Shimoliy Koreya: "Xorijliklar Janubiy Koreyadan chiqib ketsin"

Image caption Shimoliy Koreya yadroviy qurollarini ishga solishi va yadroviy reaktorini qayta boshlashini aytib tahdid qildi

Shimoliy Koreya Janubiy Koreyadagi xorijliklarni, urush boshlangan taqdirda, evakuatsiya choralarini ko‘rishga chaqirib ogohlantirgan.

Mazkur ogohlantirish Shimol sinov raketasini otishga shaylanayotgani borasidagi xavotirlar manzarasida yangramoqda.

Pxenyan Janubiy Koreya, Yaponiya va mintaqadagi AQSh bazalariga qarata tajovuzkorona tahdidlar qilib kelmoqda.

Yaponiya o‘z poytaxti Tokioning 30 million aholisini himoyalash uchun shahar bo‘ylab uchta hududda aksil-raketa batareyalarini o‘rnatgan.

AQSh ishlab chiqargan Patriot aksil-raketa tizimlari Mudofaa vazirligi va ikki harbiy bazaga joylashtirilgan.

O‘tgan hafta oxirida Yaponiya Shimoliy Koreya tomonidan yapon orollariga otiladigan har qanday raketani urib tushirish buyrug‘i bilan ikki eng zamonaviy harbiy kemasini yapon dengiziga chiqargan.

Josuslik xabarlariga ko‘ra, Shimoliy Koreya o‘tgan bir necha kun ichida ikki o‘rta-masofali raketalarini o‘z qirg‘oqlariga joylashtirgan.

Tokiodagi BBC muxbiri Rupert Vingfild-Heyz Yaponiyada hech kim Pxenyan haqiqatdan ham hujum qilishga shaylanayotganiga ishonmasligini aytadi.

Lekin, u Yaponiya ustidan uchib o‘tib, Tinch ummoniga tushadigan raketani otishi mumkin. Agar Shimol bunga qo‘l uradigan bo‘lsa, Yaponiya raketani urib tushirishi bilan ogohlantirgan.

Yaponiya ilk marta bunday choralar ko‘rayotgani yo‘q.

Keskin ogohlantirish

Pxenyanning Osiyo-Tinch ummoni tinchlik qo‘mitasi chiqargan bayonotda quyidagilar aytiladi: "Koreya yarim orolidagi vaziyat yadroviy urush tomon harakat qilmoqda. Agar urush bo‘lsa, biz Janubiy Koreyada yashayotgan xorijliklar jabr ko‘rishini istamaymiz".

Bayonot Janubiy Koreyadagi barcha xorijiy tashkilotlar, shirkatlar va sayyohlarni "evakuatsiya choralarini ishlab chiqish"ga chaqirgan.

Shimoliy Koreya ishchilari shimol va janub o‘rtasida joylashgan qo‘shma Kesong sanoat majmuasiga seshanba kuni ishga chiqmaganlar.

BMT o‘tgan oy Shimoliy Koreya uchinchi yadroviy sinovini amalga oshirishi ortidan unga qarshi qattiqqo‘l sanktsiyalarni o‘rnatdi.

Pxenyan BMT sanktsiyalari va AQSh-Janubiy Koreya qo‘shma harbiy mashqlariga tajovuzkorona bayonotlar bilan javob qaytargan. U yadroviy qurollarini ishga solishi va yadroviy reaktorini qayta boshlashini aytib tahdid qildi.

Siz Janubiy Koreyadamisiz? U yerdagi vaziyat va o‘zbekistonlik mehnat muxojirlari vaziyati haqida nima deya olasiz. Biz bilan matn ostidagi formani to‘ldirish orqali yoki uzbek@bbc.co.uk adresiga maktub yo‘llab bog‘lanishingiz mumkin.