BMT Qirg‘iz hukumatidan milliy ozchiliklarga adolat bilan yondashishni so‘ramoqda

Image caption Xalqaro qo‘mita zo‘ravonliklarning asl sabablari chuqur o‘rganilmas ekan bu kabi hodisalar yana kelib chiqishidan ogohlantiradi.

BMTning irqiy kamsitishlarni bartaraf etish qo‘mitasi Qirg‘iz hukumatidan milliy ozchiliklarning muammolarini yechish qarorini kutmoqda.

Xalqaro qo‘mita bu borada Qirg‘izistonning navbatdagi hisoboti yuzasidan yakuniy qaydlarini e‘lon qilgan.

Qirg‘iz hukumatining masalaga konstruktiv munosabatini olqishlar ekan, qo‘mita mavjud ijobiy va salbiy jihatlarga e‘tiborni qaratadi.

BMT qo‘mitasi Qirg‘izistonda milliy ozchiliklarni diskriminatsiya qilishga qarshi amallarni, jumladan yangi Konstitutsiyaning qabul qilinishi, yangi Jinoyat kodeksi, Mehnat kodeksiga o‘zgartish kiritishni yoqlash bilan birga, mamlakatda kelib chiqqan milliy nizolardan xavotir izhor etgan.

E‘lon qilingan hujjatda 2007 yildan buyon Qirg‘izistonda qirg‘izlar bilan turli etnik guruhlar, xususan o‘zbeklar, dunganlar, kurdlar, mesxeti turklari orasida kelib chiqqan milliy nizolarning ildizlarini o‘rganishilishi kerakligi ta‘kidlagan.

Qo‘mita ayniqsa 2010 yil iyun oyida O‘sh va Jalolobodda o‘zbeklar va qirg‘izlar o‘rtasidagi qonli to‘qnashuvlardan alohida xavotir bildiradi.

Shuningdek, qonli tartibsizliklar natijasida katta miqdordagi qurbonlar berilgani, uy-joy, do‘konlarga o‘t qo‘yilgani, zo‘ravonliklar, vahshiyliklarning asl sabablari chuqur o‘rganilmas ekan bu kabi hodisalar yana kelib chiqishidan ogohlantiradi.

Qo‘mita O‘sh zo‘ravonligi voqealari bo‘yicha mavhum qolayotgani holatlarga oydinlik kiritishni so‘raydi.

Xalqaro tashkilotning yana bir xavotiri kelib chiqishidan qat‘iy nazar aholi qo‘liga tushib qolgan qurollar to‘liq yig‘ib olinmaganini aytgan.

Qirg‘iz hukumati o‘z hududida yashayotgan etnik guruhlar o‘rtasidagi muloqotni va qo‘shnichilik ruhini tiklash yo‘lida nimalar qilinmoqda?

Bu maqsadda turli etnik qatlamlar, shuningdek shahar va qishloqlar orasidagi ijtimoiy-iqtisodiy farqlarni hal qilish, milliy ozchiliklarni mamlakat siyosiy va ijtimoiy hayotida ishtirokini kengaytirish va huquqlarini himoya qiladigan maxsus qonun qabul qilishni ko‘rib chiqishni so‘ragan.

Shu maqsadda Qo‘mita Qirg‘izistondan demokratik jamiyat qurish maqsadiga qaratilgan islohotlarni olib borish kerakligini ta‘kidlaydi.

Qo‘mita avvalgidek o‘zbek huquq faoli Azimjon Asqarovning taqdiri borasida xavotirlarini bildirarkan, unga nisbatan adolatli mahkama jarayoni o‘tkazish muhimligini urg‘ulaydi.

Sud tizimini isloh qilish masalasida iyun voqealariga aloqadorlikda ayblanib qamalgan shaxslarning ishi adolatli ravishda qayta ko‘rib chiqish tavsiya etilgan.

Iyun voqealarida haqiqiy aybdorlarni topib jazolash, adolatsiz mahkama qurbonlariga nisbatan haqiqatni qaror topshirish, militsiya va huquq tartibot organlariga nisbatan ishonchni shakllantirish kelajakdagi o‘zaro munosabatlar natijasini belgilashi ko‘rsatilgan.

Shuningdek 2010 yil iyunidan keyin ichki muhojirlarning mavqei, milliy ozchiliklarning ona tiliga nisbatan huquqlarini ta‘minlash kerakligi bildirilgan..

BMTning irqiy kamsitishlarni bartaraf etish qo‘mitasi Qirg‘iz hukumatidan qayd etib o‘tilgan masalalar bo‘yicha hisobotni 2016 yil oktyabr oyida taqdim etishni, sanab o‘tilgan muammolarni bartaraf etishni so‘raydi.