BBC navigation

Qirg‘izistondagi "Qumtor" oltin koni omon qoladimi?

Сўнгги янгиланиш 28 феврал 2013 - 16:00 GMT

Qirg‘izsiton parlamentida Kanadaning Centerra Gold shirkati tomonidan yuritiluvchi "Qumtor" oltin koni faoliyati mamlakat iqtisodi va atrof muhitga zarar yetkazayotganligini borasidagi masala ko‘rib chiqilmoqda.

"Qumtor" faoliyatini tekshirish uchun maxsus tashkil etilgan komissiya rahbari, Iqtisod vaziri Timur Sariyev Centerra Gold bilan imzolangan kelishuv davlat manfaatlariga zid ravishda tuzilgani va shirkat faoliyatida ko‘plab qonunbuzarliklar mavjudligini aytgan.

Aytilishicha, Qirg‘iziston hukumati konni yuritish ishlarini endilikda butunlay o‘z qo‘liga olishga harakat qilmoqda va bu yo‘lda lozim bo‘lsa xalqaro arbitrajga murojaat qilishi mumkin.

Davlat komissiyasi ma‘lumotiga binoan, "Qumtor" oltin konini ishlatish buyicha xorijiy shirkat bilan 1992 yilda imzolangan kelishuvga muvofiq 2007 yildan konni boshqarish vazifasi Kirg‘iziston tomoniga o‘tkazilishi lozim edi.

Lekin Qirg‘izistoning o‘sha davrdagi hukumati maxfiy holda Centerra Gold bilan yangi kelishuv tuzgan.

Bu yangi kelishuvga binoan Qirg‘izistonning loyihadagi ulushi 67 foizdan 33 foizga, ya‘ni ikki barabarga pasaytirilgan.

Adliya vaziri Almambet Shikmamatovning aytishicha, shuningdek Qirg‘iziston hukumati konni boshkarishdan butunlay chetlatilgan va foyda ko‘rish o‘rniga aksincha, jiddiy zarar ko‘ra boshlagan.

Qirg‘iziston Oliy Kengashi Centerra Gold bilan bu yangi kelishuvga poraxo‘rlik asosida erishilgani, shuning uchun sobiq prezidentlar Askar Aqayev bilan Kurmanbek Bakiyev va sobiq Bosh Vazir Nikolay Tanayevga nisbatan ayblovlar ilgari surilishi lozimligini aytmoqda.

Ekologik va Texnik Xavfsizlik Davlat Inspektsiyasi rahbari Usmon Ortiqboyevning aytishicha, konni ishlatishda xorijiy hamkorlar Qirg‘iziston tabiatiga juda katta zarar yetkazishgan.

Inspektsiya rahbariga ko‘ra, yetkazilgan zarar 140 million AQSh dollariga tengdir.

Qirg‘iziston Parlamentida ikki kun davom etgan muhokamalar natijasida hukumatga uch oy mobaynida Centerra Gold bilan yangi kelishuvni ishlab chiqarish vazifasi topshirilgan.

Parlament a‘zolariga ko‘ra, agarda Centerra Gold bilan yangi kelishuvga erishilmasa dastlabki bitim butunlay bekor qilinadi.

Qirg‘iziston Bosh Prokuraturasi "Qumtor" oltin konini ishlatish haqida kelishuvlar imzolangan vaqtda ro‘y bergan korruptsiya hollari borasida jinoiy ish qo‘zg‘agan.

Fevral oyi o‘rtasida Centerra Gold shirkatining Prezidenti Yan Atkinson Bishkekka kelib, Bosh Vazir Jontura Sotiboldiyev bilan muzokarlar o‘tkazgandi.

Janob Atkinson Qirg‘iziston bilan bundan 20 yil avval erishilgan kelishuvlarni bekor qilish va Qirg‘iziston hukumati ilgari surayotgan talablarni qondirish juda mushkul ekanligini bildirgan.

-------------------------------------------------------------------------------------------

Aziz O‘quvchi!

BBC O‘zbek xizmati Sizning fikr va mulohazalaringizga ham o‘rin beradi.

Sahifamizdagi har bir xabar, audio-video materiallar, suratlar va barcha mavzularga doir fikrlaringizni maxsus formadan foydalanib bizga yo‘llashingiz mumkin.

Shuningdek, uzbek@bbc.co.uk elektron pochtamizga maktub yozing.

Biz va dunyo bo‘ylab o‘quvchilarimiz bilan o‘z hikoyalaringiz, suratlar hamda audio-video materiallaringizni baham ko‘ring.

BBC maktublarni tahrir qilish huquqiga ega.

* to'ldirish shart bo'lgan qator

BBC © 2014 BBC tashqi sahifalar uchun ma'sul emas.

Ushbu sahifani CSS veb-brauzerida tomosha qilgan ma'qul. Hozirgi veb-brauzeringiz Sizga to'la vizual imkoniyatni bermaydi. Marhamat qilib o'zingizning brauzeringizni CSS veb-brauzeriga yangilash haqida o'ylab ko'ring.