BBC navigation

Aliboy Yo‘lyaxshiyev: "Yoshlar turmushda faol bo‘lishga intilishlari, buning yo‘llarini izlashlari kerak"

Сўнгги янгиланиш 1 март 2013 - 16:33 GMT

Aliboy Yo‘lyaxshiyev 1993 yildan beri O‘zbekistondan tashqarida yashab muxolifatchilik faoliyatini davom ettirayapti

BBC mehmoni - taniqli siyosiy arbob, o‘zbek muxolifatining asoschilaridan biri Aliboy Yo‘lyaxshiyev.

U 2011 yildan beri O‘zbekiston Xalq Harakatining Turkiya bo‘limi raisi, hamda O‘zbeklar Birligi uyushmasining faollaridan biridir.

Janob Yo‘lyaxshiyev 1938 yilda Samarqand viloyatining G‘allaorol tumanida dunyoga kelgan.

Matematika bo‘yicha oliy ta‘lim olgan olim Samarqand Universitetida 30 yildan oshiq dars bergan, 11 yil davomida kafedra mudiri vazifasini o‘tagan.

U 1989 yildan boshlab O‘zbekistonda kurtak otayotgan siyosiy muxolifatning eng faol a‘zolaridan biri bo‘lib tanildi va Birlik Xalq Harakatiga qator safdoshlari bilan birga asos soldi.

Janob Yo‘lyaxshiyev Birlik Xalq Harakatining Samarqand viloyati bo‘limi rahbari bo‘lgan.

U O‘zbekiston hukumati tomonidan qattiq ta‘qibga olinishi tufayli 1993 yilda vatanni tark etgan. Faol 1997 yilda Turkiyaga ko‘chib o‘tgan, so‘ngra 1999 yilda BMTning Qochqinlar agentligi unga Norvegiyadan siyosiy boshpana olishiga yordam bergan.

Faol o‘tgan ikki yil davomida Turkiyadagi o‘zbeklar huquqlarini himoya qilish, O‘zbekistonda ta‘qib ostiga olingan va Turkiyada hibsga olingan vatandoshlari himoyasi bilan shug‘ullanadi.

Aliboy Yo‘lyaxshiyev tinglovchilarimiz va sahifamiz o‘quvchilaridan kelgan savollarga javob berdi.

Salom, Aliboy aka, so‘ngi zamonlar unchalik faol ko‘rinmay qoldingiz, bunga sabab nimada? Va O‘zbekiston xalqini I.A. Karimov qaysi tomonga suriklamoqda deb o‘ylaysiz? Bu ketishda Xalq taqdiri nima bo‘ladi? Ha aytgancha, O‘XHning Turkiyada faolyati qanday bormoqda?

Ali

Yo‘lyaxshiyev: Va alaykum assalom, adash. Kamnamoligim sabablari haqida to‘g‘risini aytsam, xarakatlarimizdan qanoatlanmayapman. Bugungi kunlarda qayerda, qaysi maqsadda va kimlar bilan faol harakat qilish zarurligini bilolmay qoldim. Shuning uchun yaxshisi bir muncha vaqt jim turish kerak degan xulosaga keldim. Islom Karimovning siyosatiga kelsak, unda sirli yoki niqobli joylari qolmagan deb hisoblayman. Hamma narsa o‘rtada. O‘zbekistonda siyosat bugungidek davom etadigan bo‘lsa, uning oqibati haqida iliq fikr aytishga qiynalaman. Biroq, O‘zbekistonda darhol har taraflama juda jiddiy islohotlar o‘tkazilishi zarur va shunday qilishga hali biroz vaqt bor. Shuning uchun ana shunday islohotlarga bugunni ertaga qo‘ymay kirishish lozim. Karimov boshliq O‘zbekiston hukumati o‘shanday islohotlarni boshlab, ularni o‘rinli, samarali o‘tkaza olsa, inshoolloh O‘zbekiston dunyoda o‘z munosib o‘rniga ko‘tariladi va u nihoyat haqiqiy quyoshli O‘zbekiston nomini tiklaydi. Ana shunday qilinsa, Karimov va uning hukumati mustaqil O‘zbekistonning ilk prezidenti va uning hukumati mustaqil O‘zbekistonning ilk hukumati nomi bilan tarix sahifalariga zarhal harflar bilan yoziladi. Aks holda, aniq bir narsa deyishga, masalan, men qiynalgan bo‘lardim. Agar o‘shanday islohotlar o‘tkazilmasa, o‘tkaza olishmasalar, O‘zbekistonning ichidagi va atrofidagi bugungi vaziyat, bizning sevimli vatanimizni istagan hunuk voqealarga ro‘para qilishi mumkin bo‘ladi, deb hisoblayman. O‘zbekiston Xalq Harakatining Turkiya bo‘limi faoliyati haqida ham so‘raysiz. Ollohga shukurki, O‘XH Turkiya bo‘limi ham baholi qudrat ishlab turibdi. Menimcha, O‘XH Turkiya bo‘limini uning eng samarali faoliyat ko‘rsatayotgan qismi, desa bo‘ladi.

--------------------------------------------------------------------------------

Aliboy aka, mana 75ga kirayapsiz ekan, avvalo sog‘lik va uzoq umr tilayman. Yosh muxolifatchilar haqida fikrlaringiz qanday? Hozir aksariyat muxolifat yetakchilari 80-90 yillardagi Erk yoki Birlik bilan bog‘liq, va yoshlari kamida 50dan o‘tgan. Yoshlar bilan ishlaydigan faollaringiz bormi? Yoshlarni O‘XHga jalb etish uchun qanday g‘oyalar ustida ishlayapsizlar?

Samo, Farg‘ona

Yo‘lyaxshiyev: Menga uzun umr tilaganingiz uchun sizga minnatdorligimni bildiraman. Ollohu taolo barchamizga uzun, xayrli umrlar nasib aylasin. Uzr, ismingiz ham menga biroz tabiiy bo‘lmagandek tuyuldi. Nima ham deymiz, demak siz, Samobeksiz. Savolingiz esa, juda to‘g‘ri qo‘yilgan va dolzarb bir masalani ochgansiz. Ha, albatta kelajak yoshlarniki. Bordi-yu orqamizdan yoshlarimiz taqib yetib kelayotgan bo‘lmasalar, bu juda ayanchli bir holdir. Agar men o‘z hayotiy yo‘limga qarab, mening yoshimdagilarning o‘smirligi, talabaligi davrlarga qarab, bugungi yoshlarga baho beradigan bo‘lsam, ular ko‘zimga bizdan ancha sust ko‘rinadilar. Boshqa tarafdan biz keksalar ham ularning tarbiyasi, keng qamrovli yetuk kishilar bo‘lib yetishishlari bilan talab darajada shug‘ullandik va shug‘ullanayapmiz deb aytishimga dadil asoslar yo‘q. Bu biz keksa avlodning juda jiddiy kamchiliklarimizdan biri hisoblanadi. Men bundan ancha ilgari internetda bir kitobcha e‘lon qilgandim. Unda yoshlar haqida jumladan shu so‘zlar keltiriladi: "Biror xalqning kelajagini bilmoqchi bo‘lsangiz, ularda yoshlarni tarbiyalash va ta‘lim-tarbiya qanday yo‘lga qo‘yilganini ko‘ring. Har bir xalqning ilg‘orligi va rivojlanishi uning yoshlari olayotgan tarbiyaga chambarchas bog‘langandir. Biror xalqning yashash muhitini, yashash hayotini o‘rganmoqchi bo‘lsangiz, ularning yoshlari hayotiga, yashash va o‘y-fikrlari, tushunchalariga boqing."
O‘sha kitob va undagi fikrlar bilan to‘la tanishish uchun http://samarkanduz.narod.ru/kitob1.htm adresiga murojaatda bo‘lish lozim bo‘ladi.
Ammo shuni ham aytishim kerakki, oramizda, jumladan O‘XH tarkibida ham bir qator kelajagiga umid qilish mumkin bo‘lgan navqiron o‘g‘il-qizlarimiz ham bor. Ularning sonini yanada ko‘paytirish uchun ham harakatdamiz. Biroq shunisi ham borki, yoshlar ham o‘z navbatida turmushda faol bo‘lishga intilishlari, faol bo‘lishning yo‘llarini izlashlari kerak bo‘ladi. O‘zbeklarda bir maqol bor, unda "Chaqaloq yig‘lamasa, onasi emizmaydi", deyiladi.

--------------------------------------------------------------------------------

Assalomu aleykum otaxon. Mani sizga savolim nima uchun barcha xalqparvarlar chet elda. Balkim shuning uchun namozxonlar ta'qib ostida qolyapti, Uzbekistonda xaqiqat uchun turib berolmaysizlami? Javobingiz uchun oldindan raxmat. Allox umringizni ziyoda qilsin.

Sher

Yo‘lyaxshiyev: Va alaykum assalom Sherxon uka! Menga uzoq umr tilaganingiz uchun ko‘p minnatdorman, rahmat. Sizdan Olloh taolo rozi bo‘lsin. Sizga va radio tinglayotganlarga, barchaga xayrli, barakali uzun umrlar nasib qilsin. Savolingizga kelsak, mantiqan juda to‘g‘ri tuzilgan deb bo‘lmaydi. Chunki xalqparvarlarning juda ko‘pchiligi vatanning ichidadir. O‘zbekistonning haqiqiy xalqparvar, vatanparvarlari, har qanday vaziyatda to‘g‘risini so‘zlashdan qaytmaydigan jasurlarining anchaginasi bugun uning qamoqxonalarida zahmat chekmoqdalar. Qamoqda bo‘lmay vatan ichida yashayotganlarning orasida ham juda ko‘p ona tuproqnisevar, xalqsevarlar bor. Vatandagi ta‘qiblarga, qama-qamalarga kelsak, ularning sabablari biz vatandan tashqarida yurganlarga va bizning qayerda, qanday faoliyat ko‘rsatayotganimizga uncha ham bog‘liq deb bo‘lmaydi. Boshqa tarafdan, biz-chet ellarda yurishganlarning "O‘zbekistonda haqiqat uchun turib bermaslik" masalasi, siz o‘ylayotgandan bir muncha murakkab. Unga javob berish, bugungidek qisqa muddatli suhbatda to‘la qonli bo‘lmas kabi andisham bor. Biz, chet ellarda yurganlar va o‘zlarini vatanparvar, O‘zbekistonning mavjud hukumati siyosatiga muxolif hisoblaganlarning nima uchun vatanda qolib, u yerdagi haqsizliklarga qarshi "turib" bermasdan, uni tark etishgani masalasi esa, bir qator sub‘ektiv va ob‘ektiv sabablarga ega. Afsus, unday sabablar bugun ham bartaraf bo‘lmadi. O‘sha sabablardan ikkitasini keltirishim mumkin. Birinchisi, ayniqsa 1992 yildan so‘ngra vatanda bizning jonimiz-hayotimiz, hatto butun oila a‘zolarimizning ham hayoti tahlikada qolayotgan edi. Vatanga, xalqimiz, millatimizga foydali bo‘lishimiz uchun esa imkoni qadar jonimizni saqlash tadbirlarini ko‘rishga majbur bo‘lib qolgan edik. Buning birdan bir yo‘li vatanni tark etish edi. Ikkinchisi, tashkilotimizning (u zamonlar "Birlik" xalq harakati va "Erk" partiyasi bor edi) faoliyatini davom ettirish ham Vatandan tashqarida erkinroq va durustroq, samaraliroq bo‘lar deb hisoblangandi. Masalan, shaxsan men, vatandan tashqarida 2-3 yildan ko‘proq qolmasmiz degan hisobda vatandan chiqqan edim. Ammo afsuslar bo‘lsinkim, rizqimiz uzun yillar uchun dunyo bo‘ylab sochib yuborilgan ekan. Mana bugungacha vatanga qaytish mumkin bo‘lmayapti.

--------------------------------------------------------------------------------

Muhtaram Aliboy aka! O'zbeklar Birligi uyushmasi a'zosi sifatida aytingchi, bundan uch yil avval Qirg'iziston janubida o'zbek vatandoshlaringiz bu hududlarda genotsidga uchragan edi va hamon shu zayilda davom etmoqda. Siz Qirg'iziston hududidagi o'zbek millatdoshlaringizga uyushma faoli sifatida shu kungacha nima qila oldingiz?

Odiljon Maxdumiy, O‘sh

Yo‘lyaxshiyev: Qimmatli Odiljon! Hammasidan avval o‘sha xunrezlikni keskin qoralashimni, bir o‘zbek farzandi sifatida O‘shdagi o‘zbeklarning fojiasidan juda afsusdaligimni, chin yurakdan achinishimni; o‘sha johil, insonlik qiyofasini yo‘qotgan yirtqichlardan o‘ta nafratlanishimni alohida ta‘kidlashni istayman. O‘shanda jabrlanganlarga va eng aziz qadrdonlarini, yaqinlarini yo‘qotganlarga Olloxu taolo sabr bersin deb duoda bo‘laman. Ikkinchidan, 2010 yilda bizning jamiyatimiz hali tuzilmagan edi. Shuning uchun uning nomidan biror harakat qilishning imkoni yo‘q edi. Biroq, men oddiy yakka shaxs sifatida o‘sha xunrezliklar davom yetib turgan paytlarda, issiq ustida Turkiyalik bakovul qardoshlardan O‘shga yordam so‘rab murojaatda bo‘ldim. O‘shga borib jabrdiydalarga moddiy, ma‘naviy yordam ko‘rsatadigan, fojianing darhol to‘xtalishiga ko‘makchi bo‘la oladigan Turkiyadan bir delegatsiya yuborilishini iltimos qildim. Ammo turkiyalik qardoshlar, "bizning hukumatimiz voqealarni yaqindan kuzatayapti, Turkiya hukumati zaruriy chora-tadbirlarni ko‘radi, hoziroq ko‘rishayapti. Boshqachasi samara bermaydi", deyishdi. Shu sabab, imkoni boricha Turkiya hukumatining mas‘ul idoralariga murojaatda bo‘lib turdim. O‘sha zamonda mening qo‘limdan kelgani shu bo‘lgandi. Aslida, haqiqatan ham bunday voqea va mojarolarda yakka shaxslarning yoki bugun mavjud bo‘lgan bizning jamiyatimiz kabi tashkilotlarning aralashishidan ko‘ra, hukumatlarning aralashishi ko‘proq samara beradi. Ayniqsa O‘zbekiston hukumatining o‘sha voqealarda o‘zbeklarni himoya qilishda o‘zini ko‘rsatishi zarur va shart edi. Afsuski, unday bo‘lmadi. Vaholanki O‘zbekiston davlati va uning nomidan ish bajaruvchi hukumat, butun dunyodagi o‘zbeklarning ham davlati va hukumatidir. Shu sabab, O‘zbekiston atalmish davlat va uning hukumatining butun dunyodagi o‘zbek diasporasini himoya qilish kabi eng muhim va juda zaruriy majburiyati bordir. 2010 yilda O‘shda sodir etilgan vahshiyliklar vaqtida esa, O‘zbekiston va uning Islom Karimov boshliq hukumati qasam ichib zimmasiga olgan xalq oldidagi majburiyatini bajarmadi, hatto bajarishni istamadi, deyish to‘g‘risidir. Shu bilan ular qasamlariga xiyonat qildi deyish kerak. Ha, o‘sha yilgi voqealarga fashistikmi, johillikmi, yirtqichlikmi - har xil ism qo‘ysa bo‘ladi. Oqibatda, kimlarningdir xatosi yoki dushmanligi, o‘zbeku qirg‘izning johilligi, bilimsizligi va boshqa xil tushunmovchiliklar ham qo‘shilib, juda ko‘p begunoh kishilarning qoni to‘kildi. Ammo do‘stlar, to‘kilgan qonni yana qon bilan yuvish haqida o‘ylash ham johillik va xatodir. Ha, albatta, o‘sha vahshiyliklarga yo‘l qo‘yishgan, ularni bajarishgan jinoyatchilar qonunlar asosida munosib jazolarini olishlari shart. Bunda ikki xil fikrga mutlaqo o‘rin yo‘q. Ammo shuni ham bilishimiz lozimki, butun bir millat, butun bir elat jinoyatchi bo‘lishi mumkin emas. Yana bir masala, hurmatli Odiljon, 2010 yilgi O‘sh xunrezliklariga to‘g‘ri baho berish, o‘sha hodisalarning haqiqiy jinoyatchilarini to‘g‘ri aniqlash uchun o‘sha fitnani kim va qanday maqsadda yasaganini juda yaxshi belgilab olish kerak. Ularning oqibati kimlarga foyda va kimlarga zarar bo‘lganligini tushunish ham juda muhimdir. O‘sh jinoyatini esa, menimcha, Shimol va Janub o‘zaro kelishib tayyorladilar. Shimolning maqsadi, O‘rta Osiyoda makonlashgan turk qavmlarining orasida davomli nizo yasab qo‘yishdan iborat bo‘lgan bo‘lsa, janubning maqsadi Qirig‘izistondagi nisbatan erkin va badavlat yashayotgan o‘zbeklarning shashtini qaytarish, shoxini sindirishdan iborat edi. Shuning uchun O‘sh qirg‘inliklarining haqiqiy jinoyatchilarini shimol va janubda ham izlash kerak deb o‘ylayman.

--------------------------------------------------------------------------------

Assalomu aleykum. Domla, hozirgi uzbek hukumati Masonlikka buyin sunadimi? Masonlar haqidagi ma'lumotlaringiz bilan tanishtirsangiz. rahmat.

Muhammadazim, O‘sh

Yo‘lyaxshiyev: Va alaykum assalom, Muhammadazim. Mening bilishimcha, masonlik bilan hukumatlar emas, yakka-yakka olingan shaxslar bog‘liq bo‘lishlari mumkin, shekilli. Masonlar haqidagi mening bilimimga kelsak, uzr uka, masonlar va masonchilik haqida juda oz bilimga egaman, balki hech narsa bilmayman desam to‘g‘riroq bo‘lardi. Mening ular haqida bilganlarim sizni qanoatlantirmas deb qo‘rqaman. Bugungi bizning zamonimizda masonlar va masonchilik haqida ma‘lumot topish qiyinchilik tug‘dirmaydi, deb hisoblayman. Ular haqida internet sahifalarida juda ko‘p ma‘lumotlar topish mumkin. O‘zbekiston hukumatining masonlik bilan bog‘liqligi masalasiga kelsak, bu haqida mutlaqo ma‘lumotga ega emasman. Bu haqda, hatto o‘ylamagan ekanman.

--------------------------------------------------------------------------------

Assalomu alaykum, O‘zbeklar Birligi uyushmasining faoliyati nimalardan iborat, yani Turkiyadagi kup minglab yurgan vatandoshlarga hujjat qilish, ish topish, huquqlari kabi masalalarda. Turkiya fuqaroligini olish uchun nimalar qilish kerak va sizning tashkilot bu ishga xam yordam bera olasizlarmi?

Isaxon

Yo‘lyaxshiyev: Va alaykum assalom Isoxon! Birinchidan, jamiyatning nizomi Internetda www.ozbeklerbirligi.org sahifasida e‘lon qilingan va uning faoliyati haqida u yerda to‘la ma‘lumotlar keltirilgandir. Shunga qaramasdan shularni aytish mumkin. Jamiyatimizning asosiy maqsadlaridan biri O‘zbekistonni, O‘zbekiston ismli mamlakatning mavjudligini dunyoga yaxshiroq tanitish; Ikkinchisi, jahonning afgor ommasi diqqatiga uning ichida, atrofida sodir etilayotgan ijobiy va salbiy hodisa, voqealar haqida to‘g‘ri xabar yetkazishdan iboratdir. Uchinchisi, ha, albatta, turli xil sabablar bilan Turkiyagacha yetib kelishgan vatandoshlarimizga ham, ularning siyosiy-ijtimoiy ahvoliga qarab, jamiyatimiz imkoni darajasida yordam tashkil qilishga ahamiyat beradi va shunday yordamlar tashkil qilindi va qilinmoqda. O‘zbekiston yoki boshqa bir joyda haqiqatan jinoyatga aralashgan kishilar bundan mustasno. Turkiya fuqaroligini olishga yordam berish jamiyatning vazifasiga kirmaydi. Biz, O‘zbeklar Birligi jamiyati sifatida o‘zbekistonliklarning boshqa mamlakatlar fuqaroligini olishlariga qo‘shilmaymiz. Ular va jumladan biz, ya‘ni men kabi uzoq yillardan buyon chet elda yashayotganlar ham imkoni boricha tezroq vatanimizga qaytish uchun harakatda bo‘lishimiz lozim, deb hisoblaymiz. Chet ellarda yurishimiz va yashashimiz vaqtinchalik bo‘lishi, vatanda bizga nisbatan ishlatilgan adolatsizliklar, jonimizga bo‘lgan tahlikalar bartaraf bo‘lganicha yashab turishni istovchilar tarafdorimiz.

-------------------------------------------------------------------------------------------

Aziz O‘quvchi!

BBC O‘zbek xizmati Sizning fikr va mulohazalaringizga ham o‘rin beradi.

Sahifamizdagi har bir xabar, audio-video materiallar, suratlar va barcha mavzularga doir fikrlaringizni maxsus formadan foydalanib bizga yo‘llashingiz mumkin.

Shuningdek, uzbek@bbc.co.uk elektron pochtamizga maktub yozing.

Biz va dunyo bo‘ylab o‘quvchilarimiz bilan o‘z hikoyalaringiz, suratlar hamda audio-video materiallaringizni baham ko‘ring.

BBC maktublarni tahrir qilish huquqiga ega.

* to'ldirish shart bo'lgan qator

BBC © 2014 BBC tashqi sahifalar uchun ma'sul emas.

Ushbu sahifani CSS veb-brauzerida tomosha qilgan ma'qul. Hozirgi veb-brauzeringiz Sizga to'la vizual imkoniyatni bermaydi. Marhamat qilib o'zingizning brauzeringizni CSS veb-brauzeriga yangilash haqida o'ylab ko'ring.