Afg‘oniston: NATO hujumida yosh bolalar nobud bo‘lgan

Image caption Tog‘li Ko‘nar viloyati Pokistonga tutash va jangarilar tog‘dagi o‘rmonlarda yashirina olishadi

Afg‘onistonning Ko‘nar viloyatidagi NATO hujumida halok bo‘lgan 12 insonning aksari bolalar va ayollardan iborat.

Yana olti ayol turli xildagi jarohatlar olishgani aytilmoqda.

Shigal qishlog‘i aholisi va mahalliy rasmiylarga ko‘ra, qurbonlar o‘tirgan uy nishonga olingan va tom qulab tushgan.

NATO ayni mintaqada o‘t ochilgani haqidagi xabarlarni tasdiqladi, lekin tinch fuqarolar orasida qurbonlar borligi xususida hech qanday ma‘luomtga ega emasligini ta‘kidladi.

Bir mahalliy mulozim ushbu hujumda 8 nafar Tolibon jangarisi ham o‘ldirilganini qayd etgan. Shanba kuni sodir etilgan ayni hujumlarda Shigaldagi bir nechta uyning tomi qulab tushgan.

NATO kuchlariga ko‘ra, ular havodan hujum qilish orqali ko‘mak ko‘rsatishgan va bir nechta jangarini yakson etganlar.

Mazkur tog‘li mintaqa Pokistonning qabilaviy hududlariga tutash. Mintaqa o‘rmonzor va jangarilar bemalol yashirinish imkoniyatiga ega, deyiladi.

Xorijiy kuchlar hujumlarida tinch afg‘on fuqarolari nobud bo‘lishi so‘nggi oylar davomida Kobul va Vashington orasidagi munosabatlarga sovuqlik solmoqda.

NATO kuchlari imkoni boricha tinch fuqarolarga zarar yetkazmaslikka harakat qilishayotganini aytishadi, leki nhar doim ham buning uddasidan chiqib bo‘layotgani yo‘q.