Vladimir Putin iste‘foga chiqqach nima bilan shug‘ullanmoqchi?

Image caption Men siyosatda uzoq qolmoqchi emasman",- deb aytgan janob Putin.

Rossii Prezidentining aytishicha, u o‘zini siyosatda doimiy hisoblamaydi. Janob Putin Olmoniyaning ARD teleradiokompaniyasiga bergan intervьyusida kelajakda o‘zini huquq yoki adabiyotda, balki jamoat ishlari va sportga bog‘liq sohalarda ko‘rishini aytgan.

Olmon jurnalistining Putinga "o‘n uch yildan ortiq vaqtdan buyon davlat rahbarlaridan biri ekani va bu lavozimda qanchalik uzoq muddatgacha qolishi mumkin?", degan savoliga u "Ovro‘po siyosatida mendan ko‘proq birinchi lavozimni egallab turganlar bor. Ovro‘poda ham, Amerikada ham, Kanadada ham", deb urg‘ulagan, lekin aniq ism-shariflarni ochiqlamagan.

Rossiya Prezidenti bu savolga javob berar ekan, Markaziy Osiyoning "uzoq umr ko‘ruvchi", yigirma yildan ortiq amal kursisini boshqaga berishni istamayotgan prezidentlari bilan o‘zini taqqoslashni lozim topmagan.

"Biroq men shunga ko‘z tutamanki, siyosiy va davlat ishlarimni tugallaganimdan keyin menda boshqa masalalar bilan shug‘ullanish imkoni tug‘iladi. Har bir normal inson oldinda qandaydir gorizont borligini ko‘radi va men ham siyosatda uzoq umr qoladiganlardan emasman", deb javob qaytargan.

Janob Putin garchi o‘zining katta siyosatdan qachon ketishi mumkinligini aytmagan bo‘lsa ham, kelajakda jamoat ishlari bilan shug‘ullanishni xohlashini ta‘kidlagan.

"Men huquqni juda yaxshi ko‘raman, adabiyotni sevaman va o‘ylaymanki, bu sohalar, balki boshqa jamoat, sport ishlari bilan "davlat ishlariga bog‘lanmagan holda" shug‘ullanishga imkonim bo‘ladi".

Rossiya Prezidentining nemis televideniyesiga suhbati uning aprel oyida Olmoniyaga bo‘ladigan tashrifi oldidan uyushtirilgan. Suhbatda muxolifat mavzusi ham ko‘tarilgan.

"Rossiyaga siyosiy raqobat zarur, raqobatsiz bugungi dunyoda iqtisodda ham, siyosatda ham rivojlanish, jo‘yali qarorlar qabul qilish mumkin emas, deydi Putin.

"Biroq bu- muxolifat xorijdan moliyalashtirilishi kerak degani emas".

"Saylovlar- bu o‘z nuqtai nazarini ifodalash, namoyishlar ham",- deb qayd etadi Rossiya rahbari. Qonun bor. U yaxshimi, yomonmi, uni demokratik yo‘l bilan o‘zgartirish mumkin, lekin unga amal qilish lozim",- deb aytgan janob Putin.