BBC navigation

Ochlik amaliyoti: "Kurash Olimpiya dasturida qolsin"

Сўнгги янгиланиш 5 март 2013 - 14:42 GMT

Armen Nazaryan esa, Xalqaro Olimpiya Qo‘mitasining tavsiyasiga ochlik e‘lon qilish bilan javob bergan yagona kurashchi bo‘lib turibdi

Yunon-rim kurashi bo‘yicha ikki karra Olimpiada chempioni armanistonlik dongdor kurashchi Armen Nazaryan Xalqaro Olimpiya Qo‘mitasining taklifiga qarshi ochlik amaliyoti bilan javob bergan.

Xalqaro qo‘mita o‘tgan oy boshida kurash kabi ko‘hna sport turini dabdurustdan 2020 yilgi Yozgi Olimpiada O‘yinlari dasturidan chiqarib tashlashni tavsiya etgandi.

Joriy paytda yunon-rim kurashi bo‘yicha Bo‘lg‘oriston milliy terma jamoasi bosh murabbiysi bo‘lgan dongdor sportchining aytishicha, "Kurash doimo Olimpiya dasturida bo‘lib kelgan va undan voz kechilishi yanglish ish bo‘ladi".

"O‘ylaymanki, norozilik amaliyotim Xalqaro Olimpiya Qo‘mitasini o‘z taklifini qayta ko‘rib chiqishga majbur bo‘ladi. Kurashchilar turli yo‘llar bilan qo‘mitaning tavsiyasiga o‘z noroziliklarini bildirishga urinishmoqda. Deylik, Bo‘lg‘oriston Kurash Federatsiyasi prezidenti Valentin Yordanov Olimpida O‘yinlarida oltin medalidan voz kechdi", deb aytgan Armen Nazaryan.

Xalqaro Olimpiya Qo‘mitasining ushbu qarori O‘zbekiston doxil kurash ommaviy sport turi bo‘lgan dunyoning qator davlatlarida norozilik bilan qarshi olingandi.

Bo‘lg‘oriston Kurash Federatsiyasi prezidentidan tashqari, rossiyalik dongdor erkin kurashchi Sagid Murtazaliyev ham oltin medalini Xalqaro Olimpiya Qo‘mitasiga qaytarib bergandi.

Kurash zamonaviy Olimpiada O‘yinlari start olgan 1896 yildan buyon dasturda bo‘lib kelgan va endi esa, yana yettita sport turi bilan birga yagona o‘rin uchun kurashishi lozim bo‘ladi.

Armen Nazaryan esa, Xalqaro Olimpiya Qo‘mitasining tavsiyasiga ochlik e‘lon qilish bilan javob bergan yagona kurashchi bo‘lib turibdi.

U 1993 yildan 1997 yilgacha xalqaro bellashuvlarda o‘z Vatani – Armanistonni namoyon etgan. Undan keyin esa, Bo‘lg‘oriston bayrog‘i ostida gilamga chiqqan.

Armen Nazaryan ikki karra Olimpiya (1996, 2000), uch karra Jahon (2002, 2003, 2005) va olti karra Ovro‘po (1994, 1995, 1998, 1999, 2002, 2003) chempioni bo‘lgan nomdor kurashchi sanaladi.

Uning aytishicha, yunon-rim kurashi bo‘yicha Ovro‘po chempionati start oluvchi 22 mart kuniga qadar faqat shinni ichish bilan kifoyalanadi, xolos.

Keskin e‘tiroz

Yozgi Olimpiada O‘yinlarida kurash - O‘zbekiston Olimpiya milliy terma jamoasi uchun eng muvaffaqiyatli sport turlaridan biri sanalib kelinadi

Xalqaro Olimpiya Qo‘mitasining taklifi Markaziy Osië, Eron, Afg‘oniston va Qofqoz kurashchilari tomonidan ham keskin e‘tiroz bilan qarshi olingandi.

Yozgi Olimpiada O‘yinlarida kurash - O‘zbekiston Olimpiya milliy terma jamoasi uchun eng muvaffaqiyatli sport turlaridan biri sanalib kelinadi.

O‘zbekiston Olimpiya milliy terma jamoasi hisobidagi eng ko‘p oltin medallarni ham aynan kurash sport turida qo‘lga kiritgan.

O‘zbekiston o‘zi ishtirok etishga muvaffaq bo‘lgan 5 ta Yozgi Olimpiada O‘yinlarida ja‘mi 20 ta medal olgan bo‘lsa, shundan 7 tasi ( 4 ta oltin va uchta kumush) kurashchilari hissasiga to‘g‘ri keladi.

So‘nggi yangilikka munosabat bildirarkan, O‘zbekiston Madaniyat va Sport ishlari bo‘yicha vaziri 1-muovini Jasur Akramov agar Xalqaro Olimpiya Qo‘mitasi kurashni 2020 yilgi o‘yinlarga kiritmasa, buning juda katta xato bo‘lishini aytgandi.

2020 yilgi Yozgi Olimpiada O‘yinlarining qayerda o‘tkazilishi hozircha noma‘lum.

Joriy paytda Istanbul, Madrid va Tokio mezbonlikka da‘vogarlik qilib turishibdi.

Xalqaro Olimpiya Qo‘mitasi bu xususdagi yakuniy qarorini shu yil sentyabr oyida beradi va kurashning "taqdiri"ni ham xuddi shu oyda hal qiladi.

-------------------------------------------------------------------------------------------

Aziz O‘quvchi!

BBC O‘zbek xizmati Sizning fikr va mulohazalaringizga ham o‘rin beradi.

Sahifamizdagi har bir xabar, audio-video materiallar, suratlar va barcha mavzularga doir fikrlaringizni maxsus formadan foydalanib bizga yo‘llashingiz mumkin.

Shuningdek, uzbek@bbc.co.uk elektron pochtamizga maktub yozing.

Biz va dunyo bo‘ylab o‘quvchilarimiz bilan o‘z hikoyalaringiz, suratlar hamda audio-video materiallaringizni baham ko‘ring.

BBC maktublarni tahrir qilish huquqiga ega.

* to'ldirish shart bo'lgan qator

Ушбу мавзуга оид кўпроқ материаллар

BBC © 2014 BBC tashqi sahifalar uchun ma'sul emas.

Ushbu sahifani CSS veb-brauzerida tomosha qilgan ma'qul. Hozirgi veb-brauzeringiz Sizga to'la vizual imkoniyatni bermaydi. Marhamat qilib o'zingizning brauzeringizni CSS veb-brauzeriga yangilash haqida o'ylab ko'ring.