BBC navigation

Usama bin Lodin o‘ldirilgan sathda ulkan xiyobon quriladi

Сўнгги янгиланиш 1 март 2013 - 15:12 GMT

Pokiston hukumati Abbotobod shahrida amalga oshirishni ko‘zlayotgan loyiha hayvonot bog‘i, turli sport inshootlari, klublar, restoranlar va sun‘iy sharsharalarni o‘z ichiga oluvchi ulkan xiyobon qurilishini ko‘zda tutadi. Yangi loyiha $30 million AQSh dollariga baholanmoqda.

"Al-Qoida" tarmog‘i rahbari qariyb ikki yil burun Abbotobod shahridagi villasida AQSh maxsus kuchlari tomonidan uyushtirilgan reyd chog‘ida o‘ldirilgandi.

Mahalliy mas‘ullar yangi loyiha yuz bergan hodisa ortidan shaharning obro‘sini yaxshilashga bo‘lgan urinish emasligini aytishmoqda.

Ularga ko‘ra, dastlab 20 gektar maydonni egallovchi va keyinchalik yanada kengaytirilishi rejalanayotgan yangi xiyobon bilan Abbotobodga sayyohlarni jalb etish istagidalar.

Loyiha ham davlat va ham xususiy shirkatlar tomonidan moliyalanmoqda.

Xiyobonni qurish ishlari shu kunlarda boshlanishi va naq sakkiz yil davom etishi aytilmoqda.

Islomoboddan 50 chaqirimcha shimolda joylashgan Abbotobod o‘zining sokin va ko‘kalamzorligi bilan shundoq ham poytaxt aholisining e‘tiborini o‘ziga tortib kelgan.

Ular dam olish kunlarida o‘z oilalari bilan Abbotobodda hordiq chiqarib ketishni ancha vaqtdan buyon odat qilishgan.

Shahar aholisi soni esa, yarim millionga borib qoladi.

Abbotobodda Pokistondagi eng nufuzli harbiy akademiyalardan biri ham joylashgan.

Usama bin Lodinning naq ana shu akademiya biqinida yashirinib kelgani esa, Pokiston xavfsizlik kuchlarining samimiy emasliklariga oid gap-so‘zlarga ham sabab bo‘lgandi.

Pokiston hukumati esa, terrorga qarshi yetarlicha kurashmaganlik mazmunidagi tanqidlar ostida qolib ketgandi.

Yana "al-Qoida" tarmog‘i marhum rahbarining izdoshlari uchun qadamjoga aylanib qolmasligi uchun pokistonlik mas‘ullar yaqinda Usama bin Lodin uch xotini va o‘nga yaqin bolasi bilan yashab kelgan villani buzib tashlashgandi.

54 yoshli Usama bin Lodin "al-Qoida"ning asoschisi va rahbari edi. U 2001 yil 11 sentyabrida Nyu York va Vashingtonda amalga oshirilgan hujumlar va yana qator hujumlar boshida turganlikda ayblangandi.

Amerikaning qidirilayotgan jinoyatchilar ro‘yxatida eng birinchi o‘rinda turgan bin Lodin o‘n yildirki tutqich bermay kelayotgandi.

Qo‘shma Shtatlar "al-Qoida" tarmog‘i rahbarining boshi uchun 25 million mukofot puli ham e‘lon qilishgan edi.

Amerika Prezidenti Barak Obama uning o‘ldirilganiga oid yangilikni tarmoqni mag‘lub etishga qaratilgan sa‘y-harakatlaridagi "eng muhim yutuq" sifatida ta‘riflagandi.

-------------------------------------------------------------------------------------------

Aziz O‘quvchi!

BBC O‘zbek xizmati Sizning fikr va mulohazalaringizga ham o‘rin beradi.

Sahifamizdagi har bir xabar, audio-video materiallar, suratlar va barcha mavzularga doir fikrlaringizni maxsus formadan foydalanib bizga yo‘llashingiz mumkin.

Shuningdek, uzbek@bbc.co.uk elektron pochtamizga maktub yozing.

Biz va dunyo bo‘ylab o‘quvchilarimiz bilan o‘z hikoyalaringiz, suratlar hamda audio-video materiallaringizni baham ko‘ring.

BBC maktublarni tahrir qilish huquqiga ega.

* to'ldirish shart bo'lgan qator

Ушбу мавзуга оид кўпроқ материаллар

BBC © 2014 BBC tashqi sahifalar uchun ma'sul emas.

Ushbu sahifani CSS veb-brauzerida tomosha qilgan ma'qul. Hozirgi veb-brauzeringiz Sizga to'la vizual imkoniyatni bermaydi. Marhamat qilib o'zingizning brauzeringizni CSS veb-brauzeriga yangilash haqida o'ylab ko'ring.