Osiyo Chempionlar ligasi: "Beytszin Goan" 0-1 "Bunyodkor"

"Bunyodkor" guruh bosqich saralash bellashuvlarining dastlabki javob uchrashuvini safarda g‘alaba bilan boshladi.

Bugun Pekinda bo‘lib o‘tgan uchrashuv qaldirg‘ochlar foydasiga hal bo‘ldi.

Foziljon Musayev esa, o‘yinda hisobni ochib, "Bunyodkor"ning g‘alabasini ta‘minlagan yagona to‘p muallifiga aylandi.

Ikkovlon orasida o‘tgan hafta Toshkentda bo‘lib o‘tgan o‘yin 0:0 durang hisobi bilan yakunlangandi.

So‘nggi g‘alabasi ortidan, "Bunyodkor" to‘rt o‘yindan 8 ochko to‘plab, o‘z guruhida peshqadamlik mavqeini mustahkamlab oldi.

"Bunyodkor" bu yilgi Osiyo Chempionlar ligasini g‘alaba bilan boshlagan va safarda Yaponiya chempioni "Sanfrechche Xirosima"ni mag‘lub etgandi.

Ammo, shundan so‘ng, qaldirg‘ochlar o‘z maydonlarida "Poxang Stilerz"(Janubiy Koreya) va "Beytszin Goan"(Xitoy) bilan durang natija qayd etishgandi.

To‘rt uchrashuv ortidan 6 ochko to‘plashga muvaffaq bo‘lgan Janubiy Koreya jamoasi esa, "G" guruhida "Bunyodkor"dan keyingi o‘rinni egallab turibdi.

"Bunyodkor" bu yilgi Osiyo Chempionlar ligasida ishtirok etayotgan o‘zbekistonlik ikki jamoadan biridir.

Turnirni ketma-ket g‘alaba bilan boshlagan "Paxtakor" esa, o‘tgan hafta Qatarda o‘zini 1:3 hisobida mag‘lub etgan "Lahviya"ni kecha o‘z maydonida yenga olmagandi.

Qayd etgan 2:2 durang hisobi ortidan, "Paxtakor" to‘rt o‘yindan 7 ochko to‘plab, "B" guruhida ikkinchi o‘rin bilan qanoatlanishga majbur bo‘lmoqda.

O‘zbekiston chempioni tushgan guruhda bir ochko farq bilan Qatarning "Lahviya"si oldinda borayotir.

Ham "Paxtakor" va ham "Bunyodkor" O‘zbekistonning Osiyo Chempionlar ligasida katta tajribaga ega ikki jamoasi sanalishadi.

Ikkovlon ham o‘z tarixlarida ikki bor Osiyo Chempionlar ligasining yarim finaliga chiqishga muvaffaq bo‘lishgan.

Ammo ularning hech biriga halicha Osiyo chempionlari chempioni bo‘lish nasib etmagan.

"Paxtakor" guruh bosqich saralash bellashuvlarining navbatdagi javob uchrashuvini 24 aprel kuni safarda Saudiya Arabistonining "Al-Ittifoq" jamoasiga qarshi o‘tkazadi.

"Bunyodkor" esa, xuddi shu kuni o‘z maydonida Yaponiya chempioni "Sanfrechche Xirosima"ni qabul qiladi.

Mahalliy mutaxassislarning urg‘ulashlaricha, "O‘zbekiston jamoalari Osiyo chempionlari chempioni bo‘lmoqchi bo‘lishsa, asosiy tarkibini eng zo‘r o‘yinchilardan tashkil qilishi, zaxira o‘rindig‘idagi futbolchilar o‘z ustlarida yanada ko‘proq ishlashlari va raqiblarni o‘rganishga ham ko‘proq ahamiyat berishi kerak".