BBC navigation

O‘z ashulasini aytguvchi ayol ijodkorlar ko‘pmi?

Сўнгги янгиланиш 18 март 2013 - 15:29 GMT

Ayol ijodkorlarning hozirgi o‘zbek adabiyotida qanday o‘rni bor?

Ular erkak ijodkorlar bilan bir pog‘onada turishibdimi? Yo “Sharqda azaldan shunday bo‘lib kelgan, bu – Sharq” deya har sohada erkaklar balandda turishini istagan ayrim kishilarning tasavvuricha haligacha ayol ijodkorlar jimgina o‘z aravalarini tortib yurishibdimi?

Bozillagan cho‘g‘ bosib

Bu kabi savollarga javob izlar ekanman, beixtiyor endilikda o‘tgan bo‘lib qolgan 20- asrning oltmishinchi yillari oxirlari esimga tushadi.

Toshkentdagi sobiq “Yosh gvardiya” yoshlar teatri binosi. Hassos shoir Hamid Olimjon tavalludiga bag‘ishlangan kecha bo‘lib o‘tmoqda. Shoirni xotirlab, uning sharafiga ko‘p yaxshi gaplar aytildi, she‘rlar o‘qildi. Lekin qoramag‘izdan kelgan oddiygina o‘zbek qiz-ning Hamid Olimjonning “O‘rik gullaganda”si ta‘sirida yozgan she‘rini o‘qishi teatrda hafsalasizlik bilan o‘tirgan odamni ham o‘ziga keltirdi.

Zulfiyaxonim esa, o‘rnidan turib she‘r o‘qigan qizni qattiq quchoqladi va ko‘z yoshlarini tutolmagan holda bu iste‘dodli shoira o‘zbek adabiyotining yorqin kelajagi ekanligi haqida gapirdi.

U Halima Xudoyberdiyeva edi. Sal keyinroq Halima haqida To‘xtasin Jalolov shunday yozgandi:

“Halima o‘zbek ayol she‘riyatida kutilmagan hodisa, ungacha bu san‘at koshonasida qandaydir sukunat, osudalik hukm surib, kishini mudroq bosardi. Halima bu dargohga bo‘ron bo‘lib, suron bo‘lib kirib keldi-da, to‘liqib, oshiqib, toshiqib baland parda-larda qo‘shiq boshladi.”

“Nafaqat

Zar, zo‘rlarni,

Uzsang, to‘sin, to‘rlarni,

Chayqaltirsang go‘rlarni,

Go‘rdayam hayqirolsang,

Demakki, Sen shoirsan!”

kabi o‘tli satrlar bitgan Halima yoshlik yillaridayoq hayotning og‘ir sinovlariga uchrab, uni matonat, she‘ri bilan yenggandi. Keyinchalik hayotda uni yana boshqa mashaqqatli sinovlar kutib turgandi. U azob-mashaqqatlarni yana she‘ri bilan yengib o‘ta oldi. Bu kurashda esa, unga faqat o‘zini emas, xalqini, insoniyatni o‘ylagani katta madad berdi. U “Kuz yanglig‘ so‘lib, ozib, Bozillagan cho‘g‘ bosib” qo‘rdayam hayqiroldi va Shoir nomini baland ko‘targan sanoqli o‘zbek ayollaridan biri bo‘ldi.

Shu o‘rinda zukko adabiyotshunos, marhum Ozod Sharafiddinovning quyidagi fikrini keltirish joiz, deb o‘ylayman:

“Halima bugun she‘rlarida haqiqat va adolat jarchisi bo‘lib qoldi. Uning she‘rlari-da hayot fojialari, dramalari bilan ifodalansa-da, mardonavor ruhini yo‘qotgan emas. Halimaning she‘riyati bizni bedorlikka chaqiradi, vijdonimizni uyg‘otadi. Vujudimizdan loqaydlik balosini siqib chiqarishga yordam beradi. Bu she‘riyat ko‘p yillar mobaynida kirlangan ruhiyatimizni poklashga va butlashga xizmat qiladi”.

O‘zbekiston Xalq shoiri, O‘zbekiston Qahramoni Abdulla Oripov Halima Xudoyberdiyevaning “Saylanma”siga yozgan so‘zboshisida jumladan mazkur satrlarni bitadi:

“Ta‘bir joiz bo‘lsa, men Halima Xudoyberdiyeva ijodini, uning shoir yuragini davrning doimiy tarang torlariga o‘xshatgan bo‘lardim. Chunki bo‘lib o‘tgan, o‘tayotgan har bir hayotiy jarayonlar bu yurakdan o‘z aks-sadosini topib bormoqda. Goh mungli, goh zabardast, goh tasdiqlovchi, goh inkor etuvchi... umuman, bu yo‘llarda u o‘zining o‘ch-mas izlarini qoldirib bormoqda deb aytishga har jihatdan haqlimiz, deb o‘ylayman.

Bu satrlardan so‘ng jumladan shoiraning ijodidan quyidagi satrlar keltiriladi:

Olma savog‘iday ingichka bo‘yin,

Goh yetib, gox yetmay ko‘rmadik to‘yin.

O‘lmasaydi... buyuk bo‘lardi tayin,

Yig‘im o‘layotgan bolalar uchun!

Bu satrlarni qayta-qayta o‘qir ekanman, Gorbachev qayta qurishi yillarida o‘zbek ijod-korlari, jumladan, o‘zbek shoiralari ijodida yuz bergan o‘zgarishlarni eslayman. Tug‘yon-li, isyonkor, qo‘rqmas satrlar yodimga keladi.

Chechakjon, mittijon, yur, meni boshla,

Boraylik orolning tuzliklariga.

Bostirib kiraylik xalqini sotgan

Xoin yuraklarning muzliklariga.

Har yili tug‘ilar O‘zbekistonda

O‘ttiz uch ming dona mitti tepalik.

Chechakjon, ko‘tarib bayroqlarini

Ularning boshiga yig‘lab boraylik.

Bu satrlar farg‘onalik o‘tyurak shoira Maqsuda Ergashevaning “Qutlov” she‘ridan olingan. Vaqtida bir necha she‘riy to‘plamlari nashr etilgan bu shoirani hozirda ko‘plar unutib yuborgan.

She‘r to‘qigan, she‘r yasagan haqiqiy shoir emas

Agar Maqsuda Ergasheva kabi shoiralar ko‘prok o‘zlarining ijtimoiy ruhdagi she‘r-lari bilan tanilgan bo‘lsalar, Halima Ahmedova, Zebo Mirzayeva, Zebo Rahimova, Qutlibeka Rahimboyevalar lirik she‘rlari, she‘riyatga olib kirgan yangi-yangi tashbehlar, o‘z usullari, o‘z ovozlari bilan tilga tushishdi.

“…men she‘r yozayotganimda yurak degan prizmadan his-tuyg‘ularimni o‘tkazmasam, demak-ki, mening his-tuyg‘ularim yolg‘on bo‘ladi, yasama bo‘ladi. Holbuki, she‘r yozayotgan shoir she‘r to‘qishga, she‘r yasashga o‘tsa, u haqiqiy shoir emas. Yuragingda g‘ijillab turgan, yuragingni ezib turgan narsalarni qog‘ozga to‘kmaguningcha, sen haqiqiy shoir bo‘lolmaysan. Shu ma‘nodan kelib chiqadigan bo‘lsak, har bir she‘rim - bu mening qismatim,” deb aytgandi Halima Ahmedova u bilan qurilgan suhbatlardan birida.

Halimalar va Zebolardan keyin she‘riyatga kirib kelgan shoiralar orasida Xosiyat Rustamova kabi iste‘dlodli ijodkorlar bor. Lekin ko‘pgina shoiralar yo iste‘dodlarini to‘liq namoyon eta olishmayapti, yo bir adabiyotshunos aytganidek “tezroq nazarga tushish uchun Vatan haqida she‘r bitishmoqda”.

Halima Ahmedova yuqorida eslatilgan suhbatda Vatan haqida yozish haqida gapira turib, shunday degandi:

“Men unaqa havoyi gaplarni aytishga ustamasman: Vatan mening jonimsan, jahonim-san, deb aytolmayman. Chunki bir narsani bilaman: Kimnidir yoki nimanidir qattiq sevgan odam jar solib ayta olmaydi. Bu to‘g‘ri gap. Vatanni sog‘inib, talpinib tursamda, “Vatan, men seni mana bunaqa yaxshi ko‘raman”, deb ayta olmayman, tortinaman. Vatanga unday deb ayta olmayman. Vatan sevish deb yurakni ko‘rsatishning o‘zi kifoya deb o‘ylayman.”

Lekin kuyinchak adabiyotshunoslar, ijodkorlar fikricha keyingi avlod shoiralari , jumladan Zulfiya mukofotiga sazovor bo‘lgan ijodkor qizlar orasida ham Vatan, mustaqillik haqida she‘r bitish shart, shunda tez tanilasan, deb o‘ylaydiganlar ko‘p. Bu she‘rlar esa, Halima Ahmedova kabi o‘zini hurmat qiladigan shoiralar o‘ziga hech qachon ep ko‘rmaydigan havoyi, baland-parvoz so‘zlarga to‘lib-toshgan.

Nobel mukofotidan...Insofni unutishgacha

O‘zbek adibalari orasida keyingi paytlarda eng ko‘p tilga olinadiganlar asosan Salomat Vafo va Zulfiya Qurolboy qizi bo‘lib qolishdi. Agar Zulfiya Qurolboy qizi eng yaxshi ayol adibalardan biri sifatida tilga olinayotgan bo‘lsa, Salomat Vafo ijodi borasida aytilayotgan gaplarning biri biridan osmon bilan yercha farqi bor.

Bir qarasangiz, Salomat Vafo bir necha o‘zbek ayol ijodkorlari kabi Nobel mukofotiga sazovor degan fikrlar yangraydi.

Masalan, o‘tgan yili shoir Bahrom Ro‘zimuhammad xuddi shunday fikrni o‘rtaga tashlagandi:

“Biz Salomat Vafo, Halima Ahmedova, Xosiyat Rustamova, Go‘zal Begim, Oydinniso kabi yozuvchi va shoiralarimizning qadriga yetmayapmiz. Bularga Davlat mukofotini berish kerak. Bularni xalqaro Nobelь mukofotiga tavsiya qilmoq lozim. Yevropada shunday qilishadi.”

Bir qarasangiz, Salomat Vafo ijodi bir adabiyotshunos ta‘biri bilan aytganda “tuproqqa qorishtirib tashlanadi”.

Dilfuza Komilova “Ma‘rifat gulshani” gazetasida bosilgan “… Izmlardan “hirsizm”

ga…” maqolasida Salomat Vafoni insofni unutgan deya hisoblaydi va shunday yozadi:

“O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasining “ijod.uz” veb-saytidagi nasr sahifasida Salomat Vafoning “Poyezd” nomli hikoyasini o‘qidim. Lekin muallif bu hikoyada nima demoqchi, ne maqsadda qo‘liga qalam olgan – shunisiga tishim o‘tmadi. Anglaganim shu bo‘l-diki, bu ayol yana yozuvchilikni da‘vo qilib, shu yo‘sinda “ijod” qilaversa, hurmat topol-masa kerak. Bu ham mayli, ayollikning dilbar dunyosiga putur yetkazib qo‘yishi ham tayin. Bu ayblovlar besabab emas… Salomat Vafoning “Poyezd” hikoyasini mutolaa qilish baxt-sizligiga uchrab qolgan odam esa rostmana qayt qilib yuboradi, hatto u qadar nozikta‘b bo‘lmasa ham.”

Xuddi shu maqolada muallifning o‘zi keltirgan filologiya fanlari doktori Yo‘ldosh Solijonovning fikriga ham murojaat qilaylik:

“…Xayolimda Salomat Vafo va Habib Temirov asarlaridagi personajlar, ayniqsa, ayollar nega qat‘iyatli emas? Nega bir-ikki uchrashuvdayoq erkak kishining xohish-iroda-siga bo‘ysunib, iffatini boy berib qo‘yaveradilar? Nega ular ayollik sha‘nini ulug‘lamaydi? Nega ular iqtisodiy qiyinchilikka bardosh berolmay, yengil-elpi yo‘llarni izlaydilar? – degan iztirobli savollar paydo bo‘ladi va ularga ijobiy javob topgim keladi. Ammo topolmay, oxir-oqibatda, bu yozuvchilarning estetik ideali tiniq emasligiga ishonchim hosil bo‘ladi…”.

Chang-chung qoqmaslik va g‘ijim tekislamaslik

Dilfuza Komilovaning (Dilfuza Komil) “Ma‘rifat gulshani”dagi “Beozorlik niqobidagi xavf” maqolasida adabiyotshunos Qozoqboy Yo‘ldoshning Salomat Vafo ijodiga berilgan bahosi ham keltirilgan:

“Salomat Vafo asarlarida so‘zni avaylab, puflab ishlatmaydi. Kuydiruvchi so‘zni ham, muzlatuvchi so‘zni ham o‘rni kelsa, ayamay qo‘llayveradi. Shuning uchun ham uning qalamidan chiqqan timsollar bir qadar sovuqroq, birmuncha yoqimsizroq bo‘ladi va shu jihati bilan… kishining esida uzoq saqlanib qoladi. Saralanmagan og‘riqli so‘zlar esdan chiqmaydigan obraz yaratishga xizmat qiladi. Salomat hikoyalariga odamning chang-chungini qoqib, g‘ijimlarini tekislab kiritmaydi”.

Dilfuza Komilova bu gaplarni keltirgach, o‘z fikrini bildiradi:

“Buni maqtov deb tushunish kerakmi yoki tanqid debmi? Mayli, Salomat Vafo asar-lariga “odamning chang-chungini qoqib, g‘ijimlarini tekislab” kiritmasin va buni “zamonaviy adabiyot”ning talabi deb tushuntira bersin ham, lekin aytsa uyat bo‘ladigan gaplarni, odamning o‘ta shaxsiy, (kechirasiz-u) faqat hojatxonada qilishi kerak bo‘lgan ishlarini, hirsiy tasvirlarni adabiyotga olib kirishiga unga qaysi “yo‘nalish” yo‘l ber-di, kim huquq berdi?!”

Zamonaviy o‘zbek hikoyalarini tadqiq etib kelayotgan adabiyotshunos olima va mohir tarjimon Saodat Komilova fikricha ayolga xos tafakkur olinadigan bo‘lsa, bu borada Shahodat Isaxonova, Dilbar Saidova, Salomat Vafo, Zulfiya Qurolboy qizi ijodi ajralib turadi.

Olima zamonaviy ayol nasrining eng yorqin vakillari sifatida Salomat Vafo va Zulfiya Qurolboy qizining nomini tilga oladi. Saodat Komilova bu ikki ijodkorni o‘zbek hikoyachiligi rivojidagi yangi bosqichini o‘z asarlari bilan boyitishganini ta‘kidlaydi.

Adabiyotshunosning kuzatishlaricha Salomat Vafoning yozuvchilik uslubi odatdagi “ayol nasri”dan farqlanib turadi. U tasvirda jasur va ayovsiz. Uning uslubida so‘z voqelikni yanada ko‘lamliroq etuvchi ochiqlik bilan ajralib turadi.

Shuningdek olima Salomat Vafo ijodining o‘ziga xosligi haqida gap yuritib, bunda uning asarlaridagi har bir satr atrofidagi voqea-hodisalarni ayolga xos o‘tkir hissiyot bilan qabul qilish bilan sug‘orilganini ta‘kidlaydi.

"Ko‘ngil mayllari nag‘malari"

Saodat Komilova fikricha Zulfiya Qurolboy qizi “Ayol”, “Ko‘lanka” hikoyalarida hayotiy ashyoni kuchli did, sezgi bilan tanlab oladi. U ataylab biron-bir muallif bahosi berish, joiz bo‘lsa, hukm chiqarishdan o‘zini tiyadi. Adiba o‘quvchini hayot oqimiga tashlab qo‘yadi. Lekin bu oqim muallifning estetik g‘oyasi, matlabi bilan yo‘g‘rilgan bo‘ladi. Natijada o‘quvchi hayotni “muallif aralashuvi”siz, boricha qabul qiladi. Adibaning mahorati bois o‘quvchi uning qahramonlari kulfatlari, fojialaridan, azoblaridan qiynaladi, birga mashaqqat chekadi.

Zulfiya Qurolboy qizi ijodini tadqiq etgan adabiyotshunos olim Umarali Normatov esa, adiba ijodi haqida fikr yuritar ekan, jumladan, shunday yozadi:

“Zulfiyaning bir vaqtlar tanqidchilikda mensimay qaraladigan, uncha xush ko‘rilmaydi-gan ijtimoiylikdan xoli sof “ko‘ngil mayllari nag‘malari” talqini adabiy tajribalari yo‘lidan borib yaratgan qator hikoyalari, ayniqsa, “Yozsiz yil” o‘zining badiiy-ma‘naviy ta‘sir kuchi jihatidan sof ijtimoiy yo‘nalishdagi yetuk asarlardan aslo qolishmaydi.”

Achchiq haqiqat zamiridagi kuyinchaklik

Keling, yana Nobel mukofoti masalasiga qaytaylik. Iste‘dodli shoir, yosh iste‘dodlar-ning chinakam g‘amxo‘ri Xurshid Davron bu bora fikrlay turib, shunday degandi:

“Gap adabiyotning asl bahosi faqat G‘arbda, Nobelь mukofoti berilishida degan gap-ning asossizligida. Gap Nobelь mukofotini berish jarayoni adabiy mezonlardan tamo-man yiroqlashib, siyosiy manfaatlar bilan bog‘liq ekanligida. Nafaqat, Nobelь muko-foti, boshqa juda ko‘p mukofotlar (G‘arbdayam,Sharqdayam,bizdayam) ayni shu siyosiy nuqtai nazarlardan kelib chiqib beriladi.”

“Men shoiralarimizning adabiyotimizdagi o‘rni qanday mavqe‘da ekanini juda yaxshi bilaman. Qolaversa, bu haqda oldin ham o‘z fikrimni yozganman. Xususan, Zebo Mirzoning “Ishq” kitobiga yozgan so‘zboshimda shunday jumla bitgan edim: “Bugungi o‘zbek she‘riyati-da shoiralarning alohida o‘rni yanada ochiqroq aytadigan bo‘lsam, “erkaklar” she‘riyati bilan tenglashgan darajadagi mavqe‘i bor”. Bu fikrimga bitta jumla qo‘shaman: Nafaqat she‘riyatda. Adabiyotimizdagi bu mavqe‘ aynan Halima Ahmedova, Zebo Mirzo, Xosiyat Rustamova, Zulfiya Qurolboy qizi va boshqa nomlari adabiyot ahliga va ixlosmand-lariga yaxshi tanish shoira-yu adibalarimiz ijodi bilan bog‘liq. Ularning bu mavqe‘ni men tugul, ming bir boshli tanqidchi mavjud bo‘lgandayam, rad etishdan ojiz,” deb yozgandi Xurshid Davron.

Lekin Xurshid Davron boshqa narsani istashini bayon etadi:

“Ammo, har zamon yoki kitobi chiqqandagina fikr bildiriladigan holatlarni hisobga olmasak, ularning ijodiy faoliyati (ya‘ni, ayol ijodkorlar – muallif) haqida funda-mental tadqiqotlar qachon paydo bo‘ladi? Qachongacha ular (nafaqat ular) kitoblarini ko‘tarib viloyatma-viloyat yurishadi. Qolaversa, bu ishni hammayam qilavermaydi, ayrim-larning yuzi chidamaydi, ayrimlar o‘lgan kunidan shunday qilishga majbur.”

Bu achchiq haqiqatni aytish zamirida chin ma‘nodagi kuyinchaklik yotishini sezib olish qiyin emas.

O‘zbekiston ommaviy axborot vositalarini kuzatsangiz, shu yurtda yashadingmi, uning tuzini oqla, tarzidagi fikrlarni tez-tez uchratasiz. To‘g‘ri, tuzni oqlash, jumladan, ijodkor farzandlarning ham ishi. Lekin ijodkor uchun “tuzni oqlash” dasturilamalini belgilab qo‘yish qanday oqibatlarga olib kelishini yaqqol ko‘rish uchun uzoqqa emas, yaqin o‘tmishga – Sho‘rolar davriga murojaat qilaylik. Sen shu aravaga tushdingmi, ashulasini aytasan-da, degan kabi ta‘kidlar esa, ijodkorni chegaralab qo‘yishi, ma‘lum qolipga solishi borasida misollar keltirish shart emas. Qaysi davr bo‘lmasin, kimning aravasiga tushmasin, o‘z ashulasini aytgan ijodkorlargina iste‘dodlarini o‘tkinchi shuhrat uchun qurbon qilmaganlar. Jumladan, ayol ijodkorlar ham! Shukrki, o‘zbek adabiyoti tarixida bunday ayollar bo‘lib kelgan va ular hozir ham oz emas.

Maqolani tayorlashda internet manbalardan ham foydalanildi

Ушбу мавзуга оид кўпроқ материаллар

BBC © 2014 BBC tashqi sahifalar uchun ma'sul emas.

Ushbu sahifani CSS veb-brauzerida tomosha qilgan ma'qul. Hozirgi veb-brauzeringiz Sizga to'la vizual imkoniyatni bermaydi. Marhamat qilib o'zingizning brauzeringizni CSS veb-brauzeriga yangilash haqida o'ylab ko'ring.