BBC navigation

Benzinning arzonini qayerda sotadi?

Сўнгги янгиланиш 1 март 2013 - 12:07 GMT

Ma‘lum bo‘lishicha, so‘nggi yillarda O‘zbekiston bo‘ylab kuzatilayotgan benzin taqchilligi sabab, viloyatlarda bir litr benzinning bahosi 3.000 so‘mdan 5.000 so‘mgacha chiqib ketgan

Yangi tadqiqot natijalariga muvofiq, benzinning qanchalik qimmatligi bobida Tojikiston o‘nlab davlatlarni ortda qoldirib ketibdi.

Ammo 1 litr benzin Tojikistonda $1.35 bo‘lgan bir paytda, O‘zbekistonning chekka viloyatlarida ushbu summa bugun kamida bir yarim AQSh dollariga yetibdi.

Ya‘ni, O‘zbekistondan olgan o‘z ma‘lumotlarimizga qaralsa, shu kunlarda mamlakatda eng arzon bir litr benzinning qiymati rasman 1.650 so‘m (qariyb 1 AQSh dollari)ni tashkil etadi.

Biroq benzin bu narxda hozir faqat poytaxt Toshkentda imkonli va mamlakatning aksariyat viloyatlarida esa, uning qiymati bundan ikki-uch barobar yuqori ekan.

Ma‘lum bo‘lishicha, so‘nggi yillarda O‘zbekiston bo‘ylab kuzatilayotgan benzin taqchilligi sabab, viloyatlarda bir litr benzinning bahosi 3.000 so‘mdan 5.000 so‘mgacha chiqib ketgan.

O‘zbekistonda bugun eng kam ish haqi rasman 80.000 so‘m atrofida etib belgilangan.

Bu esa, boshqa hech narsaga sarf-xarajat qilmagan taqdirida, shu kabi maoshga kun ko‘ruvchi o‘zbekistonlikning oyiga faqat 30 litrcha benzin sotib olishi mumkinligini anglatadi.

Ammo, taxminiy hisob-kitoblarga tayanilganda ham, insonlarning benzinga bo‘lgan bir oylik ehtiyojlari 300 litr atrofidagi raqamlarda aylanadi.

Toshkentdan mustaqil iqtisodiy tahlilchi Jahongir Shosalimovning biz bilan suhbatida aytishicha esa, O‘zbekistondagi hozirgi ahvol chetdan boshqa daromadi bo‘lmagan insonlarning umuman mashina hayday olmaslik darajasida.

"Kim agar o‘z maoshiga, haqiqiy topgan puliga benzin olib yuradigan bo‘lsa, O‘zbekistonda biror bir kishi mashina haydamaydi", deydi u:

Жаҳонгир Шосалимов

Ўзбекистонлик мустақил иқтисодий таҳлилчи

Тинглашmp3

Муқобил медиа плейерда ўйналсинми

Ayrim mintaqaviy tahlilchilarga ko‘ra, bundan buyog‘iga O‘zbekistonning tashqi neftga bo‘lgan ehtiyoji ortib borishi mumkin.

Ularning baholari butun O‘zbekiston bo‘ylab benzin ta‘minotidagi uzilishlar odatiy tus olib borayotgan bir manzarada yangramoqda.

Benzin taqchilligi bilan bog‘liq ahvol, ayniqsa, viloyatlarda jiddiy ekani aytiladi.

Benzin ta‘minotidagi jiddiy uzilishlar tufayli odamlar o‘z mashinalarini haftalab minmay qo‘yishga ham majbur bo‘lishayotgan ekan.

Tahlilchilarning hisob-kitoblariga ko‘ra, yaqin kelajakda O‘zbekistonning chetdan 4 million tonnadan ortiq benzin sotib olishiga to‘g‘ri kelishi mumkin.

O‘zbekiston o‘z neft zaxiralariga ega bo‘lsa-da, mavjud tabiiy resurslari o‘z ichki ehtiyojini qondirish darajasida benzin ishlab chiqarishga imkon bermasligi aytiladi.

O‘rtaga surilayotgan boshqa bir farazlarga ko‘ra, O‘zbekistonda yoqilg‘i taqchilligi bilan bog‘liq vujudga kelgan vaziyatga yaqinda asosan neft va gaz savdosi bilan shug‘ullanib kelgan Zeromax shirkatining kasodga uchragani ham sabab bo‘lgan.

O‘zbekiston asosan Qozog‘istondan neft sotib oladi. Endi esa, O‘zbekistonga o‘z neftini taklif etishi mumkin bo‘lgan davlatlar sifatida Rossiya, Turkmaniston va Ozarbayjon ham tilga olinmoqda.

Yangi tadqiqot esa, qozog‘istonlik mutaxassislar tomonidan dunyoning 65 davlatida olib borilgan.

Unga muvofiq, eng arzon benzin Qatarda sotilarkan. MDH davlatlari orasidan esa, bu borada Rossiya va Qozog‘iston ilg‘orlik qilishibdi.

Deylik, qatarlik o‘zining o‘rtacha oylik maoshiga 6.500 litr benzin sotib olishi mumkin ekan.

Ammo, lozim statistik ma‘lumotlar imkonli bo‘lmagani bois, neftga boy Ozarbayjon va Turkmaniston tadqiqotchilar reytingiga kiritilmagan.

Tadqiqot xulosalari esa, benzin narxlarining 2013 yil yanvar oyidagi ko‘rsatkichlari va Jahon Mehnat tashkilotining o‘rtacha oylik maoshlarga oid ma‘lumotlariga asoslangan.

-------------------------------------------------------------------------------------------

Aziz O‘quvchi!

BBC O‘zbek xizmati Sizning fikr va mulohazalaringizga ham o‘rin beradi.

Sahifamizdagi har bir xabar, audio-video materiallar, suratlar va barcha mavzularga doir fikrlaringizni maxsus formadan foydalanib bizga yo‘llashingiz mumkin.

Shuningdek, uzbek@bbc.co.uk elektron pochtamizga maktub yozing.

Biz va dunyo bo‘ylab o‘quvchilarimiz bilan o‘z hikoyalaringiz, suratlar hamda audio-video materiallaringizni baham ko‘ring.

BBC maktublarni tahrir qilish huquqiga ega.

* to'ldirish shart bo'lgan qator

Ушбу мавзуга оид кўпроқ материаллар

BBC © 2014 BBC tashqi sahifalar uchun ma'sul emas.

Ushbu sahifani CSS veb-brauzerida tomosha qilgan ma'qul. Hozirgi veb-brauzeringiz Sizga to'la vizual imkoniyatni bermaydi. Marhamat qilib o'zingizning brauzeringizni CSS veb-brauzeriga yangilash haqida o'ylab ko'ring.