Isyonkorlar besh amerikalikni o‘ldirishgan

Image caption Zobul hokimi Muhammad Ashraf Nosiriy bosh nishon bo‘lgan, ammo u hujumda zarar ko‘rmagan

Zobul viloyat hokimi ketayotgan karvonga yaqinlashgan xudkush hujumchi o‘zi o‘tirgan mashinanini portlatib yuborgan. Mulozim mahalliy afg‘onlar va AQSh harbiylari qurshovida ketayotgan bo‘lgan.

Natijada AQShning uch askari, fuqaroviy xodimi, diplomati hamda bir afg‘on shifokori nobud bo‘lishgan. Yana qator afg‘on va amerikaliklar jarohat olishgani aytilmoqda.

Qalat shahridagi ushbu hujum shundoqqina kasalxona va maktab o‘rtasidagi yo‘lda sodir etilgan. Ammo muxbirlarga ko‘ra, bosh nishon Zabul hokimi Muhammad Ashraf Nosiriy bo‘lgan.

Ushbu mintaqa ham Pokistonga chegaradosh va isyonkorlar doimo faol hudud sanaladi.

AQSh Davlat kotibi Jon Kerri esa nobud bo‘lgan amerikalik diplomat uning yaqinda Afg‘onistonga safari chog‘i hamrohlik qilganini aytib, qurbonlar xotirasiga hurmat bajo keltirdi.

"U juda ham aqlli va iqtidorli ayol edi" - degan Jon Kerri o‘zi shaxsan bilgan diplomatni eslab - "U ham o‘z vataniga sodiq, ham afg‘onlar hayotini yaxshilashga ahd qilgan inson edi".

Ma‘lum bo‘lishicha, AQSh Davlat Departamentining to‘rt nafar xodimi ham yarador bo‘lishgan va bittasining ahvoli og‘ir.

Ayni hujum Afg‘onistondagi xavfsizlik nazorati milliy armiya va politsiya kuchlariga topshirilayotgan pallalarda sodir etilmoqda.

Joriy yilning o‘zida xorijiy kuchlarning 30 nafar askari isyonkorlik hujumlarida halok bo‘lishgan.