O‘zbekiston: Prezident Karimov qarindosh-urug‘chilikka qarshi gapirdi

Image caption Prezident Karimovning so‘zlari uning sog‘ligi yomonlashgani va hokimiyat uchun pinhona kurashlar avj olgani haqidagi xabarlar manzarasida yangragan

1 aprel kuni Toshkent viloyatining navbatdan tashqari sessiyasida gapirgan Prezident Islom Karimov kadrlarni tanlashda qarindosh-urug‘chilikka yo‘l qo‘ymaslik kerakligini ta‘kidlagan.

Janob Karimovga ko‘ra, yuqori martabali mulozim yoki rahbar "eng avvalo bugungi shiddat bilan o‘zgarib borayotgan dunyoning talablariga javob berishi kerak".

"U o‘ziga ishonch bildirgan odamlar oldidagi mas‘uliyatni chuqur his qilishi, eng dolzarb muammolardan boxabar bo‘lishi lozim", - degan Prezident.

Uning so‘zlariga ko‘ra, "rahbar shaxs xalqning dard va tashvishlari, orzu va umidlari bilan yashashi kerak".

Janob Karimov mulozimlarni odamlarni bir-biridan ajratmasdan, hammaga adolatli munosabatda bo‘lish, tanish-bilishchilik va qarindosh urug‘chilikdan uzoq turish haqida ogohlantirgan.

General-hokim

Prezident Karimov Toshkent viloyatining sobiq hokimi Rustam Holmatovni aholini gaz va elektr, shuningdek, yoshlarni ish bilan ta‘minlamagani uchun tanqid qilgan.

"Agar u o‘z atrofida odamlarni mamlakatni rivojlantirishdek ezgu maqsad yo‘lida birlashtirganida, bunday muammolar kelib chiqmas edi", degan Prezident.

Sessiyada bunga qadar Andijon viloyatini boshqargan Ahmadjon Usmonov Toshkent viloyatining yangi hokimi etib tayinlangan.

55 yoshli Usmonov Bosh vazir Shavkat Mirziyoyevning yaqin odami sifatida ko‘riladi.

Janob Mirziyoyev Jizzaxga hokimlik qilgan 1990-yillar oxirlarida Ahmadjon Usmonov Jizzax viloyat ichki ishlar idorasi, keyinchalik esa Namangan viloyat ichki ishlar boshqarmasi boshlig‘i bo‘lgan.

Prezident Islom Karimov militsiya generali bo‘lgan Usmonovni 2005 yil mayidagi Andijon voqealari ortidan ushbu viloyatga hokim etib tayinlagan edi.

Hokimiyat uchun kurashlar

Prezident Karimov kadrlarni tanlashda qarindosh-urug‘chilikka yo‘l qo‘ymaslik haqida bundan avval ham gapirgan, ammo so‘nggi bayonot Prezidentning to‘ng‘ich qizi Gulnora Karimovaning, kuzatuvchilar nazarida O‘zbekistondagi oliy hokimiyatga da‘vosi yanada qat‘iylashib borayotgan bir paytda yangragan.

Shu oy boshida Karimova xonim O‘zbekiston prezidentligiga o‘z nomzodini surishni istisno qilmasligini aytgan.

Las-Vegasda joylashgan Celebrity Scene News ko‘ngilhushlik va piar axborot vositasiga bergan intervьyusida Gulnora Karimova Prezident lavozimida o‘zini sinab ko‘rishiga ishora qilgan.

"Buni sinab ko‘rmagunimcha, bu savolga javob bera olmasam kerak (kuladi). Hozirgi holatimdan mamnunman. Men biron loyihani bajara olishiga ishonch hosil qilmaguncha, qadam tashlamaydigan odamman", - degan u.

Prezident Toshkent viloyat kengashi deputatlari qarshisida nutq so‘zlagan 1 aprel kuni Gulnora Karimova shuningdek, Twitter mikroblogidagi sahifasida prezidentlikka yana bir ehtimoliy nomzod-Bosh vazir o‘rinbosari Rustam Azimovga qarshi hujumlarini davom ettirib, bu safar uni korruptsiyada ayblagan.

"Bu yerda yigitlar aytishyaptiki, 4 milliard dollar!!! Azimovda bor", deb yozgan Karimova xonim.

25 mart kungi tvitlarida Gulnora Karimova Rustam Azimov Osiyo Taraqqiyot Banki O‘zbekistonga ajratga kreditlarning noqonuniy o‘zlashtirilishiga aloqadorligini da‘vo qilgan edi.

U shuningdek, O‘zbekiston Moliya vaziri bo‘lgan janob Azimov "Karimovlar oilasining hamyoni" degan iddaolarni ham rad etgan.

Rustam Azimovning Gulnora Karimovaning chiqishlariga munosabati ma‘lum emas.

O‘zbekistonda hokimiyat yopiq va yuqori martabali mulozimlarning bir-birlarni tanqid qilishlari noodatiy hol.

Tahlilchilarga ko‘ra, Gulnora Karimovaning so‘nggi chiqishlari hokimiyat uchun pinhona kurashlar ochiq tus olayotganini anglatadi.