BBC navigation

Moskvada qo‘lga olingan afyun Toshkentdan kelganmi?

Сўнгги янгиланиш 28 феврал 2013 - 12:59 GMT

Rossiyaning giyohvand moddalar noqonuniy savdosiga qarshi kurash politsiyasi o‘ta yirik miqdordagi afyun qo‘lga tushirilgnaligini ma‘lum qildi.

Giyohvand moddalarga qarshi kurash nazorati bo‘yicha federal xizmat rahbari Viktor Ivanovning ma‘lum qilishicha, ushbu afyun Moskva viloyatiga Toshkent viloyatidan kelayotgan bo‘lgan.

Musodara etilgan afyunning ulgurji narxi 18 million amerika dollari, chakana narxi esa 10 baravar ko‘pligi aytiladi.

Janob Ivanovga ko‘ra, giyohvand moddalarni G‘oziyev ismli shaxs qabul qilib olayotgan bo‘lgan. Ba‘zi internet sahifalarida G‘oziyev aslida Rustam G‘oziyev ekani, u Tojikiston, Rossiya va O‘zbekiston fuqaroligiga ega ekanligi va bir vaqtlar Tojikistonlik isyonkor Polkovnik Mahmud Xudoyberdiyevning qurolli guruhi a‘zosi bo‘lganini xabar qilganlar.

Tojik hukumati Polkovnik Xudoyberdiv O‘zbekiston hukumati tomonidan yashirib kelinayotganini da‘vo qilib keladi.

Ana shu manazarda giyohvand moddalar savdosi bilan bog‘liq oxirgi hodisadaning qanday siyosiy ahamiyati bor?

Moskvada nashr etiluvchi "Nezavisimaya Gazeta"ning Markaziy Osiyo bo‘yicha sharxlovchisi Viktoriya Panfilovaga ko‘ra, hozirda Mahmud Xudoyberdiyev Tojikiston hududida o‘z faoliyatini yanada faollashtirayotgani borasida mishmishlar paydo bo‘lgan.

Viktoriya Panfilova: Biz bilamizki, joriy yil Tojikistonda prezidentlik saylovlari bo‘lib o‘tadi. Va bu saylovlar o‘tkazilishiga halaqit berishi mumkin bo‘lgan, yoki qandaydir raqib shaxs paydo bo‘lishiga yetaklashi mumkin bo‘lgan holatlarning oldi olinayapti. Hozirda Polkovnik Xudoyberdiyevdan tahdid kelayotgani sezilayapti. Bu haqiqiy tahdidmi yoki asossiz, bunga men baho bera olmayman, lekin bu shaxs bilan bog‘liq har bir narsa ko‘p ma‘noga ega. U Tojikiston tarixida juda qiziq rol o‘ynagan, u ham ijobiy, va ham salbiy qahramondir. Xudoyberdiyev borasida Tojikistonda yakka bir qarash yo‘q.

BBC: Mahmud Xudoyberdiyev haqida sizga bugunda nimalar ma‘lum?

Viktoriya Panfilova: Menga ma‘lum bo‘lgani shuki, bu odam bugunda tirik va go‘yoki O‘zbekiston hududida yashayapti. Bilganim shu hozircha.

BBC: Siz qayerdan bilasiz uning tirikligi yoki go‘yoki O‘zbekistonda ekanligini?

Viktoriya Panfilova: Uning suratlari Facebook da paydo bo‘ldi. U kishining ko‘rinishiga qarasangiz, suratlar bugungi kunda olingan. Men Xudoyberdiyevni shaxsan o‘zim hali Tojikistonda bo‘lgan yillari bilardim. Bugungi suratlari bilan solishtirsangiz, bu huddi o‘sha odam, lekin uning yuziga vaqt o‘z ta‘sirini o‘tkazgan. Tojikiston hukumati u O‘zbekistonda ekaniga ishonchi komil. Bir vaqtlar uning topshirilishini ham so‘rashgan. Bugun ham jon deb uni qaytarib olgan bo‘lishardi.

BBC: Xudoyberdiyevga va ayni damda unga boshpana berayotgani da‘vo qilinayotgan O‘zbekistonga Tojikistondagi saylovlarga aralashishning nima keragi bor?

Viktoriya Panfilova: Eng avvalo suv muammosini yechish uchun. Ma‘lumki, O‘zbekiston qarshiligiga qaramay, Tojikiston yirik Rog‘un GESini qurib bitirishga bel bog‘lagan. Rahmon hukumatda qolar ekan, Rog‘un bo‘yicha o‘zaro murosaga kelinmaydi. Shunday ekan, boshqa yo‘l yo‘q. Lekin, ayni damda O‘zbekiston qandaydir yo‘l bilan tojik saylovlariga aralashmoqchi degan ma‘lumot menda yo‘q. Hech kimda yo‘q, menimcha.

BBC: Yirik miqdorda giyohvand moddaning aynan bugunda qo‘lga olingani va u Toshkent viloyatidan kelgani e‘lon qilinayotgani qiziq. Bu bugungi Rossiya-O‘zbekiston aloqalari uchun nimani anglatadi?

Viktoriya Panfilova: Bilasizmi, bugunda Rossiya va O‘zbekiston aloqalari eng yaxshi kunlarni boshidan kechirayapti, deb aytmagan bo‘lardim. O‘zaro qiyinchiliklar paydo bo‘lgan. Har doim O‘zbekiston va Rossiya aloqalarida qandaydir qiyinchiliklar kelib chiqsa, darrov Toshkentga qandaydir yo‘l bilan ta‘sir qilishi mumkin bo‘lgan ma‘lumot yuzaga chiqadi. Huddi shunga o‘xshash ma‘lumot Gulnora Karimovaga bog‘liqlikda ham paydo bo‘lgandi. MTS shirkati faoliyatining Toshkentda yopilishi ortidan shunday ma‘lumot chiqqandi, lekin keyin Toshkent MTS shirkati xodimlariga qarshi jinoiy ishlarni to‘xtatishga majbur bo‘ldi.

BBC: Narkonazorat rahbari Ivanovning so‘zlaridan huddi Toshkent viloyatida narkotiklar sanoat ko‘lamida ishlab chiqarilayotgani va bunda qaysidir ma‘noda hukumat doiralari aralashganiga ishorani sezsa bo‘ladi. Bu ishora ataylab qilinayaptimi?

Viktoriya Panfilova: Yo‘q, mutlaqo. Ular hukumat doiralari aralashuvini nazarda tutishyapti, deb o‘ylamayman. Lekin, ayni damda bu yangilik O‘zbekiston hukumatiga bosim o‘tkaza olishiga men ishonaman.

BBC: Siz aytdingizki, Xudoyberdiyevning Tojikiston saylovlariga tahdidi sezilmoqda. Lekin bu tahdidni to‘xtatishdan Rossiya qanday manfaat ko‘radi?

Viktoriya Panfilova: Gap shundaki, O‘zbekiston Kollektiv Havfsizlik Shartnomasi Tashkilotiga a‘zoligini to‘xtatib qo‘ydi. Rossiya aksincha mintaqadagi nazoratini kuchaytirmoqchi. O‘zbekiston ana shu nazoratdan biroz chetga chiqmoqda. U mustaqilroq siyosat yurgizayapti. Bu Rossiyaga to‘liq manzarani bermayapti va halaqit berayapti. Rossiya O‘zbekiston ham ana shu blokka kirishi va barcha Markaziy Osiyo davlatlari bilan aloqalar teng bo‘lishidan manfaatdor, chunki o‘shanda Rossiyaning ta‘siri mintaqada teng taqsimlangan bo‘lib qoladi.

-------------------------------------------------------------------------------------------

Aziz O‘quvchi!

BBC O‘zbek xizmati Sizning fikr va mulohazalaringizga ham o‘rin beradi.

Sahifamizdagi har bir xabar, audio-video materiallar, suratlar va barcha mavzularga doir fikrlaringizni maxsus formadan foydalanib bizga yo‘llashingiz mumkin.

Shuningdek, uzbek@bbc.co.uk elektron pochtamizga maktub yozing.

Biz va dunyo bo‘ylab o‘quvchilarimiz bilan o‘z hikoyalaringiz, suratlar hamda audio-video materiallaringizni baham ko‘ring.

BBC maktublarni tahrir qilish huquqiga ega.

* to'ldirish shart bo'lgan qator

Ушбу мавзуга оид кўпроқ материаллар

BBC © 2014 BBC tashqi sahifalar uchun ma'sul emas.

Ushbu sahifani CSS veb-brauzerida tomosha qilgan ma'qul. Hozirgi veb-brauzeringiz Sizga to'la vizual imkoniyatni bermaydi. Marhamat qilib o'zingizning brauzeringizni CSS veb-brauzeriga yangilash haqida o'ylab ko'ring.