Markaziy Bankning sobiq mulozimi poraxo‘rlikda ayblanmoqda

Image caption Bank tizimi O‘zbekistondagi eng korruptsiyalashgan sohalardan biri, deb ishoniladi.

O‘zbekiston Markaziy Banki raisining 23 mart kuni lavozimidan chetlatilgan sobiq o‘rinbosari Shuhrat Haydarovga qarshi mansab vakolatlarini suiste‘mol qilish va poraxo‘rlik ayblari bilan jinoyat ishi ochilgan.

Avvalroq mahalliy internet nashrlari sobiq mulozimning hibsga olingani haqida xabar tarqatgandi.

So‘nggi abarlarga ko‘ra, janob Haydarov 25 mart kuni Toshkent shahar mahkamasining qarori bilan garov evaziga ozodlikka chiqarilgan.

12.uz nashrining xabar qilishicha, unga nisbatan O‘zbekiston Jinoyat Kodeksining "mansab vakolatlarini suiste‘mol qilish", "soxtakorlik" va "pora olish" haqidagi bandlari bilan jinoiy surishtiruv olib borilmoqda.

Prokurorlar 42 yoshli Shuhrat Haydarovning jinoiy mablag‘larni qonuniylashtirishda ishtirok etgani va kredit shartnomalari hamda tenderlarni soxtalashtirganini da‘vo qilishgan.

Shuhrat Haydarovning o‘rniga Ulug‘bek Mustafoyev Markaziy Bank raisining o‘rinbosari etib tayinlangan.

O‘tgan oy Toshkentdagi Ipoteka Bankning bir qator boshqaruvchilari moliyaviy jinoyatlarda ayblanib, hibsga olingandi.

Markaziy Bank mulozimiga qarshi qo‘zg‘atilgan jinoyat ishining bu hibsga olishlarga aloqasi bor-yo‘qligi noma‘lum.

Hibsga olishlar shu yil boshida Markaziy Bank xorijiy valyutalarni sotishning yangi tartibini joriy etish ortidan yuz bergan.

Yangi tartibga muvofiq, fuqarolarga naqd valyuta sotish taqiqlanadi.

Toshkentdagi tijoriy bank xodimlaridan birining BBCga bildirishicha, shu kunlarda o‘z hisoblariga xorij valyutasida pul qo‘yayotgan fuqarolarga faqat chet elga safar qilganlari taqdirdagina bu pulni yechib olishlari mumkinligi aytilmoqda.

Ammo o‘z hisobidagi 2 ming dollar miqdoridagi mablag‘ni olish maqsadida Qozog‘istonga safar qilgan qashqadaryolik bir mijozning aytishicha, u kuniga faqat 100 dollardan pulni yechib olishga muvaffaq bo‘lgan, xolos.

Shuhrat Haydarovning lavozimdan chetlatilganini tasdiqlagan Markaziy Bankning nomini oshkor etishni istamagan mulozimi BBCga bu borada sharh berishdan bosh tortdi.

"Davlat ichidagi davlat"

Shuhrat Haydarov hozirga qadar O‘zbekiston Markaziy Bankining korruptsiyada ayblangan eng yuqori martabali mulozimidir.

Markaziy Bank raisi Fayzulla Mullajonov hukumatda eng uzoq muddat ishlagan shaxslardan biri hisoblanadi.

65 yoshli Mullajonov 1991 yildan buyon Markaziy Bank va pul-kredit siyosati bo‘yicha hukumat komissiyasiga rahbarlik qiladi.

O‘zbekistonning iqtisodi va moliya tizimi yopiq hisoblanadi.

Tahlilchilar bu yopiqlik boshqa sohalarda bo‘lgani kabi bank tizimida ham korruptsiyaning urchishiga olib kelganini ta‘kidlaydilar.

Avvalroq Buxoro viloyati misolida bank tizimlarining qanday ishlashini o‘rgangan Buxorodagi Gumanitar-huquqiy markaz banklar "davlat ichidagi davlat" va ularning boshkaruvchilari uchun xususiy daromad manbayiga aylangan, degan xulosaga kelgan.

Markaz rahbari Shuhrat G‘aniyevga ko‘ra, oddiy fermer bankdan kredit olish imkoniga ega emas va xodimlar amaldorlarning yaqinlariga xizmat ko‘rsatishga majburlanadilar.

"Banklar yopiq institutga aylangan va jamiyat ularning qanday ishlashini bilmaydi", - deydi Shuhrat G‘aniyev.