BBC navigation

"Hayotdan butkul umidimni uzib qo‘yganman..."

Сўнгги янгиланиш 28 феврал 2013 - 15:13 GMT

Hindiston aholisining soni bir milliarddan oshsa, 300 mingdan ortiqrog‘ining kambag‘allikda yashashi aytiladi. Bu - 70-yillardan boshlab, 2004 yilgacha nochorlar sonini yarmidan ko‘prog‘iga kamaytirishga erishish ortidan kuzatilayotgan raqam:

Hozir Hindiston aholisining qariyb uchdan bir qismi qashshoqlikda hayot kechirsa, ulardan aksariyati qishloq hududlarida hayot kechirishadi. Ya‘ni qishloq aholisining har uchtadan bittasi surunkali nochorlikdan azob chekadi. Shunda ham, qishloq odamlari orasida quyi tabaqaga mansublari orasida qashshoqlik hollari o‘ta yuqori ekan. Kambag‘al aholisining aksariyati mamlakatning yarim-cho‘l mintaqalarida hayot kechirishadi. Suv taqchilligi va qurg‘oqchilik hollari esa, ularning dehqonchilik orqasidan kun ko‘rishlarini qiyinlashtirgan. Bundan tashqari, suv toshqinlari ham Hindistonda kambag‘allar sonining ortishiga xizmat qilmay qolmagan.

Oilasi bilan o‘ta nochorlikda kun kechirishini aytayotgan Muhammad Hafizul Hindistonning shimoliy Bihar shtatida hayot kechiradi. Muxbirimiz Manikant Thakur ular yashayotgan uyga safar qilib, bugungi hayotlari bilan qiziqqan:

Men Bihar shtatida joylashgan Patna shahri markazidagi xarobazordaman. Xarobazor bir badavlat odamning eski qal‘asi atrofida joylashgan. Bu yerdagi aksariyat oilalar qashshoqlikda yashashadi, erkaklari reksha haydab yoki hammollik qilib, topib kelayotgan uch-to‘rt tanga pulga tirikchilik qilishadi. Ayollari esa, ko‘p hollarda birovlarning uyini tozalab, ovqatini qilib, shuning orqasidan erlariga biroz yordam qilishadi. Xarobazordagi bir-biriga taqalib ketgan pastqam kulbalar paxsadan tiklangan yoki turli yog‘ochlardan qo‘lbola qilib qurilgan. Bu yer nochorlik va maishiy zo‘ravonliklar girdobiga botgan. Men bugungi hayotlarini bilish uchun mahalliy yashovchilardan ayrimlarini suhbatga chorlayman:

Mening ismim Muhammad Hafizul, ota-onam asli qishloqlik: Ular juda yoshligimizda o‘lib ketishgan. Tirikchilik ilinjida bolalar hammamiz har yoqqa sochilib ketdik. Men bu yerga keldim. Lekin qashshoq ekanim bois, cho‘ntagimda bir mirim ham yo‘q. Boshim esa, tashvishga botgan. Nochorligim sabab, hatto, bolalarimni o‘qitishga holim yo‘q. Ko‘rib turganingiz mana shu kulba ham o‘zimniki emas. Oilam bilan uni ijaraga olganmiz. Shu katalakdek hujrada ayolim va bolalarim bilan 35 yildan buyon birga yashayman. Oyiga 800 rupiy ijara haqi to‘layman. Bu - 8 funt sterling degani. Tirikchiligimizni amal-taqal qilib o‘tkazamiz. Buni hayot deb bo‘lmaydi. Ammo bundan o‘zga choramiz yo‘q. To‘rt bolam bor, to‘ng‘ich o‘g‘limni uylantirganman. Ikkita nabiram ham bor. Hozir shu o‘g‘lim biroz pul ishlab, yonimga kirgan. O‘zim tikuvchilik qilaman. Kuniga 50 rupiydan 200 rupiygacha ishlashim mumkin. Bu ko‘p deganda 2 AQSh dollari degani. Shu pulga 8 kishini boqaman. Ro‘zg‘orimiz amallab o‘tadi. Shuning uchun ham, gardanimgacha qarzga botib ketganman. Chunki olgan qarzni foizi bilan qaytarishni ayting. Shu sabab, qarzlarim cho‘zilgandan cho‘zilib ketgan. Keti ko‘rinmaydi. Hayotdan butkul umidimni uzib qo‘yganman. Hech narsa kutmayman ham. Qarzimni to‘lolmaganim uchun, “O‘ldiraman”, degan tahdidlarni aytmaysizmi?..O‘z joningga qasd qilging kelib ketadi. Lekin oilangni o‘ylaysan. Chidashdan o‘zga chorang qolmaydi. Men ko‘plab hukumat idorlariga bosh urib bordim. Ammo hech kim qiyo ham boqqani, yordam ham bergani yo‘q. Agar ozgina ko‘mak berishganida oyoqqa turib ketardik. Mahalliy mulozimlarning bir-ikki yumushlariga tekin qarashib ham berdim, xizmatlarini qildim. Ammo inobatga olishmadi – menga ish berishmaydi. Ishsiz bo‘lganingdan keyin sho‘ring ham qurirkan...Xotinim avval birovlarning uyidagi xizmatini qilib, ovqatini pishirardi. Hozir bu ham yo‘q. Bolalarimizni juda katta qiyinchilik bila katta qilayapmiz. O‘qitishga pulimiz yo‘qligidan yettini ham tugatisha olgani yo‘q. Ularning oliy tahsil olishlarini qanchalik istardim. Hammasiga pul kerak. Bir qarz olsam, to‘lashimga uch-to‘rt yil ketadi. Shunchalik qashshoq ekanimga qaramay, hukumatning yordam dasturiga ham tusholganim yo‘q. Chunki qo‘limda qashshoqligimni isbotlovchi hujjat yo‘q. Men necha marotabalab lozim formalarni to‘ldirdim. Ammo birov e‘tibor bergani yo‘q. Bunga bunga mulozimlar barchasining poraxo‘r bo‘lib ketishgani sababmi, bilmadim. Ota-onamdan ham hech narsa qolmagan. Sotib, tirikchilik qilay desam, biror bir mol-mulkim yo‘q.

Jiyani: Hayotimiz juda og‘ir. To‘rt tanga pul topish uchun duch kelgan yumushni qilamiz: - sabzavot ham sotamiz, odamlarning uylarini ham tozalaymiz, hammollik ham qilamiz, hech qanday ishdan qochmaymiz. Doimiy daromad manbaimiz yo‘q. Agar o‘z tijoratimizni boshlashimiz uchun hukumat ozgina mablag‘ berganida edi, juda yaxshi bo‘lardi. Lekin shu paytgacha ulardan hech qanday yordam ololganimiz yo‘q. Uyimizdagi hamma qatori men ham maktabni tugatolmaganman. Hammasiga aybdor – hukumat. Chunki ular bizning muammolarimizdan boxabar bo‘lishlari, ko‘rishlari kerak. Aksincha, boylar yanada boyib ketayapti, qashshoqlar esa, kuyin sayin nochorlashib...Boylar bizni mensishmaydi, hatto, odam o‘rnida ko‘rishmaydi. Biz yaxshi hayotga umid ham qilmay qo‘yganmiz. Nimamiz borki, umid qilsak...Faqat osmono‘par binolar va boyvachchalarga qarab havas qilamiz, xolos. Boshqa choramiz yo‘q. Nochorlik – jinoyatchilikning urchishi, aroqxo‘rlik va bangilikka sabab bo‘lmoqda. Ya‘ni bizning hayotimiz va muammolarimiz ortidan ham kimlardir boyib bormoqda. Yaqin-atrofimizda birorta ham maktab yo‘q, bolalarning hammasi bekorchilikdan ko‘cha bolasi bo‘lib ketishgan, shu bois, o‘zlarini hamma baloga urishadi.

Farzona xotin (rafiqasi): Hayotimiz juda og‘ir. Men xizmatkorlik ham, oshpazlik ham qilganman bolalarimni boqish uchun. Kuniga faqat bir marotaba ichiimizga issiq kiradi, xolos. Bir tiyin ham asrab qo‘yolmayman. Topgan pulimiz topgan ketadi.

Muhammad Hafizul: Hayotimda lazzat nimaligini bilmayman, hatto, bayramlar ham bizga tatimaydi. Bunga sabab - qashshoqlik. Xasta bo‘lsak, hayotimiz bundan battar bo‘ladi. Hayotim yaxshi tomonga o‘zgarishiga umid qilmayman.

Muxbirimizga ko‘ra, bu –Hindistondagi millionlab qashshoqlar hikoyasi.

So‘nggi yillarda Hindiston iqtisodi jadallik bilan rivojlanayotgan esa-da, qashshoq aholisining mamlakat moliyaviy resurslari yoki yirik shirkatlar hissalariga imkoniyatlari yo‘q. Nochorlar orasida savodsizlik darajasi o‘ta yuqori, tibbiy va turli ijtimoiy xizmatlardan deyarli mosuvolar. Qishloq hududlariga zamonaviy texnologiya kirib kelmagan. Ishsizlik darajasi o‘ta yuqori. Ichki muhojirlik nihoyatda kuchaygan. Hind hukumati qashshoqlar hayotini biroz yengillatishi mumkin bo‘lgan kichik tadbirkorlik loyihalariga endi, endi e‘tibor qaratmoqda. BBC Hind Xizmati muharriri Rajesh Priyadarshi Hindistonda qashshoqlik bilan bog‘liq muammo nega hanuz o‘z dolzarbligini yo‘qotmayotgani sabablarini quyidagicha izohlaydi:

JAVOB: Hindistonda hanuz keng quloch yoygan kambag‘allik muammosining asosiy sababi - mamlakat boyliklarining noteng taqsimoti bilan bog‘liq. Barcha boylik mamlakat aholisining bir yoki ikki foizi qo‘lida to‘plangan. Agar, ta‘bir joiz bo‘lsa, bugun boylar yanada boyib bormoqda, kambag‘allar esa, yanada qashshoqlashib bormoqda.

SAVOL: Sizning nazaringizda Hindistonda nega bu kabi vaziyat shakllangan?

JAVOB: Buning sabablari ko‘p. Hindiston hukumati 1992 yildan boshlab rivojlanishning kapitalistik liberallashuv yo‘lini tanladi. Va buning ortidan, hukumat ijtimoiy ta‘minot tizimidan asta-sekinlik bilan voz kechmoqda. Ushbu tizim aholining kambag‘al qatlamini maxsus do‘konlar yordamida zarur oziq-ovqat mahsulotlari bilan ta‘minlashni ko‘zda tutardi. Endi esa, hukumat hammani boqish o‘zining vazifasi emasligi, buning o‘rniga, odamlar ishlab, o‘zlarini boqa oluvchi iqtisodni yaratish istagida ekanini aytmoqda. Shuning uchun ham, Hindiston hozir o‘ziga xos o‘tish bosqichini boshdan kechirmoqda. Markazlashgan iqtisoddan to‘liq kapitalistik shaklidagisiga o‘tmoqda. Bu jarayon esa, o‘ziga xos qiyinchiliklar, mushkulotlar bilan kechmoqda.

SAVOL: Bu endi aholining boyishiga xizmat qilayaptimi yoki qashshoqlashuviga?

JAVOB: Hindiston hukumatining aytishicha, kambag‘allarning soni kamayib, odamlar boyib borishmoqda. Mulozimlar o‘rtacha milliy daromad miqdori ham ortib borayotgani, olib borayotgan siyosatlari to‘g‘ri ekanini ta‘kidlashadi. Ammo mamlakat ko‘lami va aholisi sonining qanchalik ko‘pligi nazarda tutilsa, bu - ummonga bir tomchi...Chunki agar aholining bir necha foizi qashshoq, deydigan bo‘lsak ham, bu - Hindiston misolida bir necha million kishini anglatadi. Xuddi shuning uchun ham bugun Hindiston aholisining katta qismi qashshoq desak, mubolag‘a bo‘lmaydi.

SAVOL: Shunday ekan, Hindiston hukumati ularning og‘irlarini yengil qilish uchun biror bir maxsus dasturlarni yo‘lga qo‘yganmi?

JAVOB: To‘g‘ri, hukumat bir qancha dasturlarga qo‘l urgan. Agar bu xususda vazirlarga murojaat etsangiz, qishloq aholisini ish, uy-joy bilan ta‘minlashga qaratilgan davlat barnomalarini amalga oshirayotganliklarini aytishadi. Lekin amalda ularning barchasi korruptsiyaga botib ketgan, to‘g‘ri boshqarilmaydi, loqaydona munosabat qilinadi va kuchli siyosiy istak-xohish ham yo‘q. Hukumat esa, ko‘proq mamlakatning yirik shaharlarida yashovchi o‘rta tabaqaning so‘ziga, ehtiyojlariga quloq tutadi. Agar ular ko‘chaga chiqib, nimanidir talab etishsa, hukumat buni bir necha soat yoki bir kunning o‘zida hal etadi. Xuddi shunday manzarada aholining kambag‘al qatlami o‘zini hukumatning e‘tiboridan butkul chetda qolgandek his etadi.

SAVOL: U holda ana shu kambag‘al aholining bu kabi vaziyatga munosabati qanday? Ularning orasida bugun qanday kayfiyat hukmron?

JAVOB: Mamlakat kambag‘al aholisining orasida hafsalasi pir bo‘lganlik, norozilik tuyg‘ulari keng tarqalgan. Bu Hindistonda kechayotgan turli namoyishlar ko‘rinishida ham aks etadi. Lekin, shu bilan bir qatorda, aholi orasida yaxshi kunga bo‘lgan umid bor. Ya‘ni kambag‘al aholi butkul umidsizlikka tushib olmagan. Quyi o‘rta tabaqa va quyi tabaqaga mansub odamlar vaqti kelib, o‘z ahvollarining o‘nglanishiga ishonishadi. Iqtisodiy sharoitlarini yaxshilash uchun qo‘llaridan kelgancha harakat ham qilishmoqda. Kichikroq bo‘lsa ham, ish topish umidida katta shaharlarga ketishmoqda. Minglab qashshoqlari esa, har kuni faqat qorinlariga qandaydir yegulik topish ilinjida Dehli, Mumbay va Bangalorga borishadi. Ammo bu - oson ish emas. Boshqa tomondan, mamlakatda inflyatsiya darajasi ham yuqori.

SAVOL: Shunday bir vaziyatda ularning ahvollarini yengillatishi mumkin bo‘lgan samarali choralarni, deylik, siz nimalarda ko‘rasiz?

JAVOB: Bilasizmi, buning uchun Hindistonda hamma narsa mavjud - siyosat, hukumat tizimlari...Ammo ular amalda to‘liq hayotga tadbiq etilmayapti. Kambag‘allikni aritish uchun hukumat yanada qat‘iyat va samarali ish olib borishi taqozo etiladi, nazarimda.

-------------------------------------------------------------------------------------------

Aziz O‘quvchi!

BBC O‘zbek xizmati Sizning fikr va mulohazalaringizga ham o‘rin beradi.

Sahifamizdagi har bir xabar, audio-video materiallar, suratlar va barcha mavzularga doir fikrlaringizni maxsus formadan foydalanib bizga yo‘llashingiz mumkin.

Shuningdek, uzbek@bbc.co.uk elektron pochtamizga maktub yozing.

Biz va dunyo bo‘ylab o‘quvchilarimiz bilan o‘z hikoyalaringiz, suratlar hamda audio-video materiallaringizni baham ko‘ring.

BBC maktublarni tahrir qilish huquqiga ega.

* to'ldirish shart bo'lgan qator

BBC © 2014 BBC tashqi sahifalar uchun ma'sul emas.

Ushbu sahifani CSS veb-brauzerida tomosha qilgan ma'qul. Hozirgi veb-brauzeringiz Sizga to'la vizual imkoniyatni bermaydi. Marhamat qilib o'zingizning brauzeringizni CSS veb-brauzeriga yangilash haqida o'ylab ko'ring.