NATO kuchlariga hujum qilgan Afg‘on politsiya xodimi qahramonga aylandi

Image caption Aksariyat mahalliy aholi Samaruddinni qahramon deb ta‘riflaydi

2011 yilda ikki amerikalik askarni o‘ldirgan Afg‘on politsiya xodimi o‘limidan keyin qahramonga aylandi. Uning oilasi BBC muxbirlari Firuz Rahimiy va Yohannes Dellga bu kutilmagan hujum ortida qanday sabablar turganini o‘rganish uchun imkoniyat yaratib berdi.

Bundan ikki yil avval 2011 yilning to‘rtinchi aprelida Samaruddin Faryobda ikki amerikalik askarga qarata o‘t ochadi.

Ikkala amerikalik askar qurbon bo‘ladi.

Samaruddin qochib qoladi.

Bu NATO kuchlariga qarshi Afg‘on xavfsizlik kuchlari askarlari tomonidan 2007 yildan beri uyushtirib kelinayotgan o‘nlab xujumlardan biri edi.

Ana shunday hujumlar oqibatida 100 dan ortiq NATO askarlari qurbon bo‘ldi.

Samaruddinni uch kun keyin topishdi.

NATO mulozimlariga ko‘ra, "uni tutish uchun amaliyot jarayonida Samaruddin qochishga harakat qildi va otib o‘ldirildi".

Samaruddinning qurbonlari 32 yoshda bo‘lgan serjant Skot Burges va 26 yashar Maykl Lammertslar edi.

Ular Afg‘onistonga kelishganiga atigi ikki oy bo‘lgan va Faryobda chegara qo‘shinlari mulozimlari bilan Amerika qo‘mondonlarining uchrashuvida xavfsizlikni ta‘minlayotgan bo‘lishgan.

Askarlarning hamkasblari ularni iliq ta‘riflashgan, doim yordamga tayyor quroldoshlor o‘laroq maqtashgan.

Har ikkala qurbonning ham ortida turmush o‘rtog‘i va ikkitadan farzandi qoldi.

Samaruddinning inisi uning o‘limini yaxshi eslaydi.

Image caption Mahalliy masjidga Samaruddinning nomi berildi

Tongda chegara politsiya xizmatida otishma ovozlarini eshitadi.

"Men xavotirga tushdim va Samaruddinga telefon qildim", deydi u.

"U bir marta zang ketganidan telefonga javob berdi. Men undan ikki amerikalik askarni otib tashlashibdi, bu haqda eshitdingmi deb so‘radim. U mendan qayerdaligimni so‘radi. Tez shahardan ketgin, men otdim ularni dedi...Men dahshatga tushdim. Unga ishonmasdim", deydi Samaruddinning inisi.

Aslida bu kabi hujum uyushtirganlar uchun qochib qolish anchayin noodatiy holat.

Ammo, Samaruddin qochdi va yana o‘z ota uyiga keldi.

Uning qarindoshi G‘ulom bu xabarni eshitiboq uyga shoshadi.

"Samaruddin juda hayajonda va garang edi", deydi u.

"Men uning oldiga kelganimda u yig‘lay boshladi. Men uning peshonasidan o‘pdim va yig‘lama dedim..."

Zo‘ravonlik

O‘sha otishmadan avvalgi hafta Afg‘oniston bo‘ylab norozilik namoyishlar kechgan va aksariyatida zo‘ravonlik holatlari ro‘y bergandi.

Hammasiga Amerikadagi kichik bir cherkov a‘zolari muqaddas Qur‘onni yoqishgani sabab bo‘lgandi.

G‘ulomning aytganlari esa, Samaruddin nima uchun bu hujumga qo‘l urganini ochiqlaganday...

"Men unga sen dining uchun bu ishni qilding, bundan g‘ururlanish kerak", dedim.

"Biz hammamiz g‘azabda edik".

Image caption Samaruddin 2011 yilning to‘rtinchi aprelida otib o‘ldirgan amerikalik askarlari

Bu kabi qarashlar ehtimol tashqaridan qaraganda dahshatnok ko‘rinar, ammo Samaruddinning aksariyat qarindoshlari, do‘stlari va qo‘shnilari uchun bu g‘azabu nafrat begona emas.

Namoyishlar tobora zo‘ravon tus oldi, Mozori Sharifdagi BMT vakolatxonasiga hujum qilindi va bir necha xorijlik o‘ldirildi.

Samaruddinning oilasiga ko‘ra, u bu voqealarni ko‘ngliga juda yaqin olgan.

Samaruddin norozilik namoyishlarida qatnashadi.

Masjidga borib eng oldingi qatorda o‘tiradi.

Uning inisi Nurmuhammadga ko‘ra, masjid imomi Samaruddinni yaxshi eslaydi.

"Mullaning aytishicha, Qur‘on yoqilganini eshitib, u o‘zini yig‘idan to‘xtatolmagan", deydi Nurmuhammad.

"Bu voqea yakshanbada bo‘lgan. Dushanba kuni esa, Samaruddin ikki amerikalikni otib o‘ldirdi. Hamma uning o‘z dini va Qur‘on uchun shahid bo‘lganini biladi".

Samaruddin kechasi uyida qolgan, kunduzi masjidda yashiringan.

U yerdan Samaruddin bir do‘stiga qo‘ng‘iroq qilib, yashirinish uchun yangi joy topib berishni so‘ragan. NATO kuchlari Samaruddinni o‘sha yerda topishadi.

Qadamjoga aylangan mozor

Aksariyat mahalliy aholi Samaruddinni qahramon deb ta‘riflaydi.

"Minglab odamlar uning dafn marosimiga kelishdi", deydi Samaruddinning yaqinlari.

"Daryoning sohili odamlar bilan liq to‘la edi", deydi Samaruddinning amakisi.

Samaruddinning qabri ziyoratgohga aylandi. Unga nisbatan yozilgan she‘rlar va diniy duolar qabr atrofiga terildi.

Qo‘ni-qo‘shnilar talabi bilan mahalliy masjidga uning nomi berildi.

Ammo, ba‘zilar Afg‘onistonga ittifoqchi sanalgan ikki amerikalik askarni o‘ldirish bilan kimdir qahramonga aylanganidan xavotirda...

Abdul Mo‘min Makrit mahalliy imomlardan va uning aytishicha, mamlakatga yordam uchun kelgan askarlarni o‘ldirishni din oqlamaydi.

"Ular bizga xizmat qilish uchun kelishgan...Biz ulardan minnatdor bo‘lishimiz kerak", deydi u.

"Afg‘onlar mehmondo‘stligi bilan tanilgan. Biz hech bir gunohsiz mehmonni otib o‘ldirmasligimiz kerak", deydi mahalliy mullolardan Abdul Mo‘min Makrit.

"Ayrimlar esa bu kabi hujumchilarni "mujohid" va yo "shahid" deb atashmoqda. Aksariyat bu so‘zlarning ma‘nosini bilmaydi. Islom bu kabi hujumlarga yo‘l bermaydi".

Makrit janoblariga ko‘ra, savodsizlik va e‘tiborsizlik aksariyat yoshlarni turfa guruhlarning izmiga tushib qolishiga sabab bo‘lmoqda.

Samaruddinning onasi o‘z o‘g‘lining ulkan maqsad yo‘lida qurbon bo‘lgani haqida gapirmaydi.

19 yashar bo‘lgan Samaruddinni politsiyaga ishga kirishidan qaytaraman deb joni halak bo‘lganini aytadi.

"Men unga agar shu ishga kirsang, politsiya idorasi qarshisiga borib o‘zimni o‘ldiraman", dedim. Quloq solmadi. 22 oy ishladi. Qancha azob chekkandim uni voyaga yetkazgunga qadar...Baribir yo‘qotdim bolamni..."

Oddiy bolalik

Samaruddinning uyida uning katta portreti osilgan.

Image caption Samaruddining qabri...

Ukasi Samaruddinni qiruvchi uchoq va Qur‘on kitobi oldida tushganday manzara hosil qiluvchi yasama suratlarni ko‘rsatadi.

"Samaruddin barcha bolalar kabi futbolga qiziqqan, maktabdan qochib yurgan", deydi uning qarindoshi G‘ulom.

Boshqa afg‘onlar kabi urushlardan azob chekkan, Pokistonga muhojirlikka ketgan va keyinroq ona vataniga qaytgan bir afg‘on taqdiri...

Ichki hujumlarning aksariyatida Toliblar ayblanadi. Ba‘zida mahalliy va xorijiy kuchlar o‘rtasida tortishuvlar zo‘ravonlikka aylanadi.

Ammo, Samaruddinning fojeasi chuqurroq bir voqe‘likka ishora etadi.

Amerikalik jurnalist Anna Badkhen Samaruddinning chegaradagi hamkasblari bilan uchrashgan.

"Men uning rahbarlari bilan ko‘rishdim. Juda ko‘p ko‘k choy ichdik. Sigaret chekdik. Bilasizmi, hali ham politsiyada ishlaydiganlarning ayrimlari uni qahramon deb tanishadi", deydi jurnalist.

"Bu kabi qarashlar isyonkorlar hujumlaridan ko‘ra ham xatarnokdir", deya qo‘shimcha qiladi u.