BBC navigation

BMT: "O‘zbekistonlik qochqinni ekstraditsiya etmang"

Сўнгги янгиланиш 1 март 2013 - 15:34 GMT

BMT Qozog‘iston hukumatidan o‘zbekistonlik boshpana izlovchi Xayrullo Tursunovni vataniga ekstraditsiya qilishni to‘xtatib turishga chaqirgan

BMT Qozog‘iston hukumatidan o‘zbekistonlik boshpana izlovchi Xayrullo Tursunovni vataniga ekstraditsiya qilishni to‘xtatib turishga chaqirgan.

Xalqaro tashkilotning Inson huquqlari bo‘yicha Oliy komissarligi boshqarmasi Tursunovning qiynoqlar borasidagi shikoyati o‘rganib chiqishga olingani va bu muddat davomida Qozog‘iston hukumati uni mamlakatda saqlab turishi kerakligini aytgan.

Tursunov 2011 yilning aprel oyidan buyon Qozog‘istondagi hibsxonada ushlab turilibdi.

U ushlangan Aqto‘be shahar va viloyat mahkamalari Tursunovning shikoyatini qondirmagan va uni O‘zbekistonga berib yuborish haqida hukm chiqargan.

Jarayon.com web sahifasining ma‘lum qilishicha, "O‘tyuraklar klubi" tomonidan Tursunov nomidan BMTga yozilgan shikoyat maktubiga javob kelgan.

BMTning Inson huquqlari bo‘yicha Oliy komissarligi boshqarmasi 28 fevral kuni klub rahbari Mo‘‘tabar Tojiboyeva nomiga yozgan maktubida, shikoyatni BMTning Qiynoqlarga qarshi qo‘mitasi ko‘rib chiqishga kirishgani va ko‘rib chiqiladigan 6 oy davomida Qozog‘iston hukumati uni O‘zbekistonga berib yubormasligi kerakligi yozilgan.

Shikoyatni tayyorlashda faol ishtirok etgan "O‘tyuraklar klubi" tashkiloti muvofiqlashtiruvchisi va talabalar harakati lideri Marina Lebedova Qozog‘iston Tursunovni O‘zbekistonga berib yubormasligi va BMT Inson huquqlari Oliy komissarligi boshqarmasining so‘roviga ijobiy qarashiga umid qiladi.

"Qoidasi bo‘yicha biz ushbu maktubga Qozog‘istonning javobini kutishimiz kerak. Qozog‘iston bizning shikoyatimizga o‘z dalillari va javobini yozishi mumkin. Agar ushbu dalillar ikki oyning ichida yuborilmasa, maxsus hisobotchi va BMTning Qiynoqlarga qarshi qo‘mitasi shikoyatni mavjud hujjatlar asosida ko‘rib chiqadi. Bizning tashkilotimiz ham himoya uchun qo‘shimcha hujjatlarni kirtishi mumkin", - deydi Marina Lebedova.

Ekstraditsiya xavotiri saqlanib qolmoqda

Qozog‘iston Tashqi ishlar vazirligi ushbu masalani o‘rganayotgani bois ayni damda izoh bera olmasligini bildirdi.

Qochqinlarning huquqini himoya qilish bilan shug‘ullangan Qozog‘iston Inson huquqlari byurosi yuristi Denis Jivaga Qozog‘iston ushbu so‘rovni bajarishi yo-da bajarmasligi ham mumkinligi, Tursunovni O‘zbekistonga ekstraditsiya qilib yuborishi ehtimoli saqlanib qolayotganini aytadi.

"Ushbu so‘rovga quloq solishi aniq fakt emas. Chunki bu yagona variant emas. Qozog‘iston bu to‘g‘risidagi xalqaro majburiyatlarga imzo qo‘ygan, idealda quloq solishi kerak. Ammo gap bu masalani Qozog‘iston rasmiylaridan kim ko‘rib chiqishida va qanday tushunishida. Har narsa kutish mumkin", - deydi Denis Jivaga.

Qozog‘iston o‘zbekistonlik qochqinlarni bundan oldin ham rasmiy Toshkentga topshirgan vaqtlari bo‘lgan. Eng shov-shuvli topshirish 2011 yili bo‘lgan edi. O‘shanda Qozog‘iston bir yillik hibsda ushlab turishdan so‘ng 29 qochqinni O‘zbekistonga berib yuborgan edi.

Ushbu qochqinlarning ayrimlarida BMTning Qochqinlar bo‘yicha Oliy komissarligining boshpana izlovchi degan hujjati ham bo‘lgan.

"O‘tyuraklar klubi" Frantsiyadagi "ASAT" tashkiloti bilan hamkorlikdan ushbu qochqinlar nomidan BMTning Qiynoqlarga qarshi qo‘mitasiga shikoyat bilan murojaat qilgandi.

Qo‘mita 2012 yili ushbu ish bo‘yicha o‘z xulosasini chiqargan Qozog‘iston hukumatidan ushbu qochqinlarni ortga qaytarib, ularga tovon puli to‘lashni so‘ragan.

Huquqbonlar Xayrullo Tursunovning ishi ham ekstraditsiya qilingan 29 qochqinnning ishi bilan o‘xshash ekanligi, unga nisbatan O‘zbekiston tomonidan qo‘yilayotgan ayblar soxta va uyushtirilganligini aytishadi.

Ularga ko‘ra, Tursunov O‘zbekiston yuborilgan taqdirda uni dahshatli qiynoqlar va boshqa shaxslarning nomiga soxta jinoiy ish to‘qish kabi majburiyatlar kutadi.

O‘zbekiston huquq-tartibot idoralari Xayrullo Tursunovni Olma otada jinoiy til biriktirib tuzilgan diniy jamoatda ishtirok etganlik va bir necha terrorchi tashkilotlarning a‘zosi hamda konstitutsion tuzumga tajovuz qilishda ayblashmoqda.

10 oy Aqto‘be shahridagi vaqtinchalik tergov izolyatorida saqlangan Xayrullo Tursunov fevral oyida Olma ota shahridagi vaqtinchalik saqlov izolyatoriga olib kelingan.

-------------------------------------------------------------------------------------------

Aziz O‘quvchi!

BBC O‘zbek xizmati Sizning fikr va mulohazalaringizga ham o‘rin beradi.

Sahifamizdagi har bir xabar, audio-video materiallar, suratlar va barcha mavzularga doir fikrlaringizni maxsus formadan foydalanib bizga yo‘llashingiz mumkin.

Shuningdek, uzbek@bbc.co.uk elektron pochtamizga maktub yozing.

Biz va dunyo bo‘ylab o‘quvchilarimiz bilan o‘z hikoyalaringiz, suratlar hamda audio-video materiallaringizni baham ko‘ring.

BBC maktublarni tahrir qilish huquqiga ega.

* to'ldirish shart bo'lgan qator

Ушбу мавзуга оид кўпроқ материаллар

BBC © 2014 BBC tashqi sahifalar uchun ma'sul emas.

Ushbu sahifani CSS veb-brauzerida tomosha qilgan ma'qul. Hozirgi veb-brauzeringiz Sizga to'la vizual imkoniyatni bermaydi. Marhamat qilib o'zingizning brauzeringizni CSS veb-brauzeriga yangilash haqida o'ylab ko'ring.