"Pxenyan yadroviy sinovni ko‘zlayotgan bo‘lishi mumkin"

Image caption Shimoliy Koreyaning Pungeri atom poligonida odamlar va harbiy texnikaning faolligi kuchaygan.

KXDP to‘rtinchi marta atom quroli sinoviga tayyorlanayotganligi ehtimoli katta, deb xabar bergandi Frans Press agentligi Janubiy Koreya vaziri Re Kil Jega iqtibosan. Biroq Janob Je Pungeri atom poligonida odamlar va harbiy texnikaning faolligi kuchaygani haqidagi oldin aytgan gaplarini rad qilgan.

Oldinroq bu haqda mamlakat xavfsizlik xizmatlarining ma‘lumotlariga tayanib Janubiy Koreya matbuoti xabar tarqatgandi.

Manbalar shuningdek, bunday faollik rasmiy Pxenyan tomonidan ataylab sahnalashtirilgan bo‘lishi mumkinligi va shu tariqa Seul va Vashingtonga bosim o‘tkazishni ko‘zlaganini ham e‘tibordan soqit qilmaydi.

Janubiy Koreya razvedkasi shimoliy qo‘shnisi o‘rta masofadagi raketani uchirishga tayyorlanayotgan bo‘lishi mumkinligidan ogohlantiradi.

Ma‘lumotlarga ko‘ra, raketalar mamlakatning sharqiy qirg‘oqlariga joylashtirilgan va marhum Kim Ir Senning tug‘ilgan kuni munosabati bilan 15 aprelda sinovdan o‘tkazilishi mo‘ljallanmoqda.

Shimoliy Koreyaning navbatdagi harakati Koreya yarim orolidagi vaziyatni yanada murakkablashtirishi shubhasiz.

Fevral oyida ham Pxenyan yadroviy sinov o‘tkazgan, bu Seul va Vashingtonni g‘azablantirib, BMT tomonidan yangi jazo choralari kiritilishiga sabab bo‘lgan edi.

Shuningdek, AQSh va Janubiy Koreyaning birgalikdagi harbiy mashqlari Pxenyanning g‘azabini qo‘zg‘agan. Shimoliy Koreya bunga javoban harbiy hujum bilan tahdid qilgan va ikkala Koreya o‘rtasidagi kelishuv bitimidan chiqqan edi.

Kuzatuvchilar ikki o‘rtada urush kelib chiqadigan bo‘lsa, Pxenyan bilan AQSh va ittifoqchisi Janubiy Koreya o‘rtasidagi kuchlar salmog‘i juda ulkanligi, Shimoliy Koreya mag‘lubiyati va undagi tuzumning tugashiga olib kelishi muqarrarligiga ishora qilishgan.