BBC navigation

O‘zbekiston Islomiy Harakatining ashaddiy raqibi 'qora ro‘yxat'da

Сўнгги янгиланиш 27 феврал 2013 - 14:52 GMT

Pokistondagi muxbirimizga ko‘ra, AQSh Davlat departamentining so‘nggi qarori marhum Mulla Nazir guruhini jiddiy xavotirga solmagan

AQSh Davlat departamenti O‘zbekiston Islomiy Harakati va Pokistondagi Tolibon harakatining ashaddiy raqibi bo‘lgan marhum qo‘mondon Mulla Nazir guruhini "xalqaro terrorchi tashqilotlar" ro‘yxatiga kiritdi.

Guruh 2007 yilda O‘zbekiston Islomiy Harakati jangarilariga qarshi jang olib borgan va ularni Pokistonning o‘zlari faoliyat yurituvchi Janubiy Vaziriston mintaqasidan siqib chiqarishga muvaffaq bo‘lgandi.

Ushbu jang ortidan, O‘zbekiston Islomiy Harakati a‘zolari Shimoliy Vaziriston va qo‘shni Afg‘onistonga o‘tishga majbur bo‘lishgandi.

Amerika tomoni o‘zining yaqin ittifoqchisi Pokiston hukumati bilan yaxshi aloqada bo‘lgan marhum Mulla Nazir guruhini jangarilar tayyorlovchi jamloqlarni yuritish, "Al-Qoida" a‘zolariga boshpana berish, Afg‘onistondagi o‘z va ittifoqchilari qo‘shinlariga hujum qilishda ayblagan.

"Qora ro‘yxat"ga tushishi esa, ularga tegishli barcha mulklarning Amerika ixtiyoriga o‘tishi, hisoblari muzlatilishi va Amerika shirkatlari bilan hamkorlik qilishlari taqiqlanishini anglatadi.

Biz so‘nggi yangilikka Pokiston hukumati va guruh a‘zolari o‘zlarining munosabatlarini bilish uchun hamkorimiz Rahimulloh Yusufzay bilan bog‘landik:

JAVOB: So‘nggi xabarga halicha na-da Pokiston hukumati va na-da guruhning o‘zi rasman munosabat bildirganicha yo‘q. Lekin, agar norasmiy xabarlarga qaralsa, AQSh Davlat departamentining so‘nggi qarori ular uchun yangilik bo‘lmagan. Chunki Pokistondagi qator jangari guruhlar bundan avval ham AQSh yoki Birlashgan Millatlar Tashkiloti tomonidan "terrorchi tashkilotlar" ro‘yxatiga kiritilgan. Shuning uchun ham, menimcha, marhum Mulla Nazir guruhi boshlariga shunday kun tushishini bilgan. Lekin ular bu qarorga jiddiy e‘tibor bermayotgan ko‘rinishadi. Guruh a‘zolari chetga safar qilishmagani, bank hisoblari bo‘lmagani va Amerika shirkatlari bilan hamkorlik qilishmagani uchun ular ko‘rajak biror bir chora o‘zlariga jiddiy ta‘sir qilmaydi, degan ishonchda.

SAVOL: Yangi rahbari ostida marhum Mulla Nazir guruhining bugungi qudrati haqida nima deya olasiz?

JAVOB: Ha, rahbarlari Mulla Nazir o‘tgan yil dekabr oyida Amerikaning dron hujumida o‘ldirilganidan buyon guruhga o‘zini Salohiddin Ayyubiy, deb atovchi Bahoval Xon boshchilik qilib keladi. Bahoval Xonning o‘zi halicha biror bir suhbat bergani yo‘q. Uning guruhi Pokistonning qavmlar yashovchi Janubiy Vaziriston mintaqasida joylashgan. Pokiston Tolibon harakatiga hech bir aloqasi bo‘lmagan mustaqil guruh. Jangarilarining aniq soni ma‘lum bo‘lmagani uchun qudrati haqida ishonch bilan bir narsa deyish qiyin. Mingga yaqin a‘zosi bo‘lishi mumkin. Ammo guruh sifatida rasman tashkil topmagan. Ko‘proq zaxirada faoliyat yuritadi. Ya‘ni qachon lozim deb topsa, o‘sha payt faollashadi. Ayrim jangarilari Afg‘onistonda Tolibon isyonchilari saflarida Nato kuchlariga qarshi hujumlar uyushtirib kelishadi.

SAVOL: Bahoval Xon qo‘mondonligi ostida guruhning Afg‘onistondagi faoliyati qanchalik kuchaygani kuzatiladi?

JAVOB: Guruh hozir, hatto, Pokistonning o‘zida ham jimib qolgan. Ya‘ni so‘nggi oylarda biror bir hujum uyushtirgani kuzatilmaydi. Asoschilari, qo‘mondonlari Mulla Nazirni yaqinda yo‘qotishgani uchun jangarilari Afg‘onistonga ham bormay qo‘yishgan. Haliyam shok holatidan chiqishmagan, nazarimda. Bundan tashqari, yangi rahbarlari qo‘mondonligi ostida o‘z faoliyatlarini qayta uyushtirishmoqda. Shu bois ham, joriy bosqichda yangi hujumlarini amalga oshirishayotgani yo‘q. Ustiga ustak, qish. Ular faoliyat yurituvchi mintaqada qish nihoyatda qattiq kechadi. Shu bois ham guruh bu mavsumda u qadar faol bo‘lmaydi.

SAVOL: Yangi qo‘mondoni boshchiligi ostida guruhning ashaddiy raqiblari Pokiston Tolibon harakati va O‘zbekiston Islomiy harakati bilan bugungi aloqalarini qanday baholagan bo‘lardingiz?

JAVOB: Marhum Mulla Nazir guruhining Pokiston Tolibon harakati bilan aloqalari hozir ham juda yomon. Chunki o‘limidan sal avval Mulla Nazir ularni Janubiy Vaziristondan chiqib ketishga majbur qilgandi. Pokiston hukumatining 2009 yilgi harbiy amaliyotlari ortidan Hakimulloh Mahsudning mintaqadan boshpana topgan barcha jangarilarini ham hududdan siqib chiqargandi. Hozir ham bu ikki guruh orasida bir-birlariga ishonch yo‘q. O‘zbekiston Islomiy Harakati bilan ham xuddi shunday. 2007 yilda Mulla Nazir guruhi ularga ham qarshi jang olib borgan va Janubiy Vaziristonni tashlab chiqishga majbur qilgandi. Buning ortidan O‘zbekiston Islomiy Harakati Pokiston Tolibon harakatining o‘sha paytdagi rahbari marhum Baytulloh Mahsudning qanotiga kirgan, Shimoliy Vaziriston va Afg‘onistondan boshpana topishga majbur bo‘lgandi. Sizga shuni aytishim mumkinki, marhum Mulla Nazir guruhi biror bir mahalliy yoki xorijiy jangari guruhi bilan do‘stona aloqada emas.

-------------------------------------------------------------------------------------------

Aziz O‘quvchi!

BBC O‘zbek xizmati Sizning fikr va mulohazalaringizga ham o‘rin beradi.

Sahifamizdagi har bir xabar, audio-video materiallar, suratlar va barcha mavzularga doir fikrlaringizni maxsus formadan foydalanib bizga yo‘llashingiz mumkin.

Shuningdek, uzbek@bbc.co.uk elektron pochtamizga maktub yozing.

Biz va dunyo bo‘ylab o‘quvchilarimiz bilan o‘z hikoyalaringiz, suratlar hamda audio-video materiallaringizni baham ko‘ring.

BBC maktublarni tahrir qilish huquqiga ega.

* to'ldirish shart bo'lgan qator

Ушбу мавзуга оид кўпроқ материаллар

BBC © 2014 BBC tashqi sahifalar uchun ma'sul emas.

Ushbu sahifani CSS veb-brauzerida tomosha qilgan ma'qul. Hozirgi veb-brauzeringiz Sizga to'la vizual imkoniyatni bermaydi. Marhamat qilib o'zingizning brauzeringizni CSS veb-brauzeriga yangilash haqida o'ylab ko'ring.