Chilida mashhur shoir Pablo Neruda eksgumatsiyasi o‘tqaziladi

Image caption Kommunistik partiya vakillariga ko‘ra, Pablo Neruda o‘ldirilgan bo‘lishi mumkin.

Pablo Neruda jasadi eksgumatsiyasidan maqsad- uning o‘limi sababini aniqlashtirish.

Rasmiy xulosalarga ko‘ra, u 1973 yil 23 sentyabrda, xususiy klinikalardan birida rakdan vafot etgan. Biroq Kommunistik partiya vakillarining ta‘kidlashicha, shoir o‘ldirilgan bo‘lishi mumkin.

Pablo Neruda 69 yoshida Santyagoda harbiy to‘ntarishdan 12 kun o‘tib dunyodan o‘tgan edi.

Kommunist Pablo Neruda harbiy to‘ntarish tufayli qudratdan ag‘darilgan Salvador Alendining tarafdori va yaqin safdoshi bo‘lgan.

O‘shanda Chilida general Augusto Pinochet boshchiligida harbiy xunta hokimiyatga kelgan. Bir qancha ma‘lumotlarga binoan, Pinochet agentlari Pablo Neruda kasalxonadaligida uni zaharlagan bo‘lishlari ehtimol.

Uzoq vaqt davomida Nerudaning o‘z o‘limi bilan vafot etganligi shubha ostiga olinmagan. Ikki yil oldin uning shaxsiy haydovchisi va yordamchisi Manuel Orayya Osorio Nerudaga zaharli ukol qilinganiga ishonishini aytgan. Uning so‘zlariga ko‘ra, xuntaning ashaddiy muxolifi Neruda o‘limidan bir necha soat oldin yaxshi ahvolda bo‘lgan.

Hozir o‘tkazilayotgan ekspertiza xulosalari bir haftadan so‘ng tayyor bo‘lishi kutiladi.

Image caption Ekspertiza xulosalari bir haftadan so‘ng tayyor bo‘lishi kutiladi.

Shoir ummon qirg‘og‘ida joylashgan o‘z uyi hovlisiga dafn qilingan. Tekshiruv xodimlari o‘sha yerda ishlashmoqda.

Ayni paytda Nerudaning ba‘zi qarindoshlari uning eksgumatsiyasi qilinishi qaroridan norozilik bildirishgan.

Shoirning jiyani Bernardo Reyyesning fikricha, Pinochet diktaturasining Neruda o‘limiga umuman aloqasi yo‘q.

"1973 yildan 1976 yilgacha hukumat zaharli ukollardan foydalanmagan. Faqat 1976 yildan keyin Chilida bu usul qo‘llanila boshlangan",- deb aytgan janob Reyyes. Biroq u qanday dalillar natijasida bunday xulosaga kelganini ochiqlamagan.

Shuningdek, Neruda fondi ham shoir kasallik natijasida o‘lganiga ishonadi.

Pablo Neruda

Pablo Neruda - 1971 yil Nobel mukofotiga sazovor bo‘lgan. U shuningdek taniqli siyosiy arbob, Chili respublikasi senatori va Chili Kommunistik partiyasi Markaziy qo‘mitasi a‘zosi sanalgan. Shuningdek Frantsiya elchisi bo‘lib ishlagan.

Pablo Neruda ijodi Sovet Ittifoqi respublikalarida juda mashhur edi.

Neruda 1939 yil Ispaniyadagi fuqarolar urushi payti ikki ming qochqinni Chiliga o‘tishiga ko‘maklashadi.

2011 yil may oyida sotsialist-prezident Salvador Alendining jasadi qoldiqlari ham uning o‘ldirilgani yoki suiqasd qurboni bo‘lganligini aniqlash uchun eksgumatsiya qilingandi.

Ikki oydan so‘ng xalqaro ekspertlar Alendi o‘zini o‘ldirgan, degan xulosani bildirishgan.