzeriga yangilash haqida o'ylab ko'ring.