BBC navigation

NATO ikki afg‘on bolasi o‘limi uchun kechirim so‘radi

Сўнгги янгиланиш 4 март 2013 - 12:39 GMT

NATO rasmiysi ikki afg‘on bolasini jangari deb o‘ylab tikuchardan o‘qqa tutilgani uchun kechirim so‘radi.

Yetti yoshgacha bo‘lgan ikki bola payshanba kuni O‘ruzgan viloyatida otib o‘ldirilgan edi.

"Xalqaro kuchlar bu fojea uchun mas‘uliyatni to‘liq bo‘yniga oladi", - deb aytgan NATO vakili.

Shanba kuni general Jozef Danford qilgan murojaatda "Men o‘ldirilgan bolalarning oilasiga shaxsan hamdardlik va ta‘ziya izhor etaman", deyiladi.

NATO generali mol boqib yurgan bolalar xalqaro kuchlar tomonidan jangari deb gumonlanib o‘ldirilganini bildirgan.

NATO va Afg‘on xavfsizlik xodimlari bolalar yashagan viloyatga borishgan va mahalliy rasmiylar bilan uchrashishgan.

Frans press agentligining xabar berishicha, bolalarni otib o‘ldirgan Avstraliya askarlari Tolibonning hujumiga duch kelishgan.

O‘ruzgan hokimi Amir Muhammad Oxunzoda "Bolalarning Avstraliya askarlari tomonidan o‘ldirilishi ataylab qilinmagan, balki xato sodir bo‘lgan hodisadir", deb aytgan.

"Avstraliya harbiylari va NATO rasmiylari sodir etilgan hodisani o‘rganmoqdalar", - deyiladi xalqaro kuchlar murojaatida.

Qariyb 1500 Avstraliya askarlari O‘ruzgan viloyatida joylashgan bo‘lib, ularning asosiy vazifasi afg‘on askarlarini o‘qitish va yo‘naltirish hisoblanadi.

Tasodifiy qurbonlar

Afg‘onistonda tinch fuqarolarning NATO kuchlari tomonidan "tasodifan" o‘ldirilishi tez-tez sodir bo‘lib turadi.

Tahlilchilar aytishicha, tinch fuqarolar orasidagi qurbonlar afg‘on xalqi va Prezident Homid Karzayni g‘azabga keltirgan.

Afg‘oniston Prezidenti yaqinda xalqaro kuchlarni aholi yashash hududlarini havodan hujumga tutishini taqiqlagan edi.

Bu qaror 13 fevralda NATO havo hujumi oqibatida 10 tinch fuqaro - besh ayol, to‘rt yosh bola va bir erkakning o‘ldirilishi orqasidan berilgan.

NATO rasmiylari mazkur havo hujumi Afg‘on kuchlari iltimosiga ko‘ra o‘tkazilganini aytishgan.

13 fevraldagi hodisadan oldin oktyabr oyida Kunar viloyatida uch tinch fuqaro halok bo‘lgan.

Hilmand viloyatida NATO o‘tkazgan amaliyot natijasida yana oltita inson o‘ldirilgan. Shuningdek Logar viloyatidagi hujum oqibatida 18 tinch aholi vakillari qurbon bo‘lishgan.

Prezident Karzay NATO rasmiylaridan bu kabi hodisalarni qaytarmaslikni qayta-qayta talab qilganiga qaramasdan, tinch fuqarolarning otib o‘ldirilishi davom etmoqda.

NATO boshchiligidagi kuchlar 2014 yil oxirigacha Afg‘onistondan to‘liq chiqib ketishi rejalashtirilgan.

Unga qadar xalqaro kuchlar bosqichma-bosqich Afg‘on kuchlariga xavfsizlikni mustaqil himoya qilishni topshirishlari kerak.

-------------------------------------------------------------------------------------------

Aziz O‘quvchi!

BBC O‘zbek xizmati Sizning fikr va mulohazalaringizga ham o‘rin beradi.

Sahifamizdagi har bir xabar, audio-video materiallar, suratlar va barcha mavzularga doir fikrlaringizni maxsus formadan foydalanib bizga yo‘llashingiz mumkin.

Shuningdek, uzbek@bbc.co.uk elektron pochtamizga maktub yozing.

Biz va dunyo bo‘ylab o‘quvchilarimiz bilan o‘z hikoyalaringiz, suratlar hamda audio-video materiallaringizni baham ko‘ring.

BBC maktublarni tahrir qilish huquqiga ega.

* to'ldirish shart bo'lgan qator

Ушбу мавзуга оид кўпроқ материаллар

BBC © 2014 BBC tashqi sahifalar uchun ma'sul emas.

Ushbu sahifani CSS veb-brauzerida tomosha qilgan ma'qul. Hozirgi veb-brauzeringiz Sizga to'la vizual imkoniyatni bermaydi. Marhamat qilib o'zingizning brauzeringizni CSS veb-brauzeriga yangilash haqida o'ylab ko'ring.