Shimoliy Koreya chegaradagi sanoat markazini yopib qo‘ydi

Image caption Keson sanoat hududida ikki Koreyaning ham ishchilari ishlaydi

Shimoliy Koreya chegaradagi Keson qo‘shma sanoat zonasiga janubiy koreyalik mutaxassislarni kiritmay qo‘ygan. Bu haqida Janubiy Koreyaning qo‘shilish bo‘yicha vazirligi xabar qildi.

Kesonda 100dan ortiq zavodlar va korxonalar amal qiladi. Ularda 50 mingdan ortiq shimoliy koreyalik va bir necha yuz nafar janubiy koreyalik mutaxassislar ishlaydi. Bu zonaga kirish uchun ularga kundalik ravishda maxsus ruxsatnoma beriladi.

"Janubiy Koreya kirishga to‘siq qo‘yilganidan chuqur taassuf izhor qiladi va bu qarorning zudlik bilan bekor qilinishiga chaqiradi", - dedi qo‘shilish bo‘yicha vazirlik vakili.

Keson Shimoliy Koreya uchun asosiy daromad manbalaridan biridir va u yerdagi vaziyat, tahlilchilarga ko‘ra, ikki Koreya o‘rtasidagi o‘lchagichdek xizmat qiladi.

Ayni damda bu vaziyatni misli ko‘rilmagan deya baholab bo‘lmaydi. 2009 yil martida Pxenyan Janubiy Koreya va AQShning qo‘shma harbiy mashqlari tufayli huddi shunday chora ko‘rgandi.

Biroq, u chora o‘ta qisqa vaqt amalda qolgan.

AQSh javob berishga tayyor

Shimoliy Koreya bu chorasiga Vashingtonning "nomaqbul ishoralari" sabab bo‘lganini aytadi.

Bir necha soat avvalroq AQSh Davlat kotibi Jon Kerri Amerika o‘zi va o‘z ittifoqchisi Janubiy Koreyani Shimoliy Koreyaning yadroviy tahdididan himoya qilishga tayyor ekanini aytgan.

Bu bayonot Kerri va uning janubiy koreyalik hamkasbi Yun Byon Sening qo‘shma matbuot anjumanida yangragan.

Kerri o‘tgan fevral oyida Shimoliy Koreya tomonidan amalga oshirilgan uchinchi yadroviy sinovlar tufayli tadbiq qilingan BMT sanktsiyalari Shimoliy Koreyani g‘azabini qo‘zg‘aganini aytdi.

Ammo, Pxenyan, shuningdek, AQSh va Janubiy Koreya olib borayotgan keng ko‘lamli qo‘shma harbiy mashqlardan norozi.

O‘z navbatida, Pentagon vakili Jon Littl Shimoliy Koreya qirg‘oqlariga yuborilgan AQShning ikki esminets kemalari "bizga va bizning ittifoqchilarimizga qarshi raketalar hujumini bartaraf qilish" maqsadini ko‘zlashini bildirdi.

Seshanba kuni Pxenyan Yonbendagi yadroviy reaktorida ishni qayta boshlashini e‘lon qildi. Amerikaliklar fikrida bu qip-qizil provokatsiyadir.

Avvalroq BMT Bosh kotibi Pan Gi Mun bu inqiroz o‘ta chuqurlashib ketgani va zudlik bilan Shimoliy Koreya bilan muzokaralarni boshlash lozimligini aytgan.