Erondagi zilzilada qurbonlar soni oshmoqda

Seshanba kuni Eronda yuz bergan 6,3 ballik zilzila natijasida kamida 37 kishi halok bo‘lgani, 850 dan ortiq kishi jarohat olgani aytilmoqda. Tabiiy ofat yana 80 dan ortiq qayta silkinishlar bilan davom etgani kuzatilgan.

Muxbirlarga ko‘ra, 12 qishloq butkul vayronaga aylangan, odamlar tunni ko‘chalarda o‘tkazganlar.

Xalqaro Qizil Yarim Oy tashkilotining qutqaruvchi guruhlari jabrlangan hududlarda faoliyatlarini davom ettirishmoqda.

Eron rasmiylari zilzila markazidan 90 km masofada joylashgan Busherdagi AES zarar ko‘rmagani, xavf-xatar yo‘qligini ma‘lum qilishgan.

Busher hokimi Faridun Hasanvand zilziladan tan jarohati olgan kishilarga tibbiy yordam ko‘rsatilayotganini bildiradi.

Busherda joylashgan 50ga yaqin qishloqda 10 mingdan ortiq odam istiqomat qilib kelgan. Aholining 700dan ortiq uylariga zarar yetgan.

BBC muxbirining aytishicha, tosh va paxsadan qilingan uylar butunlay vayron bo‘lgan. Zilzila kuchi Fors ko‘rfazida joylashgan boshqa mamlakatlar, Dubay, Bahrayn va Abu-Dabida ham sezilgan.

"30 sekund davomida binomiz u yoqdan bu yoqqa borib keldi. Bu judayam qo‘rqinchli edi, xuddi kemada o‘tirgandek his qildik o‘zimizni", deydi Abu Dabidagi ko‘p qavatli binoda ishlagan kishi.

Eron dunyodagi eng xavfli seysmologik hududlardan biri hisoblanib, uning hududidan yirik geologik yoriq o‘tadi.

2003 yil sodir bo‘lgan kuchli yer silkinishida 25 mingdan ortiq inson qurbon bo‘lgandi.