Olma otada tujjorlar norozilik namoyishiga chiqqanlar

Image caption Baraxolka bozori yopilsa, minglab do‘kondor va tujjorlar ishsiz qolishi mumkin

Qozog‘istonning Olma Ota shahridagi eng yirik bozorlar majmuasida savdo qiluvchi yuz nafarga yaqin tujjor majmuadagi beshta bozorning yopilishiga qarshi norozilik namoyishini o‘tkazgan.

"Baraxolka" nomi bilan mashhur bo‘lgan bu bozorlar majmuasida minglab do‘konlar mavjud.

Olma Ota ma‘muriyati yanvar oyida mazkur bozorlardagi yong‘in xavfsizligiga oid sharoitni qoniqarsiz deya baholab ularni berkitish bilan ogohlantirgandi.

Do‘kondorlar namoyishini kuzatgan Olma otadagi BBC muxbiri Shodiyor Sayfning aytishicha, tujjorlar ertalab soat 10larda majmua oldidagi katta ko‘chaga yig‘ilib, bozor yopilmasligi va savdo qilishda davom etishlariga yo‘l ochib berilishini talab qilishgan.

Namoyishchilar atrofi ko‘p sonli militsiya xodimlari bilan o‘rab olingan.

Namoyishchilar qarshisiga bozor ma‘muriyati va hokimiyat vakillari kelganlar. Bozor ma‘muriyatini namoyishchilarni tinchlanishga va tarqalishga chaqirgan.

Hokimiyat o‘z qarorini izohlay turib, tujjorlarni yanvar oyida ogohlantirgani va yong‘in xavfsizlik choralari ko‘rilsa, savdo davom etishini aytmoqda.

Biroq, namoyishchilar bunday ogohlantirish bo‘lmaganini aytishadi. Ularning arz qilishicha, bozor yopilgudek bo‘lsa, ular kredit va qarzlarini to‘lay olmay qolishlari mumkin.

"Hukumatning oxirgi qaroriga ko‘ra, Olma Otadagi 75 bozordan 35tasi yo‘q qilinishi kerak. Ularning o‘rniga savdo majmualarini qurish ko‘zda tutilgan. Qolgan 40tasi esa qayta ta‘mirlanishi kerak", - deydi muxbirimiz.

Rasmiy ma‘lumotga ko‘ra, Olma Ota bozorlarida 25 ming tujjor ishlaydi. Ammo, norasmiy hisoblarga ko‘ra, bu son ancha kattaroq.

"Bozorlar yopilsa, bu tujjorlarning yarmi ishsiz qolishi mumkin. Hukumat bozorlarni yopish yo ta‘mirlash haqida gapirayapti, lekin undan so‘ng ishsiz qoladigan minglab odamlar nima qilishlari kerakligi borasida, yo muqobil ish o‘rinlari yaratish borasida biror bir taklif aytmayapti", - deydi muxbir.