BBC navigation

Suriya isyonchilari Raqqa viloyati hokimini qo‘lga olishgan

Сўнгги янгиланиш 5 март 2013 - 11:47 GMT

Raqqa markazidagi Hofiz al-Assad haykali to‘ntarilgan

Suriya isyonchilari mamlakat shimolidagi Raqqa viloyati poytaxti Raqqa shahrining ko‘p qismini egallab olgach, viloyat hokimini qo‘lga olishgan.

Raqqadan ekani aytilgan havaskor videoda hokim Hassan Jalili va yana bir yuqori darajali mulozim bayramona kayfiyatdagi qurolli jangchilar orasida o‘tirganlari namoyon bo‘ladi.

Raqqaning bosib olinishi ikki yildan beri Prezident Bashar al-Assadga qarshi kurashib kelayotgan isyonchilar uchun katta g‘alabadir.

Xabarlarga ko‘ra, Raqqaga ko‘proq davlat qo‘shinlari safarbar etilgan va hozirda viloyatning ba‘zi qismlarida to‘qnashuvlar davom etmoqda.

O‘tmishda isyonchilar o‘z qo‘llariga olgan hududlarni saqlab qolishga qiynalishgan.

Suriya Inson Huquqlari kuzatuv guruhi Raqqaga ko‘p sonli qo‘shinlar yuborilgani, hamda qiruvchi uchoqlar va tanklar shaharga hujum qilganini bildirishgan.

Ag‘darilgan haykal

Internetda chop etilgan videoda hukumatga tegishli ishonilgan askarlar "Ollohu Akbar!" deya xitob qilayotgan isyonchilar tomonidan o‘rab olingani va yerda o‘tirganlarini namoyon bo‘ladi.

Boshqa videoda esa Raqqa hokimi Hassan Jalili Baas partiyasining Raqqa viloyati bo‘limi raisi Sulaymon Sulaymon bilan isyonchilar qurshovida o‘tirganlari ko‘rinadi.

"Biz bu rejimdan qutulishni istaymiz, maqsadimiz - shu", deydi kamera ortidagi kishi mahbuslarga murojaat eta turib.

Suriya Inson Huquqlari kuzatuv guruhi janob Jalilining qo‘lga olinishini "isyonchilar tomonidan qo‘lga olingan eng nufuzli mulozimning qo‘lga olinishi" deya tasvirladi.

Guruh xolisona xabar tarqatishini aytadi, biroq uning xabaru videolarini mustaqil ravishda tasdiqlashning imkoni yo‘q.

Unga ko‘ra, qaqshatqich janglarda isyonchilar orasida jihodchi al-Nusra fronti jangchilari ham bo‘lgan.

Raqqa shahrining bosh hiyobonida isyonchilarni olqishlagan mahalliy olomon sobiq Suriya Prezidenti Hofiz al-Assad haykalining bo‘yniga arqon boylab uni yerga qulatishgan. So‘ng odamlar uning ustiga chiqib, shippaklari bilan urganlar.

Biroq, isyonchilar Raqqada to‘la g‘alabaga erishilmaganini tan olishayapti. Ularning aytishicha, Assadparast qo‘shinlar 60 chaqirim masofadagi viloyat aeroportida turib tahdid solishayapti.

Turkiya bilan chegaradagi Firod daryosi qirg‘oqlarida joylashgan Raqqa Suriyaning boshqa qismlaridagi janglardan qochgan minglab suriyalik qochqinlar uchun boshpana bo‘lgan.

Mahalliy aholi shahar isyonchilar qo‘liga o‘tishi ortidan hukumat qo‘shinlari ularga qarata nishon tanlamay o‘t ochishidan havotirdalar.

-------------------------------------------------------------------------------------------

Aziz O‘quvchi!

BBC O‘zbek xizmati Sizning fikr va mulohazalaringizga ham o‘rin beradi.

Sahifamizdagi har bir xabar, audio-video materiallar, suratlar va barcha mavzularga doir fikrlaringizni maxsus formadan foydalanib bizga yo‘llashingiz mumkin.

Shuningdek, uzbek@bbc.co.uk elektron pochtamizga maktub yozing.

Biz va dunyo bo‘ylab o‘quvchilarimiz bilan o‘z hikoyalaringiz, suratlar hamda audio-video materiallaringizni baham ko‘ring.

BBC maktublarni tahrir qilish huquqiga ega.

* to'ldirish shart bo'lgan qator

Ушбу мавзуга оид кўпроқ материаллар

BBC © 2014 BBC tashqi sahifalar uchun ma'sul emas.

Ushbu sahifani CSS veb-brauzerida tomosha qilgan ma'qul. Hozirgi veb-brauzeringiz Sizga to'la vizual imkoniyatni bermaydi. Marhamat qilib o'zingizning brauzeringizni CSS veb-brauzeriga yangilash haqida o'ylab ko'ring.