"O‘zbekistonda zaifroq shaxs hokimiyatga kelishi ham mumkin"

Image caption Qozog‘iston va O‘zbekiston prezidentlari vorisi masalasi bu ikki rahbarni birlashtiruvchi omil sifatida ko‘riladi

Britaniyada chiqadigan Ekonomist nashriga ko‘ra, mintaqada yetakchilikka da‘vogarlik bois munosabatlari ilimiliq bo‘lgan Islom Karimov va Nursulton Nazarboyevni birlashtiradigan narsa - hokimiyatni silliqqina o‘z vorisiga topshirish masalasi.

Keksayib qolgan bu ikki yakkahokim pragmatik bo‘lishlari ham mumkin, degan fikr bilan boshlanadi "Bandalik ishorati" sarlavhali maqola.

Maqola yaqinda Prezident Karimovning salomatligi yomonlashgani haqida muxolifat tarqatgan xabarlar va uning ortidan yuzaga kelgan "O‘zbekiston va tashqaridagi asabiylashish" xususida yozadi.

Afg‘onistondan G‘arb qo‘shinlarini chiqarish jarayonida muhim o‘tish yo‘lagi bo‘lgan 30 millionli O‘zbekistonda qandaydir notinchlik bilan hokimiyat almashishi ehtimoli ko‘pchilikni cho‘chitishi urg‘ulanadi.

Keyin esa "Sovet Ittifoqining so‘nggi kunlaridan beri hokimiyatga temir panjasi bilan yopishib olgan janob Karimov" bugun uni biroz bo‘shatish alomatlarini namoyon etayotgani haqida so‘z ketadi.

Tuzumning "apparatchiklari" ichidan qator ehtimoliy nomzodlar bor, deylik, mamlakatdagi ikkinchi eng qudratli shaxs, deb bilingan MXX rahbari Rustam Inoyatov, deydi Ekonomist.

Yana bir nomzod bu - Bosh vazir muovini Rustam Azimov. Shuningdek, qattiqqo‘l Bosh vazir Shavkat Mirziyoyev ham nomzodlar orasidadir.

Va nihoyat - Gulnoraning o‘zi. Gugusha taxallusi bilan mashhur 40 yashar xonanda, modelьer, saxovatpesha, ishbilarmon va diplomat.

U Toshkentning ko‘rimsiz dahlizlariga rang-barang jilo baxsh etishi mumkin, lekin bu yerda yaxshi o‘rnashgan diydasi qattiq erkaklar o‘ynoqi prezidentga toqat qila olmasliklari tabiiy, deb davom etgan nashr.

Buning ustiga, uni (Gulnora Karimovani) mamlakatda ham ko‘pchilik xushlamaydi.

O‘zbekiston va Qozog‘iston o‘xshashligi

Qozog‘iston ham shu kabi muammolarga yuz tutadi, deb qayd etadi Ekonomist.

Prostatit saratonidan aziyat chekishi taxmin qilinadigan 72 yashar janob Nazarboyevning vorisi borasida tahlilchilar ancha ochiq bahs qiladilar.

Image caption Ekonomist nashriga ko‘ra, "Toshkentning ko‘rimsiz dahlizlariga rang baxsh etuvchi" Gulnora Karimovani yuzi qotgan erkaklar istamasligi mumkin

Markaziy Osiyodagi rahbariyat o‘zgarishi esa nafaqat siyosiy kuch-qudrat uchun kurash, balki elitaning o‘z iqtisodiy manfaatlarini jon-jahdi bilan himoya qilishi bilan ham kechadi.

Neftga boy Qozog‘iston mintaqadagi xorijiy sarmoyalarni o‘ziga tortuvchi ohanrabo va bu yerdagi boylar ham, o‘rta tabaqa odamlar ham o‘zlari to‘plagan mol-mulklarini yo‘qotib qo‘yishni istashmaydi.

Ammo oziq-ovqat narxlari oshishi, avjiga chiqqan korruptsiya, tibbiyot va ta‘limdagi noqisliklar bois aholi orasida norozilik mavjud, deya Qozog‘iston haqidagi holatga tasnif beriladi.

Janob Nazarboyev hokimiyatini topshirish yo‘llari haqida kitob yozgan To‘lganay Umbetaliyeva Qozog‘istondagi vaziyatni "tarang va xavotirli" deb atagan.

Sulola bo‘yicha hokimiyat almashinishi har doim ham silliq kechavermaydi. Janob Karimov kabi janob Nazarboyevning ham ehtimoliy merosxo‘ri sifatida ko‘rilayotgan qizi bor.

Umbetaliyevaga ko‘ra, rahbariyat demokratiyaga qanchalik tish-tirnog‘i bilan qarshilik qilmasin, baribir, xalq kimning voris bo‘lishi borasida o‘z so‘zini aytishni istaydi.

Shu bois O‘zbekistonda barcha guruhlarni rozi qilish uchun qandaydir murosa-madora yo‘li sifatida zaifroq bir nomzod tanlanishi mumkin. Buni esa sahna ortidagi kuchlar hal qilishadi.

Va yoki, aksincha, yangi bir qattiqqo‘l rahbar ham paydo bo‘lishi ehtimoli yo‘q emas, deya xulosa qiladi Ekonomist haftaligi.