BBC navigation

"Qorningizni tikib qo‘yishning iloji yo‘q ekan..."

Сўнгги янгиланиш 28 феврал 2013 - 14:25 GMT

So‘nggi yillarda iqtisodi biroz jonlanayotganiga qaramay, Qirg‘iziston hanuz dunyodagi eng qashshoq davlatlardan biri sifatida qolmoqda. Yaqinda e‘lon qilingan rasmiy ma‘lumotlarga qaralganda ham, mamlakat aholisining uchdan bir qismidan ortiqrog‘i kambag‘allikda hayot kechiradi. Birlashgan Millatlar Tashkilotiga ko‘ra, faqat so‘nggi ikki yilning o‘zida Qirg‘izistonda kambag‘allar soni olti foizga ortgan. Kuzatuvchilar, agar chetda mehnat muhojirligida band aholi yuborayotgan mablag‘lar bo‘lmasa, Qirg‘izistondagi yana minglab oilalar hozirgidan ham og‘ir ahvolga tushib qolgan bo‘lishlarini ta‘kidlashadi:

Bu yerda ham kambag‘al aholining aksariyati qishloq hududlarida hayot kechirishadi va asosan chorvachilik bilan shug‘ullanishadi. Qirg‘iziston aholisining yarmidan ko‘prog‘i qishloq xo‘jaligida band esa-da, erkin bozor iqtisodiyotiga o‘tish sohada og‘ir kechgani va kambag‘allikning kuchayishiga xizmat qilgani aytiladi. Qishloq xo‘jaligida o‘tkazilgan so‘nggi islohotlar samarali bo‘lgan, hosildor yerlarning katta qismi odamlarga bo‘lib berilganiga qaramay, dehqon va fermerlar malakasining pastligi ularni kambag‘allikdan xalos eta olmagan. So‘nggi xalqaro tadqiqotlar esa, bugungi kunda Qirg‘iziston aholisi bir milliondan ortiqrog‘ining, hattoki, asosiy oziq-ovqat mahsulotlariga imkonsiz ekanliklarini ko‘rsatmoqda. Mahalliy faollarga ko‘ra, Qirg‘izistonning, ayniqsa, yaqinda qonli milliy nizolarga sahna bo‘lgan janubida vaziyat nihoyatda abgor:

Turmush o‘rtog‘i 2010 yilgi etnik zo‘ravonliklar jabrdiydasi bo‘lgan Manzura opa (ism-shariflari o‘zgartirilgan) uch yildirki 9 jondan iborat oilasini yolg‘iz o‘zi boqadi. Uyi yaqinidagi hammomda xodima bo‘lib ishlaydi. Manzura opaning aytishicha, oyiga bor-yo‘g‘i 3.000 som (70 AQSh dollariga yaqin) maosh oladi:

Ўшлик Манзура опа

Маҳаллий ҳаммомларнинг бирида ходима.

Тинглашmp3

Муқобил медиа плейерда ўйналсинми

"Bitta ko‘ylakni yuvib, yuvib kiysa bo‘laverarkan, ammo qorningizni tikib qo‘yishning iloji yo‘q ekan. Bir kilo kartoshka 30 som bo‘libdi. Hammomdagilar qiynaliyapsizlar ekan deb, besh-o‘n som pul berishadi. Ana shunga non olaman, choy olaman, bir amallab eplayapman. Bozorda hamma narsa qimmat, aytolmayman qolganini", derkan Manzura opa yig‘lab yuboradi.

Opaning aytishicha, qonli nizolar chog‘ida erini uydan olib chiqib ketib, boshiga rosa urishgan va o‘shandan buyon nogiron bo‘lib qolgan. Shu bois ham, biror yerda ishlolmaydi:

"Bolalarim endi 16 yoshga kirishdi. Hali 9-sinfda o‘qishadi. Qish kirib, hozir ishlar ham yo‘q. Yozi bilan qurilishlarda ishlab, biroz ko‘mak qilishdi. Juda qiynalib qolsak, qarz olaman. Hoji akamiz yaxshi, uncha-muncha berib turadi, non pulimiz chiqib turadi jindek-jindek. Ammo shuyam yetmayapti, ustimizga qilsam, qornimizga yo‘q, qornimizga qilmaslikning esa, iloji yo‘q. Yeganimiz kartoshka va makaron. Go‘sht, guruch umuman ololmaymiz. Chunki pulimiz yetmaydi-da. Go‘shtning puliga kartoshkani ko‘p, ko‘p olaman, oq yog‘ olib qo‘yganman, bolalarim bechoralar ham qovurib, qovurib yeyishadi. Meva-chevani gapirmang, voy, eng arzoni makaron, guruchning bir kilosi 100 somdan oshiq ekan, uning puliga uch xil makaron olib chiqib qo‘yaman, o‘shandayam, "Jindek, jindek sol, bolam, deb kunimiz o‘tayapti". Endi nima qilamiz, dardimizni kimga aytamiz", deydi Manzura opa.

Opa do‘xtirga borish ham palon pul ekani, shu bois, biror bir yerlari og‘risa, biroz hapdori ichib olib, yig‘lab, yig‘lab kunlari o‘tayotganini aytadi:

"Qishning qahraton sovug‘ida ko‘mirimiz yo‘q, o‘tinimiz yo‘q. Tok bilan jindek pechkani yoqib olamiz, ovqatni qilib olamiz, chiroq ham bir o‘chib, bir yonib turibdi, bir amallab eplayapmiz. Oylik chiqqanda, besh yuzi "svet"ga, besh yuzi suvga ketadi. Yeyish-ichishimizga bor-yo‘g‘i 2.000 som qoladi. To‘rtta non olib kelsam, bir kunga yetmaydi. Qattiq nonni bostirib qo‘yganmiz, o‘shani yeb o‘tiribmiz-da, nima qilaylik?...

Manzura opaning aytishicha, mahalliy mas‘ullarning yordamlaridan ham allaqachon umid uzib qo‘yishgan:

"Biz Qizil qishloqqa qaraymiz, bordim, borsam, "Uy solib berdik sizlarga, boshqa iloji yo‘q, hadeb kelaverasizlarmi, bo‘ldi endi, Xudoga shukr qilinglar, o‘lmay qolganlaringga shukr", degandi, bizning o‘zbekchilikda bilasiz, uyalamiz, "Bo‘pti", deb qaytib keldim. Shu, shu hech kimdan yordam so‘raganim yo‘q. O‘zlariyam ko‘mak beraylik, deb kelishayotgani yo‘q", deydi opaxon.

Manzura opa, eng so‘nggida, tok o‘chmay turib, bahorga chiqib olishsa, bolalari qurilishlarda ishlab, og‘izlariga jindek bo‘lsa ham moy tegishiga umid qilayotganini aytadi.

Mahalliy faollarga ko‘ra, qirg‘indan ikki yil o‘tib ham, aksariyat jabrdiyda oilalar hanuz har tomonlama yordamga muhtojlar. Ularning aytishlaricha, qorni nonga to‘ymagan odamlar juda ko‘p va ularning ko‘pchiligi haliyam ishsiz. Qirg‘izistonlik mas‘ullarga ko‘ra, o‘sha yil iyun oyida mamlakatning janubiy mintaqalarida kechgan milliy zo‘ravonliklar oqibatida o‘n minglab ish o‘rinlari yo‘qotilgan. Mamlakat janubidagi o‘zbeklar asosan tijorat bilan shug‘ullanib kelishgan. Do‘kon, nonvoyxona, turli kichik korxonalarni yuritib, shuning orqasidan daromad qilishgan. Ammo iyun oyidagi qonli zo‘ravonliklar chog‘ida ularning aksariyati vayron etilgan yoki o‘t qo‘yilgan. Mahalliy faollarning aytishlaricha, bugun na-da qirg‘iz hukumati va na-da xalqaro yordam tashkilotlari o‘zlariga ko‘mak berishayotir:

"Iyun qirg‘ini jabrdiydalariga shu kungacha ko‘mak berishga harakat qilayotgan bo‘lsak-da, hozir yordamlar to‘xtagan. Yordam to‘xtagandan keyin ularning ahvollari og‘ir. Hozir ko‘rayapsiz qish, sovuq, oziq-ovqatlar qimmat, un yana qimmat, bugungi yashashlari, "Kunim o‘tsa bo‘ldi-da", bo‘lib qolgan. Bugun iyun qirg‘inidan jabr ko‘rgan oilalarning qariyb 70 foizi yordamga muhtoj", deydi o‘shlik faollardan biri.

Faol opaxonning aytishicha, "Jabrdiydalar bugun, ayniqsa, tibbiy yordam, un, yog‘, ko‘mir va o‘tinga muhtoj":

"Ko‘pchilikning kuni bolalar, yetimlarga berilayotgan imtiyoz va nafaqa pullariga qarab qolgan. O‘sha pullarni ham vaqtida bermaydi. Och qolmaylik deb, odamlar o‘sha nafaqa pullarini oyning boshidan oxirigacha yetkazishga harakat qilishadi. Ustiga ustak, o‘zbek xonadonlarining serfarzandligini ayting. Uylarida yo‘q deganda ikkita bola bor. Ularning farzandlari, ya‘ni nevaralar bilan sonlari besh-oltitaga yetib qoladi. Agar oyiga 3.000 som topadigan bo‘lishsa, shuncha odamga qanday qilib yetkazishsin! Ularga don kerak, suv kerak, tokka pul kerak, ko‘mirga kerak, qanday yetadi, o‘zingiz hisoblang...".

O‘shlik faolga ko‘ra, ehtiyojmand odamlarning soni ko‘p esa-da, bugun qirg‘iz hukumati ularga yordam berishga ojiz:

"Voooyyy, gapirmasam dilim, gapirsam tilim kuyadi, tilingni kesib olay deydi. Hukumat qanday yordam ham qilardi. Odamlarni ish bilan ta‘minlashi mumkin bo‘lgan zavod, fabrika yo‘q. Bolalar bir-biridan qarz-havola qilib, Rossiyaga borib, qul bo‘lib ishlashyapti. Ulardan ham pul topgani topyapti, topolmayotgani sarson-sargardon bo‘lib yuripti. Arava tortsam, pul topsam, uyga to‘rtta non olib kirsam, deb, o‘qimay yurgan bolalar qancha", deydi suhbatdoshimiz.

U kishining aytishicha, jabrdiyda odamlar o‘zlarining sa‘y-harakatlari bilan nodavlat tashkilotlari berayotgan ko‘maklar evaziga shu paytgacha kun kechirib kelishgan:

"Davlatimizda hech narsa yo‘q. Sizga yaxshi ma‘lum, davlatimizda byudjet taqchil. USAID, BMT, Ovro‘poda Xavfsizlik va Hamkorlik Tashkilotining yordami bilan shu kungacha keldik. Hozir esa, yordamlar to‘xtagan, umuman ko‘mak yo‘q. Odamlarning kunlari faqat o‘zlariga qolgan, o‘z tirikchiliklarini o‘zlari o‘tkazishyapti, boshqa iloji yo‘q", deydi o‘shlik faollardan biri:

Ўшлик фаол

Сўнгги июн қирғини жабрдийдалари ҳуқуқларини ҳимоя этиш билан шуғулланади.

Тинглашmp3

Муқобил медиа плейерда ўйналсинми

* to'ldirish shart bo'lgan qator

BBC © 2014 BBC tashqi sahifalar uchun ma'sul emas.

Ushbu sahifani CSS veb-brauzerida tomosha qilgan ma'qul. Hozirgi veb-brauzeringiz Sizga to'la vizual imkoniyatni bermaydi. Marhamat qilib o'zingizning brauzeringizni CSS veb-brauzeriga yangilash haqida o'ylab ko'ring.