BBC navigation

Ozarbayjon ruscha ismlarni ma‘n qilmoqchimi?

Сўнгги янгиланиш 6 март 2013 - 16:36 GMT

Ozarbayjon millatiga mansub ota-onalar endi o‘z bolalariga ruscha ot qo‘ya olishmaydi

"Mariya, Yekaterina, Olya yoki Alya kabi ruscha ismlarni tanlash taqiqlanadi" - deydi Ozarbayjon Terminologiya Komissiyasi raisi muovini Soyali Sodiqova.

Sodiqova xonimga ko‘ra, ba‘zi ismlarning kelib chiqishi ruscha bo‘lmasa ham, baribir, ayni nomlarni eshitganda, bu odam sobiq SSSRdan kelgan, degan fikr uyg‘onadi.

"O‘ylab ko‘ring" - deydi Bokudan BBC Ozari Xizmatiga gapirgan mulozim - "Ozarbayjonda kim o‘z qizini Dmitriy ismli yigitga uzatishni istaydi?"

Ma‘lum bo‘lishicha, yangi taqiq faqat ozari millatiga mansub oilalarga taalluqli. Bu mamlakatda yashaydigan boshqa millat vakillari farzandlariga istagan otlarini qo‘yishlari mumkin.

Ayni damda uzun va bir nechta so‘zdan iborat ismlar ham ma‘n etiladi.

Masalan, bolangizga Hoji Najafguli Og‘a, deb ot qo‘ya olmaysiz. Ota-onalar yo Najaf, yo Guli degan bitta qisqa ismni tanlashlari shart.

Terminologiya komissiyasi zaruriy o‘zgarishlarni qonunan asoslash uchun o‘z takliflarini hukumatga taqdim etgan.

"Prezident buyrug‘i asosida ismlarning yangi ro‘yxati e‘lon qilinadi va tayyor bo‘lgach, barcha ZAGS bo‘limlariga tarqatiladi" - deydi Soyali Sodiqova.

"Prezidentning buyrug‘i chiqqach, e‘tirozga o‘rin qolmaydi va bu masala boshqa muhokama etilmaydi".

"Ozarbayjonda kim o‘z qizini Dmitriy ismli yigitga uzatishni istaydi? "

Soyali Sodiqova, Ozarbayjon mulozimi

Ozarbayjonda ham sobiq Ittifoqdagi ko‘plab mamlakatlarda bo‘lganidek, aksariyat familiyalarga -ev, -ov, -eva, -ova kabi qo‘shimchalar qo‘shiladi.

Ammo mustaqillikka erishgach, ko‘pchilik ruscha qo‘shimchalardan voz kecha boshlashdi. Deylik, qayerdan kelib chiqqaniga qarab, Najafli va yo Ahmadzoda, degandek -li va yo -zoda qo‘shimchasini ola boshladilar.

Ozarbayjonda esa ayni o‘zgarishlarga nisbatan fikrlar har xil.

Ayrimlar ruscha qo‘shimcha va ismlardan voz kechishni qo‘llashadi. Boshqalar esa har bir inson bolasiga qanday ism berishni o‘zi hal qilishi kerak, bu davlat aralashadigan ish emas, deydilar.

Mustaqillik masalasi

Sobiq Ittifoqdan mustaqil bo‘lgan ko‘plab respublikalarda hali-hamon mavjud ruscha kalimalar, joy nomlari va so‘zlardagi ta‘sirlardan voz kechish jarayoni tugallangani yo‘q.

Masalan, bir necha yil oldin Tojikiston prezidenti o‘z familiyasidagi -ov qo‘shimchasini olib tashlab, Imomali Rahmon bo‘ldi.

Ammo Turkmanistondagi Qizilsuv shahrini ruslar Krasnovodsk, deb atashgan bo‘lsa, keyinroq turkmanlar Krasnovodskdan voz kechdilar-u, lekin eski ismini tiklamasdan, Turkmanboshi, deb atadilar.

Qirg‘izistonda esa o‘zbeklar yashovchi mintaqalardagi azaliy o‘zbekcha jaranglovchi joy nomlarini qirg‘izcha talaffuzga moslashmoqda. Deylik, Qorasuv shahri Kara-suu va yo O‘sh shahri Osh, deb rasman qirg‘izcha talaffuzga moslashtirilgan.

Frunze Bishkek, Leninobod Xo‘jand bo‘lib qayta o‘zgartirildi.

Ozarbayjon jamiyatida turkchilik g‘oyalariga moyillik kuchli

Tojikistonda ham nafaqat ruscha, balki qator o‘zbekcha toponimlar ham almashtirilib, fors-tojikcha qilindi. Deylik, Qorategin vodiysi hozir Rasht, deb ataladi.

Aksincha, turkchilik g‘oyalari kuchli Ozarbayjonda fors va arabcha kalimalarni turkiysiga almashtirish kechayotir. Xususan, lug‘at so‘zini hozir so‘zlik, deya atashmoqda.

Mintaqada faqat O‘zbekiston boshqa tub joy aholi vakillari - qoraqalpoq, tojik yo qozoq tillaridan kelib chiqqan toponimlarni o‘zgartirgani yo‘q.

Ammo bu mamlakatda sovet davrini eslatuvchi sho‘raviy va ruscha nomlarning ko‘pchiligi almashtirilgan.

Ayni damda, mustaqil mamlakatlar xalq tilida keng qo‘llanuvchi ruscha so‘zlarning milliy muqobillarini ham iste‘molga kiritishga urinmoqdalar.

Biroq hali hamon so‘zlashuv tilida, chiptani bilet, uchoqni samolyot yoki kabobni shashlik, deb atashadi. Shu asno adabiy va so‘zlashuv tili orasida farq saqlanib qolmoqda.

Mintaqadagi ayrim olimlar til tozaligi uchun milliy va yo sharqona kalimalar muhimligini aytishadi. Boshqalarga ko‘ra, turli tillardan qancha ko‘p so‘z olinsa va bitta narsani bir necha tilda ifodalaydigan sinonimlar qancha ko‘p bo‘lsa, til shuncha boyiydi.

Ularga ko‘ra, samolyot, uchoq va tayyora, deb bir vaqtning o‘zida ruscha, turkcha va forscha so‘zlarni qo‘llashning yomon tomoni yo‘q.

Ammo bir asrdan ko‘proq mustamlakachilik ostida qolgan yosh mustaqil mamlakatlar uchun bugun nafaqat yirik siyosiy masalalar, balki ismlar va so‘zlar ham katta ahamiyat hamda bahs-munozaraga molik bo‘lib qolmoqda.

-------------------------------------------------------------------------------------------

Aziz O‘quvchi!

BBC O‘zbek xizmati Sizning fikr va mulohazalaringizga ham o‘rin beradi.

Sahifamizdagi har bir xabar, audio-video materiallar, suratlar va barcha mavzularga doir fikrlaringizni maxsus formadan foydalanib bizga yo‘llashingiz mumkin.

Shuningdek, uzbek@bbc.co.uk elektron pochtamizga maktub yozing.

Biz va dunyo bo‘ylab o‘quvchilarimiz bilan o‘z hikoyalaringiz, suratlar hamda audio-video materiallaringizni baham ko‘ring.

BBC maktublarni tahrir qilish huquqiga ega.

* to'ldirish shart bo'lgan qator

BBC © 2014 BBC tashqi sahifalar uchun ma'sul emas.

Ushbu sahifani CSS veb-brauzerida tomosha qilgan ma'qul. Hozirgi veb-brauzeringiz Sizga to'la vizual imkoniyatni bermaydi. Marhamat qilib o'zingizning brauzeringizni CSS veb-brauzeriga yangilash haqida o'ylab ko'ring.