BBC navigation

O‘zbek futboli: Stadionga yuzni bo‘yab kirish mumkin emas

Сўнгги янгиланиш 27 феврал 2013 - 13:53 GMT

O‘zbekiston Madaniyat va sport ishlari vazirining chiqargan tartib qoidalariga ko‘ra, futbol muxlislari stadionlarga yuzlari va tanalarininng boshqa qismlarini bo‘yab kira olmaydilar.

Bundan tashqari endi stadionga sumka yoki portfel bilan ham kiritilmaydi. Shu vaqtgacha o‘zbek muxlislari stadionga suv bilan qo‘yilmas edi.
Kuzatuvchilar bu kabi taqiqlar stadionga kirishi kamayib borayotgan muxlislarning sonini yanada kamaytirishga qaratilgan chora deya baholamoqda.

O‘zbekiston Respublikasi madaniyat va sport ishlari vaziri Tursunali Qo‘ziyev 2013 yil 22 fevral kuni futbol bo‘yicha o‘tkaziladigan musobaqalarda tomoshabinlarning hatti-harakatlari qoidalarini tasdiqladi.

Hujjatda muxlislarning haq huquqlari va majburiyatlari keltirilib o‘tilgan. Muxlislar orasida keng muhokamalarga sabab bo‘layotgan qoidalardan biri stadionlarga kirishda yuz va tananing boshqa qismlarini bo‘yash ta‘qiqlanishidir.

Madaniyat va sport vazirligidan bu borada izoh olishning imkoni bo‘lmadi. Vazirlik mas‘ullari qoida chiqqanini va bunga amal qilish shartligini uqtirishdi.

Vazir tomonidan tasdiqlangan qoidalar muxlislar va mutaxassislar o‘rtasida turli fikrlarni keltirib chiqardi. Qarshi shahridan Jasur ismli muxlis tanani bo‘yash o‘zbekchilikka to‘g‘ri kelmasdigini aytadi.

"Chet elda bo‘lsa to‘g‘ri keladi, ammo bizning o‘zbekchilikka to‘g‘ri kelmaydi. Muxlis uchun muhimi qo‘llab quvvatlash", dedi Jasur.

O‘zbek futbol ishqibozlari orasiga yuzni bo‘yash va bayroq rasmini solish so‘ng 4-5 yil da kirib kelgan udum ekanligi aytiladi.

Kuzatuvchilar "Bunyodkor" fan klubi tashkil qilinishi ortidan muxlislik madaniyati ham jonlanib va turfa hillik boshlangani aytishadi.

Yuzni bo‘yovchi muxlislar hozircha juda ozchilikni va asosan milliy terma jamoa o‘yini davomida kuzatiladi.

Toshkentdan futbol ishqibozi A‘zamjon yuzga bayroq rasmini chizib olish bilan butunlay bo‘yab tashlash boshqa boshqa narsa ekanligini aytadi.

"Menimcha, yuzini turli bo‘lar bo‘lmas narsaga bo‘yab olishi mumkin, yoki tanib bo‘lmas darajada bo‘yab olib noto‘g‘ri ishlar qilishi mumkin. Shu tomondan bu taqiqni tushunsa bo‘ladi. Lekin bayroqchani kichkina qilib chizib olsa, nazoratchiliar qo‘yib yuboradi, bu yerda muammo bo‘lmasligi kerak", - deydi A‘zamjon.

Toshkentlik muxlis Husan yuzga turli shakllarni chizib olishga ijobiy qaraydi. Unga ko‘ra bu futbolchilarga qo‘shimcha ruh bag‘ishlashi mumkin.

"Bu narsa odamni ruhlantiradi. Fanatlarni, odamlarni, futbolchilarni ko‘proq gol urishga ruhlantiradi. Bu narsalar O‘zbekistonga endi kirib borib, fanatlik rivojlanayotgandi, ammo birdaniga taqiqlab qo‘yishayapti, bu yomon", - deydi Husan.

Futbol sohasida mustaqil jurnalist Bobomurod Abdulla yuzni bo‘yash O‘zbekistonda endi shakllanayotgani uchun bu narsani taqiqlamasa ham bo‘lishini aytadi.

"O‘zbekistonda bayroq ranggiga yuzini bo‘yaydigan futbol muxlisi o‘ntachaga ham yetmasa kerak, kam. Shunday bo‘lganidan keyin taqiqlashning ham kerakgi yo‘q edi. Fan klubning rahbarlari bo‘yar edi", - deydi Bobomurod Abdulla.

Taqiqlar qatorida endi stadionga portfel yoki sumka ko‘tarib kirish ham kiritilgan. Jurnalist Bobomurod Abdulla bu kabi qarorlar odatda xavfsizlikni ta‘minlash bilan izohlanishini aytadi.

Ammo unga ko‘ra, xavfsizlikni ta‘minlash uchun boshqa chora tadbirlar ko‘rish lozim.

"Xavfsizlik chorasi ko‘rilgan joyda, misol uchun Ovropalarda shisha stakanlarda suv ichishadi, ularda kamdan kam holatda narsa uloqtiradi, bizda uloqtiradi. Chunki bizda xavfsizlik masalasi talab darajasida emas. Sektorlarga kameralar o‘rnatilmagan. Militsiyalar ham faqat turishadi, hech vazifa bajarishmaydi. Xavfsizlik masalalarini stuardlarga berish kerak, ammo buni biznikilar ko‘tarolmaydi", - deydi Bobomurod Abdulla.

Kuzatuvchilar bu kabi ta‘qiqlar shundoq ham bo‘shab yotgan stadionlardan muxlislarni yanada qochirishi mumkinligini aytishadi.

Stadionlarga hatto plastik idishlarda ham suv olib kirish mumkin emas.

Statistikaga ko‘ra, o‘zbek stadionlariga muxlislarning tashrif soni yildan yilga tushmoqda.

2011 yili stadionlarga o‘rtacha 7 mingga yaqin odam kirgan bo‘lsa 2012 yili bu ko‘rsatgich 5 400 ga tushib ketgan. Hattoki Osiyo miqyosidagi xalqaro musobaqalarda ishtirok etayotgan klublarning o‘yini ham to‘liq stadionda o‘tmaydi.

Jurnalist Bobomurod Abdulla ko‘ra bu kabi chora tadbirlar odamlarning bir joyda to‘planishini oldini olish uchun va stadionga kamroq muxlis tushishi uchun atayin uyushtirilmoqda.

"Meni o‘ylashimcha, bularga ko‘p muxlis tushishi keragi ham yo‘q. Ko‘p odam bir joyga to‘plansa nimadan xavotir olishlarini bilasiz. O‘shaning uchun hamma narsa muxlislarni kamaytirishga va futbolga kam kirishini ta‘minlash uchun qilinmoqda", - deydi Bobomurod Abdulla.

-------------------------------------------------------------------------------------------

Aziz O‘quvchi!

BBC O‘zbek xizmati Sizning fikr va mulohazalaringizga ham o‘rin beradi.

Sahifamizdagi har bir xabar, audio-video materiallar, suratlar va barcha mavzularga doir fikrlaringizni maxsus formadan foydalanib bizga yo‘llashingiz mumkin.

Shuningdek, uzbek@bbc.co.uk elektron pochtamizga maktub yozing.

Biz va dunyo bo‘ylab o‘quvchilarimiz bilan o‘z hikoyalaringiz, suratlar hamda audio-video materiallaringizni baham ko‘ring.

BBC maktublarni tahrir qilish huquqiga ega.

* to'ldirish shart bo'lgan qator

Ушбу мавзуга оид кўпроқ материаллар

BBC © 2014 BBC tashqi sahifalar uchun ma'sul emas.

Ushbu sahifani CSS veb-brauzerida tomosha qilgan ma'qul. Hozirgi veb-brauzeringiz Sizga to'la vizual imkoniyatni bermaydi. Marhamat qilib o'zingizning brauzeringizni CSS veb-brauzeriga yangilash haqida o'ylab ko'ring.