Mirjalol Qosimov jahon chempionati, tan bergan murabbiyi va jamoaning o‘yini haqida

Image caption Hozirgi paytda Mirjalol Qosimov O‘zbekiston milliy terma jamoasi va Toshkentning "Bunyodkor" klubi bosh murabbiysi

BBC: O‘zbekiston milliy terma jamoasi Livanga qarshi so‘nggi uchrashuvi ortidan, Braziliya sari muhim qadam qo‘ygan va o‘z tarixida ilk bor jahon chempionatiga yo‘llanmani qo‘lga kiritishida ikkita eng muhim uchrashuvi qolgan bir vaziyatda Bosh murabbiy Mirjalol Qosimovni xosan mehmonimiz etib, ruknimizga taklif etdik. O‘quvchilarimiz va futbol ishqibozlaridan u kishiga kelgan savollar ham ozmuncha bo‘lmadi:

BBC: Mirjalol aka, uzr, oddiy bir futbol ishqibozi sifatida o‘zimning ham sizdan so‘raydigan ayrim savollarim bor edi. Devid Bekhemni olamizmi yoki Mario Balotelli, yulduz futbolchilarning o‘z murabbiylari bilan chiqishmay qolgan paytlari ko‘p bo‘ladi. Mana, siz ham yulduz futbolchi sifatidagi porloq karerangiz ortidan murabbiylikka o‘tdingiz. Agar, gapning rostini aytadigan bo‘lsak, futbolchi bo‘lish osonroq ekanmi yoki murabbiy bo‘lish?

Mirjalol Qosimov: Futbolchilik bilan hozirgi murabbiylik paytimni taqqoslaydigan bo‘lsam, menimcha, murabbiylik qiyinroq. Nimagaki, futbol o‘ynagan davrimda faqat o‘zim uchun, o‘zimning harakatlarim uchun javob berardim. Murabbiylik paytingizda esa, butun milliy terma jamoaga bosh murabbiy javob beradi. Shuning uchun ham, menimcha, murabbiylik sal qiyinroq. Yaxshigina farqi bor.

BBC: Keyingi savolim esa, agar jahon futbol olamiga nazar tashlaydigan bo‘lsak, butun dunyo tan olgan yulduz futbolchilar ham, dongdor murabbiylar ham barmoq bilan sanarli bo‘ladi, to‘g‘rimi. Mirjalol aka, siz dunyoning eng sara futbolchisi va eng mohir murabbiysi, deb kimni tan olasiz?

Mirjalol Qosimov: Har bir davrning o‘ziga yarasha o‘yinchilari bo‘lgan, o‘ziga yarasha murabbiylari bo‘lgan. Agar, hozirgi paytni nazarda tutib aytadigan bo‘lsak, Joze Mourino kuchli murabbiy. Del Boskeni ham juda hurmat qilaman, keyin ser Aleks Fergyusonni. Eng zo‘r futbolchi masalasiga kelsak, hozirgi paytda Lionel Messiga yetadigan o‘yinchi dunyoda yo‘q bo‘lsa kerak, degan fikrdaman. Ya‘ni hozir jahondagi eng kuchli futbolchi – Messi, deb hisoblayman.

BBC: Yana bir savolim, Maradona bo‘ladimi, Xosep Gvardiola, Ruud Gullit yoki mana, o‘zingiz misolingizda Mirjalol aka, yulduz futbolchilik ortidan, murabbiylikka o‘tgansiz. Futbolchilik sir-sinoatidan boxabar ekani o‘sha yulduz futbolchining murabbiy sifatidagi muvaffaqiyatini ham kafolatlay oladimi?

Mirjalol Qosimov: Men yo‘q, deb o‘ylayman. Agar, shunaqa bo‘lganida, hamma yulduz futbolchilar murabbiyga aylangan bo‘lishardi. Jahonga mashhur murabbiylar orasida sobiq yulduz futbolchilar ham, o‘rtamiyona o‘yinchilar ham bor. Boshqa sohadan kirib kelgan insonlar ham bo‘ladi. Mana, hamma biladi, Joze Mourino ham murabbiylikdan oldin tarjimon bo‘lgan. Shuning uchun ham, nafaqat sport, balki boshqa sohalarda ham buning birlamchi zamini – mehnat, deb o‘ylayman. Inson tinmay o‘z ustida ishlasa, kelajakda yomon bo‘lmaydi, o‘z oldiga qo‘ygan maqsadiga erishadi.

BBC: Abdulbosit Mannopovning savollari esa quyidagicha. U kishi “O‘zbekiston milliy terma jamoasining sizdan avvalgi Bosh murabbiyi Vadim Abramov haqida nima deya olasiz? Ular hozir qayerda faoliyat olib borayaptilar”, deb so‘ragan

Mirjalol Qosimov: Haqiqatan ham, malakali murabbiy. Malakali bo‘lmaganida, masalan, u kishiga milliy va Olimpiya milliy terma jamoalari ishonib topshirilmasdi. Shuning uchun ham, hozir O‘zbekiston Futbol Federatsiyasida o‘z ishini olib borayotir, o‘yinchilarning selektsiyasi bilan shug‘ullanmoqda.

BBC: Farruh Sattorov esa, “Milliy terma jamoamizning oxirgi vaqtlardagi o‘yinlari menga juda yoqdi. Lekin, menimcha, jamoaga gol uradigan odam yetishmayapti, to‘g‘rirog‘i, Mirjalol Qosimovning o‘rnini bosadigan odam yetishmayapti”, degan fikrlarni izhor etibdilar. Mirjalol aka, siz u kishining fikrlariga nima deysiz?

Mirjalol Qosimov: Endi, yaxshi to‘purar hujumchilar hamisha yetishmaydi. Bor gap bu. Agar, o‘zimga keladigan bo‘lsak, Mirjalolning o‘rnini bosadigan odamni izlash bo‘lishi kerak emas. Men to‘p surgan paytlarimda Igor Shkvirin kabi hujumchi, Azamat Abduraimov, Maqsudovga o‘xshash o‘yinchilar bor edi. O‘shalar bilan o‘ynash menga ham oson va ham qiziqarli bo‘lgan. Afsus, to‘g‘risini aytsak, hozir shunaqa hujumchilarimiz yetishmayapti. Nimagaki, agar, tarixga qaraydigan bo‘lsak ham, Rivaldolar o‘ynagan paytdayam hujumchilarga qaraganda, yarim himoyachilar ko‘proq to‘p urishardi. Tez orada shunaqa yaxshi hujumchilar yetishib chiqishiga umid qilib qolamiz.

BBC: Farruh Sizga rahmat aytib, O‘zbekiston milliy terma jamoasining Braziliyaga borishiga ishonishlarini aytib qolibdilar. Fazliddin Kulboyev esa, “Mirjalol aka, nega shunday kuchli O‘zbekiston Birlashgan Arab Amirliklariga yutqazib, Livanni arang yutdi. Negadir ishongan o‘yinchilarning o‘yinlari o‘xshamadi”, deb savol yuboribdi

Mirjalol Qosimov: Ko‘rsatgan ishonchlari uchun, albatta, rahmat. Buni hammadan ko‘ra ko‘proq biz – milliy terma jamoa a‘zolari istashayotganiga ham ishonishlarini xohlardim. Agar, keyingi savolga keladigan bo‘lsak, Birlashgan Arab Amirliklarida ham yomon o‘yin ko‘rsatganimiz yo‘q. Oldin 1:0 ga yutib turgandik, 2-bo‘limda ham judayam yaxshi vaziyatlarga ega edik, lekin o‘shalarni golga aylantira olmadik. Agar shunday qila olganimizda, o‘yinni yutishimiz ham mumkin edi. Livanni ham “arang yutdik” emas, Xudoga shukr, yutdik. Milliy terma jamoa o‘z oldiga shu maqsadni qo‘ygan edi. Agar, esingizda bo‘lsa, bu uchrashuvda ham yomon o‘yin bo‘lgani yo‘q. Ikkinchi bo‘limda judayam kuchli o‘yin ko‘rsatdik. Bitta o‘sha Farhod Tojiyevning o‘zida gol uradigan vaziyatdan uchta-to‘rttasi bo‘ldi. Server Jeparov ham urishi mumkin edi. Shuning uchun ham, yomon o‘yin ko‘rsatdik, arang yutdik, deb o‘ylamayman. Bundan keyin ham shu yigitlarga, shu bolalarga ishonaman. Keyingi uchrashuvlarimizda bundan ham kuchli o‘yin ko‘rsatishadi, deb o‘ylayman.

BBC: Avrangzeb Tarag‘ay esa, “O‘z kuchlaringizga o‘zlaringiz ishonasizlarmi? Qachon bir maromda(stabilniy) o‘yin ko‘rsatishga o‘tasizlar”, deb so‘ragan.

Mirjalol Qosimov: Juda qiziq savol bo‘ldi-ku, agar biz o‘z kuchimizga ishonmaganimizda, menimcha, har bir ochko uchun jonimizni jabborga bermas edik.

BBC: Janubiy Koreyadan O‘zbek nomi ostida maktub yuborgan o‘quvchimiz esa, “Sizga bir iltimosim bor, Aleksandr Geynrixni milliy terma jamoaga qaytarmang. Odil Ahmedov, Temur Kapadze ham kerak emas. Chetdan qaraganda, xuddi milliy terma jamoada “dedovshina” hukm surayotganga o‘xshayapti. Chunki yoshlar yugurishadi, eskilar aql o‘rgatishadi. Keyin Tursunovning stimulyantligi ham dog‘ tushirayapti, xunuk ko‘rinarkan”, deganlar. Mirjalol aka, u kishining bu fikrlariga munosabatingiz...

Mirjalol Qosimov: Milliy terma jamoada hech qanday “dedovshina”, degan narsa yo‘q va bo‘lishi ham mumkin emas. Savolda sanab o‘tilgan o‘sha “eskilar” faqat yugurish bilan natijaga erishib bo‘lmasligini allaqachon tushunib yetishgan va ularning yillar davomida to‘plagan tajribalari bu yerda asqotadi. Endi, uchrashuv paytida o‘yinlari sifatli bo‘lmay, o‘xshamay qolgan hollar bo‘lishi mumkin. Lekin men yigitlarga ishonaman. Ular maydonga chiqqan paytlarida hammasini esdan chiqarib, chiroyli o‘yin ko‘rsatib, muxlislarimizni o‘z mahoratlari bilan xursand etishadi.

BBC: Nurmatjon Xolmatov esa, “Mirjalol aka, nega Temurxo‘ja Abduxoliqov terma jamoaga olinmaydi, ishqibozlar orasida Qosimov va Temurxo‘ja urishib qolishgan, degan gaplar yuradi. Hozir Temurxo‘ja juda yaxshi o‘ynayapti, Farhod bilan yaxshi tandem bo‘lardi”, deb so‘ragan

Mirjalol Qosimov: Juda kulgiliyu...Men Temirxo‘ja bilan nega urishishim kerak. O‘g‘lim tenggi bola bilan qanaqa qilib tortishishim mumkin. Temirxo‘ja juda yaxshi o‘ynayotgan bo‘lsa, nega u holda o‘z klubida faqat zaxiradan maydonga tushayapti. Ya‘ni, maydonda ozgina vaqt o‘ynayapti. Bilmayman, yana qanday dalil kerak. Endi, boshqa tomondan, har bir inson so‘ragan o‘yinchi maydonga tushirilavermaydi. Buning uchun ish olib boriladi, ko‘riladi, jismoniy tayyorgarligi, o‘yin amaliyotiga qarab turib, o‘tirib, o‘shani taroziga solib, o‘yinga qo‘yiladi. Men o‘zimning oyog‘imga o‘zim bolta urmayman. Bu yerda xalq manfaati turibdi, hammamizning maqsadimiz- milliy terma jamoaning yaxshi o‘yin ko‘rsatishi. Yaxshi o‘ynasa, vaqti-soati bilan hammaga milliy terma jamoaning eshigi ochiq.

BBC: Abbos Yormatov esa, “Mirjalol aka, nega Ulug‘bek Baqoyevning o‘rniga boshqa yaxshiroq variantlarni sinab ko‘rmaysiz”, deb savol yuboribdi

Mirjalol Qosimov: Nega sinamas ekanmiz. Mana, Birlashgan Arab Amirliklarida Aleksandr Geynrix tushdi. Keyin, mana, oxirgi o‘yinimizda Farhod. Yana zaxirada Kamoliddin Murzoyev o‘tirgan edi. Ulug‘bek Baqoyev kam gol urgani bilan, maydonda judayam katta hajmda harakat qiladi. Muxlislar esa, haqiqatat ham, muxlislik qilib, faqat gol istashadi. Lekin jamoaga qarshi chiqqandayam, Baqoyev judayam katta hajmda ish qiladi. Kerak bo‘lsa, himoyaga o‘tib ham himoyalanadi, himoyachilarimizga yordam beradi.

BBC: Xurshid Sheraliyev esa, “Futbolchilarning jismoniy holatiga salbiy ta‘sir qiluvchi yomon odatlari (chekish, ichish va hokazolar) murabbiylar tomonidan nazorat qilinadimi? Mana, Arsen Venger marokashlik do‘sti bilan Londondagi pablarning birida chilim chekkani uchun Marven Shamaxni qattiq jazolagandi. Bizda bunday masalalarga qanday qaraladi? Futbolchilarimizning odatlari haqida juda ko‘p eshitamiz”, deb so‘rayapti

Mirjalol Qosimov: Bu narsaga judayam, judayam qattiq turamiz. Har birining orqasidan kamera yoki kuzatuvchi qo‘yishning iloji yo‘q va bunga hojat ham yo‘q, deb o‘ylayman. Bolalar o‘zlarining ongida bo‘lishi lozim, bunaqa narsalardan uzoqroq yurishlari kerak. Aks holda milliy terma jamoaga chaqirilmaydi. Buni tarbiyalash deydi. Ichish, chekish masalasiga kelsak, bu narsani bekitib bo‘lmaydi, ya‘ni futbolchi maydonga chiqqan paytda mashg‘ulotning o‘zidayoq bilsa bo‘ladi: Yugurishidan, tomir va yurak urishidan bilsa bo‘ladi. Shuning uchun ham, bu har doim o‘zimiz va do‘xtirlarning nazoratlari ostida bo‘ladi, ya‘ni, bekitib, boshqa qilgani bilan, maydonda yaqqol bilinib qoladi.

BBC: Mirjalol aka, Janubiy Koreya terma jamoasi 2014 yilgi Jahon chempionatiga yo‘llanma olishda O‘zbekistonning asosiy raqibi sanaladi va keyingi uchrashuvini ham safarda ularga qarshi o‘tkazadi. Farruh Sattorov so‘rayotgan savollari ham shu bilan bog‘liq. Farruh “Mirjalol aka, men Sizning Janubiy Koreya milliy terma jamoasi haqidagi fikringizni bilmoqchi edim. Yaqinda eshitgan xabarlarimizga ko‘ra, 20 dan ortiq janubiy koreyalik futbolchi ma‘lum muddatga professional futboldan chetlashtirilgan ekan..”, deb savol yuboribdi. Ya‘ni buncha o‘yinchining chetlashtirilgani Janubiy Koreya termasining o‘yiniga qanchalik ta‘sir qiladi, deb qiziqqan bo‘lsalar kerak

Mirjalol Qosimov: Endi, kelishilgan o‘yinlarga qarshi kurash hozir butun dunyoda keng quloch yoygan. Mana, yaqinda bu narsa Livan milliy terma jamoasini ham chetlab o‘tmadi. Shaxsan Janubiy Koreyaga keladigan bo‘lsak, bu yerda asosan bundan bir necha yil oldin yuz bergan hodisalar yuzasidan hukm chiqarilgan va buning hozirgi terma jamoaga ta‘siri bo‘lmasa kerak, degan fikrdaman. Chunki judayam kuchli futbolchilari ko‘p yetishib chiqadi. Shuning uchun ham, menimcha, Janubiy Koreya bilan bo‘lajak o‘yinimizga ham unaqa ta‘sir qilmaydi.

BBC: Mirjalol aka, 2014 yilgi jahon chempionati so‘nggi bosqich saralash bellashuvlarining nihoya topishiga ham bor-yo‘g‘i 2ta uchrashuv qoldi. Terma jamoalarning “A” guruhida egallab turgan hozirgi o‘rinlari, qolgan ikki uchrashuvlari va bo‘lajak raqiblari nazarda tutilsa, O‘zbekiston milliy terma jamoasining Braziliyaga borishi aynan nimaga bog‘liq bo‘ladi?

Mirjalol Qosimov: Menimcha, bu narsa eng avvalo o‘zimizga bog‘liq.

BBC: Ya‘ni qolgan ikki uchrashuvda faqat g‘alaba qozonishingiz taqozo etiladi?

Mirjalol Qosimov: Albatta, albatta, albatta. Janubiy Koreyaga qarshi safardagi o‘yinimizda ham maydonga faqat g‘alaba uchun chiqamiz va bor kuchimizni beramiz. Chunki bu darajaga yetguncha ozmuncha qiyinchilikdan o‘tmadik. Shuning uchun ham hozir bilinib turibdi: Yigitlar, hammaning xayoli ana shu o‘yinimizda. Xudo xohlasa, ana shu qolgan ikki o‘yinda ijobiy natijaga erisha olsak, keyin bizga hech narsa to‘sqinlik qilolmaydi.

BBC: Agar durang natija qayd etilib qolsa, deylik, mag‘lubiyat ehtimolini ham nazardan soqit etmasak, u holda O‘zbekiston milliy terma jamoasining imkoniyatlari nima bo‘ladi?

Mirjalol Qosimov: Biz 4 iyunda dam olamiz. Buyog‘i raqiblarimizning o‘yiniga bog‘liq bo‘lib qoladi.

BBC: Sherali Abdullayev esa, “Assalomu alaykum, Mirjalol aka. Alloh o‘ylagan maqsadingizga yetkazsin. Mening savolim quyidagicha: Nima uchun termamizda hujumlar faqat qanotdan bo‘layapti. Hozirgi futbolda bunday hujumlar natija bermaydi, menimcha. Kechagi o‘yindayam ko‘rdik, gol yorib kirish natijasida urildi. Javob uchun oldindan katta rahmat. Sizga sog‘liq, doimo omadli inson bo‘ling, termamizga Allohdan faqat g‘alaba tilab qolamiz”, deb maktub yuboribdi

Mirjalol Qosimov: Salomat bo‘lsinlar. Samimiy tilaklari uchun rahmat. Ammo hujumlar faqat qanotdan bo‘layapti, demagan bo‘lardim. Biz faqat qanotlardan ham unumli foydalanishga harakat qilayapmiz. Chunki Ulug‘bek Baqoyev oldinda yaxshi harakat qiladi. Qolaversa, qanotdagi o‘yinchilarimiz chiqayotganda himoyada Shorahmedov, buyog‘da Gadoyev, Jasur Hasanov yoki Sanjar Tursunov, Zoteyevlar judayam faol harakat qilishyapti. Misol uchun, Fernando Torresning kechagi golini olaylik. “Chelsi” Ovro‘po Ligasi chorak final bellashuvida Qozonning “Rubin”ini 3:1 hisobida mag‘lub etdi. O‘shanda, masalan, Torres qanotdan oshirilgan to‘pni judayam chiroyli bir tarzda darvozaga kiritdi. Boshqa tomondan, raqiblarimiz Haydarov, Ahmedov kabi markaziy himoyachilarimizdan cho‘chishadi va iloji boricha ularni yopishga intilishadi. Biz mana shunday vaziyatlarda qanotlardan foydalanishga harakat qilamiz. O‘rtadayam kuchli o‘yinchilarimiz bor. Shuning uchun ham, iloji boricha undan ham, bundan ham foydalanishga harakat qilamiz. O‘yinga qarab, o‘yinchilarning holatiga qarab, keyin yana raqibga qarab ham harakat qilinadi.

BBC: Seuldan Temurbek, “ Agar bu safar ham O‘zbekiston milliy terma jamoasi Jahon chempionatiga chiqolmasa, yillar o‘tib, yana milliy terma jamoaga Bosh murabbiy bo‘lish imkoni berilsa, nima qilardingiz? Javob uchun oldindan rahmat. Savolim yoqmagan bo‘lsa, uzr. Lekin siz ikki marta ham milliy terma jamoaga bosh murabbiy bo‘ldingiz, albatta jahon chempionatiga chiqaylik. Mabodo, baxtga qarshi, shunday bo‘lmasa, boshqalarga imkon berarmidingiz?”, deb so‘rayapti

Mirjalol Qosimov: Haqiqatan ham savollari yoqmadi. Achchiq bo‘lsa ham, bu narsani “normalniy” qabul qilamiz. Avvalambor, Allohning o‘zi asrasin, shuncha harakatlarimiz zoye ketmasin. Butun fikru xayolimiz faqat shunda. O‘zimizniyam, bolalarning ham qilayotgan ishlari, mehnatlari shunga qaratilgan. Futbolda shunaqa narsa bor – yutsa hamma yutadi, yutqazib qo‘ysa, bitta murabbiy aybdor. Bu bizning hayotimiz, murabbiyning qismati shunday bo‘lsa kerak. Shuning uchun ham, “normalno”, men bu narsaga tayyorman.

BBC: Zamon esa, “Mirjalol aka, terma jamoada futbolistlarning yoshi "pensiya" yoshiga yetib bormokda, nimaga yosh futbolistlar taklif etilmayapti?”, deb so‘ragan

Mirjalol Qosimov: Nimaga taklif qilinmasakan, masalan, To‘xtaxo‘jayev taklif qilingan, yosh, Gadoyevni o‘tgan yili terma jamoaga taklif etganman, masalan. Hozir maydonda asosiy tarkibda o‘ynayapti. Eng qizig‘i, o‘sha paytda ularning ikkovi ham zaxira o‘yinchilari edi. Qolaversa, yaqinda Kozakni taklif qildim, misol uchun. Yoshlarga e‘tibor beriladi va jalb qilinaveradi. Ammo bitta lekini bor, yosh o‘yinchilarning ham ba‘zi birlarini tayyorlab borish kerak. Keyin judayam mas‘uliyatli o‘yinlarda xatoga yo‘l qo‘yib bo‘lmaydi. Shuning uchun ham, ularni asta-sekin tayyorlab borayapmiz.

BBC: Tohir, “Assalomu alaykum, Mirjalol aka, 2005 yilgi Jahon chempionatiga saralashda Bahraynga qarshi 1:0 g‘alabamizdan keyin penalti tufayli FIFAga shikoyat yozish kimning tashabbusi bo‘lgan”, deb so‘rab, buni "o‘zbek muxlislari bilishga haqli deb hisoblashi"ni aytgan

Mirjalol Qosimov: O‘sha paytda biz o‘zimiz ham bu g‘oya kimdan chiqdi, deb qiziqqanmiz. Sababi, o‘sha amaldorni deb, maydonda qozongan halol g‘alabamiz yo‘qqa chiqarilgan. Afsus, xoh ishoninglar, xoh ishonmanglar, haligacha o‘zim ham bilmayman bu kimdan chiqqanligini. O‘zimgayam qiziq bu narsa. Lekin o‘zim ham shu paytgacha bu narsaning tagiga yetmaganman.

BBC: Malik Mansur esa, bir emas, ikkita savol yuboribdilar. U kishining ilk savollari quyidagicha: “Terma jamoaning oxirgi uchrashuvi tahlil qilinsa, jamoadagi ruh, shiddat, mahorat so‘nib borayotgandek. Boshida bu – futbolchilarimizda o‘yin amaliyoti kamligi bilan izohlandi. Biroq Livan bilan o‘tgan uchrashuv ham, kerakli natijaga qaramasdan, jamoa o‘yinida o‘nglanish yo‘qligini ko‘rsatdi. Agar, Bosh murabbiy sifatida buni e‘tirof qilsangiz, sabablari va bugungi choralari haqida nima deyshingiz mumkin?

Mirjalol Qosimov: Terma jamoamiz asosini legionerlar tashkil etishadi. Ularning bir hafta ichidagi harakatlariga e‘tibor bering: Masalan, xorij, Toshkent, Abu Dabi, keyin yana Toshkent, qo‘shimchasiga 90 daqiqadan ikkita o‘yin o‘tkazildi. Boz ustiga, Livan bilan o‘yindan oldin noqulay kelgan ob-havo, maydonning sifati, menimcha, futbolchilarga ham ta‘sir ko‘rsatdi. Bu o‘yinda futbolchilarning nafaqat raqib, balki maydon holati bilan ham kurashishlariga to‘g‘ri keldi, deb o‘ylayman. To‘g‘ri, raqib ham shu maydonda o‘ynadi. Ammo, farqi shundaki, maydonning holati hujum uyushtirayotgan jamoaga ko‘proq qiyinchilik tug‘diradi. Umid qilamanki, bu muammo ortda qoldi. Sababi, futbolchilarni Janubiy Koreyaga qarshi o‘yindan 10 kun avval to‘plash va orada Xitoyda o‘rtoqlik uchrashuvi o‘tkazish imkoniyatimiz bor. Shuning uchun ham, o‘z uyimizda Qatar bilan hal qiluvchi o‘yingacha maydon holati ham yaxshi bo‘ladi. Nimagaki, o‘sha o‘yinni o‘zingiz ham ko‘rdingiz, ulardan keyin “Bunyodkor” jamoasining ham harakatlanishi judayam og‘ir bo‘ldi bu o‘yinda. Ikki baravar kuch sarflandi.

BBC: U kishi yana, “O‘zbekiston futbol sohasida muhim natija arafasida turibdi. Jahon chempionatida munosib qatnashish, shubhasiz, sizni milliy qahramonga aylantiradi. Bu borada sizga tilakdoshman. Hozir “Bunyodkor”ni ham boshqarib kelayapsiz. Milliy terma jamoadagi holat haqida yuqorida yozdim. Geynrix bilan kuzatilgan so‘nggi mojaro ham ichki muhitda qandaydir ziddiyatlar ketayotganidan darak berdi. Futbol muxlislarida bu holatdan xavotir juda kuchli. Bugun terma jamoa bilan ishlash har qachongidan ko‘ra ko‘proq muntazamlikni, yangilikni taqozo etayapti. “Bunyodkor” siz uchun qanchalik qadrdon jamoaligi ma‘lum. Biroq bugungi vaziyat “Bunyodkor”ni qo‘yib, butun diqqatni milliy terma jamoaga qaratishni talab etmayaptimi, chunki bilasiz, kechikib qilingan pushaymondan foyda kam”, deb so‘rab, Sizga muvaffaqiyatlar tilab, javoblaringiz uchun oldindan o‘z minnatdorchiliklarini izhor etib qolibdilar

Mirjalol Qosimov: Savolingiz uchun rahmat. Taqvim shunday tuzilganki, terma jamoa shu bilan ikki oydan keyin to‘planadi. Bundan oldin hech qanaqasiga iloji yo‘q. Keyin 16 kun davomida men faqat terma jamoa ixtiyorida bo‘laman. Shuning uchun, Xudo xohlab, xalqimizning orzusi amalga oshib, Braziliyaga yo‘llanmani qo‘lga kiritsak, futbol federatsiyasi va terma jamoa rahbariyati bilan keyingi rejalarni ishlab chiqamiz, bir to‘xtamga kelamiz. Bunga shubha bo‘lishi mumkin emas.

BBC: Eng so‘nggi savolimiz esa, Turkiyadan. Elnur, “Mirjalol aka, nega O‘zbekiston milliy terma jamoasining formasi hech yerda sotilmaydi? Xudo xohlasa, jahon chempionatiga chiqishga harakat qilapyamiz, lekin shundayam jamoa formasi sotuvda yo‘q. Nima uchun?”, deb qiziqayapti

Mirjalol Qosimov: Buni bilmadim, endi. Bu sohada emasmiz, to‘g‘risi, o‘ylab ko‘rmagan ekanman. Lekin, men o‘ylaymanki, avvalambor biz birinchi qadamni qo‘yib berishimiz kerak. 2014 yilgi jahon chempionatiga yo‘llanma olishimiz kerak. Menimcha, shundan keyin, milliy terma jamoa formalari ham sotuvda bemalol bo‘ladi.

BBC: Mirjalol aka, suhbatimiz so‘nggida Sizga savol yo‘llagan, o‘zingiz va shogirdlaringizga ishqibozlik qilayotgan o‘quvchi va futbol muxlislariga tilaklaringiz bo‘lsa, marhamat, mikrofonimiz ochiq:

Mirjalol Qosimov: Men ularga sog‘liq-salomatlik tilab qolaman. Shunchalik hayajonlanib, bizlarga dalda bo‘lib turishgani uchun ularga o‘z minnatdorchiligimni bildiraman. Qolaversa, ishonissin. Bizlar ham jahon chempionatiga yo‘llanmani qo‘lga kiritishni ich-ichimizdan juda, juda, juda xohlayapmiz. Alloh, iloyim, shu maqsadimizga birgalikda yetkazsin. Xursandchilik paytlarimizda har doim bizlarga dalda bo‘lib turishsin. Biz ham o‘z o‘yinlarimiz, harakatlarimiz bilan iloji boricha ularning ishonchlarini oqlashga harakat qilamiz.

BBC: Rahmat, Mirjalol aka, biz ham o‘quvchilarimiz nomidan siz va milliy terma jamoangizga omadlar tilab qolamiz.

Suhbatning radio versiyasini shanba kungi "Daraklar" dasturida tinglay olasiz.

Savollarini radio uchun o‘z ovozlari bilan berishni istagan tinglovchilarimizdan o‘zlarining telefon raqamlarini ham yozib yuborishni so‘raymiz.

Ruknimizning keyingi mehmonlari kimlar bo‘lishini istaysiz?

Bu haqdagi fikrlaringizni kutib qolamiz.