BBC navigation

Rossiyada yagona Islomiy oliy ta‘lim joriy etiladi

Сўнгги янгиланиш 4 март 2013 - 11:40 GMT

Putinning topshirig‘i hukumatning diniy ekstremizmga qarshi kurash harakatlari bilan bog‘liq tarzda olib boriladi.

Prezident Vladimir Putin Rossiya hukumatiga 2013 yilning 1 avgustigacha Islom tarixi va madaniyati bo‘yicha chuqurlashtirilgan ta‘lim loyihalarini bakalavr va magistrlik uchun ishlab chiqish va maqsadlarni aniqlab olishni topshirgan.

Prezidentning bu topshirig‘i hukumatning diniy ekstremizmga qarshi kurash harakatlari bilan bog‘liq tarzda olib borilishi aytilgan.

Islom tarixi va madaniyatini chuqur o‘rgangan mutaxassislarni tayyorlash rejasi Rossiyada 2007 yildan buyon amal qiladi.

Bu reja asosida Rossiyada bir qancha oliy o‘quv yurtlari "islomiy yo‘nalish" bo‘yicha mutaxassislar tayyorlaydi.

Jumladan, Pyatigorsk va Moskva tilshunoslik universitetlari, Qozon va Nijegorod davlat universitetlari, Ufa va Moskvadagi islom universitetlari, yaqindan boshlab Shimoliy Kavkaz Islom universiteti islomiy bilimga ega filosof va diniy ulamolar, huquqshunos, o‘qituvchi, siyosatchi, madaniyat xodimlari yetkazib berishi kerak.

Biroq Islom etnosiyosati muammolari markazi boshlig‘i Denga Xolidovning aytishicha, Rossiyada hozircha islomiy mutaxassislar uchun yagona oliy ta‘lim loyihasi yo‘q.

Uning bildirishicha, har bir o‘quv yurti o‘z tajribasidan kelib chiqib islomiy qoidalarni ishlab chiqmoqda.

Yaqin Sharq institutining prezidenti Yevgeniy Satanovskiyga ko‘ra, Rossiya musulmon olami uchun diniy ulamolarni tayyorlash hozirgi asosiy muammolardan. Shu kungacha, deydi u , diniy mutaxassislarning aksariyati Birlashgan Arab Amirliklari, Misr, Tunis, Turkiya, Ummon, Qatar kabi mamlakatlardagi Islom oliygohlarida o‘qib kelishmoqda.

Janob Satanovskiyning ta‘kidlashicha, Yaqin Sharq o‘quv dargohlarida islomiy radikal oqimning ta‘siri kuchli ekanligi sababli mutaxassislar Rosssiyada tayyorlanishi maqsadga muvofiqdir. Biroq Rossiyadagi bu soha mo‘ljallangan o‘quv dargohlarida chuqur bilimli mutaxassislar yetishmaydi.

Rossiya Muftiylar kengashi raisi Damir Muhiddinovning aytishicha, yuqori malakali diniy mutaxassislar tayyorlash uchun ajratiladigan 100 million rublning atigi 20 millioni diniy o‘quv dargohlariga , qolgani dunyoviy ta‘lim o‘quv yurtlariga beriladi. Ajratilgan mablag‘ talabalarni o‘qitish, darslik olish va tajriba almashuvga yetmaydi.

"Ajratilayotgan mablag‘, hukumatning talabiga qaramasdan, Rossiyadagi dunyoviy universitetlar Islom ta‘limi bo‘yicha yaxshi mutaxassislarni chiqarmaydi. Rossiyada ta‘lim olayotgan talabalar xorijda o‘qib kelgan yoshlardan islomiy bilimlarda ancha oqsoqdir", - deydi Damir Muhiddinov.

Bundan oldin Rossiyada "Al-RTV" nomli ilk musulmon telekanali ish boshlagani, dasturlarda asosan Qur‘oni Karim, Muhammad payg‘ambar sunnati va hadislari borasida ma‘lumotlar berib borilishi xabar qilingandi.

Rossiya rasmiylari bunday kanalni ochish istagini Islom tamoyillarini Rossiya xalqiga tushuntirish zarurati bilan izohlashgan.

Islom tarixi va madaniyatiga e‘tibor oshgani aytilayotgan esada, kuzatuvchilar musulmonlarni ta‘qib qilish hollari Rossiyada keyingi paytlarda yanada kuchayganini aytishadi.

Masjidlardan yuzlab namozxonlarni hech bir sababsiz hibsga olishlar kuzatilgan.

Huquq faollari buni Rossiya hukumatining musulmonlarga qarshi siyosati sifatida ham baholashadi.

Ayni paytda "Exo Moskvy" radiosiga intervyu bergan Moskva hokimi Sergey Sobyanin poytaxtda hech qanday yangi masjid qurilmasligini ma‘lum qilgan.

Uning so‘zlariga ko‘ra, Moskvadagi masjidlarga boruvchi kishilar Rossiya fuqarolari emas, asosan mehnat muhojirlaridir. "O‘ylaymanki, butun mamlakat bo‘ylab barcha xohlovchilar uchun masjid qurib berish bu endi haddan tashqari narsa", - deb ta‘kidlagan Moskva hokimi.

-------------------------------------------------------------------------------------------

Aziz O‘quvchi!

BBC O‘zbek xizmati Sizning fikr va mulohazalaringizga ham o‘rin beradi.

Sahifamizdagi har bir xabar, audio-video materiallar, suratlar va barcha mavzularga doir fikrlaringizni maxsus formadan foydalanib bizga yo‘llashingiz mumkin.

Shuningdek, uzbek@bbc.co.uk elektron pochtamizga maktub yozing.

Biz va dunyo bo‘ylab o‘quvchilarimiz bilan o‘z hikoyalaringiz, suratlar hamda audio-video materiallaringizni baham ko‘ring.

BBC maktublarni tahrir qilish huquqiga ega.

* to'ldirish shart bo'lgan qator

Ушбу мавзуга оид кўпроқ материаллар

BBC © 2014 BBC tashqi sahifalar uchun ma'sul emas.

Ushbu sahifani CSS veb-brauzerida tomosha qilgan ma'qul. Hozirgi veb-brauzeringiz Sizga to'la vizual imkoniyatni bermaydi. Marhamat qilib o'zingizning brauzeringizni CSS veb-brauzeriga yangilash haqida o'ylab ko'ring.