O‘zbekiston ochiq jamiyat barpo etmoqchi. Eksperiment bilan

O‘zbekiston Prezidenti Islom Karimov farmoyish imzolab "Davlat idoralarining shaffofligi" borasidagi yangi qonun loyihasining Samarqand va Buxoro viloyatlarida sinab ko‘rilishiga buyruq bergan.

Bu haqda O‘zbekiston mahalliy matbuoti xabar tarqatgan.

Bu yangi qonun loyihasiga ko‘ra, hukumat idoralari har qanday shaxsdan tushgan arz va shikoyatga 15 kun ichida, matbuot so‘rovlariga esa yetti kun ichida javob berishlari kerak.

Prezident farmoyishiga ko‘ra, Samarqand va Buxoro viloyatlaridagi davlat hokimiyati idoralari o‘z faoliyatlarining ochiqligini ta‘minlash bo‘yicha tajribani bir yil davomida boshlaridan o‘tkazadilar.

Farmoyishda davlat boshqaruvi idorasiga murojaat qanday shaklda bo‘lishidan qat‘i nazar, og‘zakimi, yozmami, elektron pochta orqalimi yoki o‘zining ishonchli vakili orqali bo‘ladimi, bu idora javob qaytarishi shart.

Bu yo‘ldagi ishlar, undan ko‘zlangan maqsad haqida O‘zbekiston parlamenti joylarda tushuntirish ishlari va anjumanlar tashkil etishi lozim.

Bir yildan keyin ikki viloyatda o‘tkazilgan eksperimentlar xulosalariga tayanib davlat idoralari ochiqligi yoki shaffofligi haqidagi qonunni qabul qilish mo‘ljallangan.

O‘zbekiston yopiq mamlakat ekani nafaqat ichki, balki xalqaro miqyosda ham ta‘kidlab kelinadi.

Davlat idoralariga terrorchilik xuruji oldini olish bahonasida hokimliklar binolari, vazirlik va boshqa davlat idoralari binolari bir necha metrli temir to‘siqlar bilan yopib chiqilgan.

O‘zining shikoyatini bu to‘siqlar osha idora qabulxonasiga yetkazish aksar oddiy fuqarolar uchun imkonsiz amalga aylangan.

Mahalliy inson huquqlari himoyachilari esa militsiya yoki prokuratura ustidan yozilgan shikoyat aynan o‘sha rahbarning o‘ziga ijro etish uchun yuborilishi oddiy holga aylanganini aytishadi.

Respublikaning eng oliy tizimlari matbuot xizmatlari esa jurnalistning muayyan masala bo‘yicha sharh berish so‘roviga "akkreditatsiya yo‘qligini" ro‘kach qilib javob qaytarishdan bosh tortishlari qoidaga aylanganiga ham ko‘p bo‘ldi.

Ushbu ochiqlikka tomon intilish va kuni-kecha Bosh prokurorning inson haqlarini buzgan mansabdorni javobgarlikka tortish haqidagi qonun loyihasi bilan chiqishi haqidagi xabarlarda ayrimlar "Arab bahori"ga javobni ham ko‘rmoqdalar.

O‘zbekistonda "Arab bahori"ni qoralash maqsadida targ‘ibot-tashviqot keng yo‘lga qo‘yilganiga qaramasdan, uzoq Arab o‘lkalarida oddiy insonlarning arzu-dodlariga quloq solinmagani va adolatsizliklar qudratli tizimlar yemirilishiga olib kelganini yaxshi anglashadi.