BBC navigation

Afg‘oniston O‘zbek chegarachilariga hujum bo‘lganini inkor etdi

Сўнгги янгиланиш 18 март 2013 - 15:23 GMT

Afg‘oniston Chegara qo‘shinlari rahbariga ko‘ra, o‘zbek harbiylari uch afg‘on politsiya xodimini Afg‘oniston hududida otib o‘ldirgan.

General Muhammad Jon Mamozayning bildirishicha, halok bo‘lganlar Afg‘oniston shimolidagi Balx viloyatining politsiyachilari bo‘lishgan.

General Mamozayning so‘zlariga ko‘ra, yetti afg‘on politsiya xodimi Afg‘oniston hududiga qarashli Amudaryo yoqasidagi hududga kirishgan. O‘zbek chegarachilari esa noma‘lum sabablarga ko‘ra ularga o‘q uzgan. Natijada uch politsiyachi halok bo‘lgan, bir kishi yaralangan. Otishma Afg‘oniston hududida ro‘y bergan, deb ta‘kidlagan general Mamozay jurnalistlarga.

Shuningdek, Qaldar mavzesi rahbarlaridan Hoji Sharofiddin ham o‘zbek chegarachilarining harakatini qoralab, afg‘on harbiylari qoidani buzmaganliklarini aytgan.

Shanba kuni O‘zbekiston Chegara qo‘mitasining ma‘lumotiga tayanib xabar tarqatgan 12news.uz veb-sayti 14 martda 30 ga yaqin afg‘on fuqarolari Afg‘on-O‘zbek chegarasini buzib o‘tishga harakat qilgani va o‘zbek chegarachilariga hujum qilganini yozgan edi.

O‘zbek-Afg‘on chegarasidagi otishma

12news.uz xabariga ko‘ra, O‘zbek-Afg‘on chegarasidagi Amudaryo o‘rtasida joylashgan Payg‘ambar Orol deb ataladigan O‘zbekistonga tegishli bo‘lgan hududda O‘zbek chegarachilari 30 tacha Afg‘on fuqarosi yurganini ko‘rib qolganlar.

O‘zbek chegarachilari bu hududni tark etishni talab qilganlari, chegarachilarning qonuniy talabini Afg‘onlar inkor etganlari aytiladi.

O‘zbek veb-saytiga ko‘ra, Afg‘oniston fuqarolaridan 10 tachasi chegarachilarga hujum qilib, ularning qo‘llaridagi qurollarni tortib olishga harakat qilganlar.

"O‘zlarining xavfsizliklari uchun chegarachilar naryadi bir necha ogohlantiruvchi o‘q otishga majbur bo‘lgan, shundan keyin hujum qilganlarga qarshi qurol qo‘llashga majbur bo‘lganlar. To‘qnashuv oqibatida to‘rt Afg‘oniston fuqarosi o‘qotar quroldan jarohat olgan, ulardan uch nafari keyinroq hayotdan ko‘z yumgan. Qolgan chegara buzuvchilar o‘z mamlakatlarining hududida yashiringanlar. Qo‘shni mamlakatning yarador fuqarosiga tez tibbiy yordam ko‘rsatildi", degan xabarni O‘zbekiston Chegara qo‘mitasi matbuot xizmati tarqatgan.

O‘zbek veb-sayti xabar qilishicha, o‘sha kuni halok bo‘lgan Afg‘onlarning jasadlari va qo‘lga olinganlarni Afg‘oniston tomoniga berishga qaror qilingan, biroq Afg‘oniston chegarachilari o‘z fuqarolarini qabul qilishdan bosh tortganlar.

Veb-sayt oxirgi paytlarda afg‘onistonliklar tomonidan O‘zbekistonga tegishli bo‘lgan orol tomonga o‘tish, ya‘ni ikki davlat chegarasini buzib o‘tish hollari ko‘paygan.

O‘zbek Chegara qo‘mitasi shu yilning boshidan buyon 22 marta ana shunday hodisa yuz bergani, Afg‘onistonning 105 fuqarosi qo‘lga olingani haqida xabar qilgan.

Payg‘ambar Orol Surxondaryo viloyati markazi Termiz shahridan 20 kilometrcha shimoli-g‘arbda joylashgan.

BBC © 2014 BBC tashqi sahifalar uchun ma'sul emas.

Ushbu sahifani CSS veb-brauzerida tomosha qilgan ma'qul. Hozirgi veb-brauzeringiz Sizga to'la vizual imkoniyatni bermaydi. Marhamat qilib o'zingizning brauzeringizni CSS veb-brauzeriga yangilash haqida o'ylab ko'ring.