BBC navigation

Boks: Ruslan Chagayev yana bir raqibini nokautga uchratdi

Сўнгги янгиланиш 23 март 2013 - 14:30 GMT

Professional boksning WBA tasnifida eng og‘ir vazn toifasida sobiq jahon chempioni, o‘zbekistonlik dongdor bokschi navbatdagi reyting janggida amerikalik raqibi Mayk Sheppardni birinchi raunddayoq nokautga uchratdi.

Chap qo‘lining zarbasi bilan nom chiqargan o‘zbekistonlik dongdor bokschi raqibiga mag‘lubiyatini tan olishdan boshqa imkoniyat qoldirmadi.

Jang shunchalik qisqa davom etganidan Mayk Sheppardda, hatto, qarshi zarba berish imkoniyati ham deyarli bo‘lmadi.

Ruslan Chagayevning navbatdagi reyting janggi 22 mart kuni Olmoniyaning Berlin shahridagi Universal Hall arenasida uyushtirilgan boks kechasi doirasida bo‘lib o‘tgandi.

O‘zbekistonlik dongdor bokschi ringga amerikalik murabbiysi Shugar Hill boshchiligi ostida tushgandi.

Ruslan o‘tgan yil hisobidan o‘tkazgan har uch reyting janggidan barchasida g‘alaba qozongan.

U bundan avvalgi jangini o‘tgan yil 1 sentyabr kuni Olmoniyaning Oberxauzen shahrida o‘tkazgan va olmon bokschisi Verner Krayskottni texnik nokaut bilan mag‘lubiyatga uchratgandi.

Ruslan Chagayevning amerikalik so‘nggi raqibi Mayk Sheppard esa, professional ringda 35 ta jang o‘tkazgan va shuning 20 tasi g‘alaba qozongan. Faqat bir jangida durang natija qayd etgan va qolgan hammasini boy bergan.

Juma kungi jang Eurosport telekanali orqali olib uzatildi.

O‘zbekistonlik bokschi qator janglar o‘tkazish bilan WBA tasnifida o‘z reytingini yaxshilab, shu yil oxirlarida yana jahon chempionligi kamari uchun ringga tushishni rejalamoqda.

Ruslan Chagayevning kechagi jang arafasida Bi-bi-si O‘zbek Xizmatiga bergan suhbatini tinglash uchun pleyrni o‘ynang:

Ruslan Chagayev bir necha oydan buyon yangi murabbiysi qo‘l ostida Amerikaning Detroyt shahrida shug‘ullanib keladi.

Bo‘lajak jang

O‘zbekistonlik dongdor bokschi o‘tgan yil hisobidan o‘tkazgan har uch reyting janggidan barchasida g‘alaba qozongan

Ruslan Chagayev shu yil boshida Bi-bi-si O‘zbek Xizmatiga bergan suhbatida qayta jahon chempionligi da‘vosidan hanuz voz kechmagani va navbatdagi jangini shu yil mart oyiga rejalayotganini aytgandi.

O‘zbekistonlik bokschi bu yil ko‘proq jang o‘tkazib, shu yil oxirida o‘z vaznida jahon chempionligi kamariga birinchi da‘vogar maqomi uchun ringga tushish niyatida ekanini bildirgandi.

Mayk Sheppardga qarshi jang - Ruslan Chagayevning 2011 yil avgust oyida jahon chempionligi kamarini rossiyalik raqibi Aleksandr Povetkinga yutqazib qo‘yishi ortidan o‘tkazayotgan to‘rtinchi janggi bo‘ladi.

Ruslan o‘tgan yil hisobidan o‘tkazgan har uch reyting janggidan barchasida g‘alaba qozongan.

O‘zbekistonlik bokschi qator janglar o‘tkazish bilan WBA tasnifida o‘z reytingini yaxshilab, shu yil oxirlarida yana jahon chempionligi kamari uchun ringga tushishni rejalamoqda.

Ruslan o‘tgan yil avgust oyida Olmoniyaning o‘zi qariyb 10 yildan buyon shug‘ullanib kelgan Universum Box-Promotion klubi bilan shartnomasini buzgan va oxirgi jangini ham erkin agent maqomida o‘tkazgandi.

Amalga oshmagan jang

Ruslan Chagayevning so‘nggi jangi o‘tgan yil 1 dekabr kuniga rejalangan va uning Olmoniyaning Dyusselьdorf shahrida bo‘lib o‘tishi kutilgandi.

Ammo naq jang arafasida Sturm Box-Promotion olmon klubi Bi-bi-si O‘zbek Xizmatiga Ruslan Chagayevning shaxsiy sabablar tufayli jangga kelolmasligini bildirgandi.

O‘zbekistonlik dongdor bokschining qit‘alararo chempionlik kamari uchun olmoniyalik yangi raqibi Yoqub Sog‘lomga qarshi ringga tushishi kutilgandi.

Dastlab Ruslan Chagayevning kubalik bokschi Mayk Peres bilan jang o‘tkazishi rejalangan, ammo ringga tushishlariga sanoqli kunlar qolgan bir paytda uning yelkasidan jarohat olgani ma‘lum bo‘lgandi.

Buning ortidan dongdor bokschi Bi-bi-si O‘zbek Xizmatiga bergan suhbatida noprofessional munosabat sabab, dekabr oyidagi jangidan voz kechganligini bildirgandi.

Tarixcha o‘rnida

Ruslan Chagayev professional boksda shu paytga qadar ja‘mi 33 ta jang o‘tkazgan, shundan 30 tasida g‘olib chiqqan

Ruslan Chagayev professional boksda shu paytga qadar ja‘mi 33 ta jang o‘tkazgan, shundan 30 tasida g‘olib chiqqan, ikkitasida mag‘lub bo‘lgan va bittasini durang hisobi bilan yakunlagan.

Ruslan 2007 yilning 14 aprel kuni boshqa bir rossiyalik raqibi Nikolay Valuyevni yengib, ilk bor professional boksning WBA yo‘nalishi bo‘yicha eng og‘ir vazn toifasida Jahon chempioni bo‘lgandi.

Shundan so‘ng o‘z kamarini bir necha bor muvaffaqiyatli himoya qilgan Ruslan Chagayev 2009 yilning iyun oyida WBO va IBF tasnifi bo‘yicha eng og‘ir vazn toifasida Jahon chempioni, ukrainalik bokschi Vladimir Klichkoga yengilib, chempionlik unvonidan butkul mahrum bo‘lgandi.

So‘nggi jangiga qadar Ruslan Chagayev WBA reytingida 7-o‘rinni egallab turgandi.




* to'ldirish shart bo'lgan qator

Ушбу мавзуга оид кўпроқ материаллар

BBC © 2014 BBC tashqi sahifalar uchun ma'sul emas.

Ushbu sahifani CSS veb-brauzerida tomosha qilgan ma'qul. Hozirgi veb-brauzeringiz Sizga to'la vizual imkoniyatni bermaydi. Marhamat qilib o'zingizning brauzeringizni CSS veb-brauzeriga yangilash haqida o'ylab ko'ring.