Qirg‘izistonda "qonundagi o‘g‘ri" sifatida tanilgan Batukayev ozod etilgan

Qirg‘iziston parlamenti huquq-tartibot rasmiylaridan taniqli jinoiy avtoritet Aziz Batukayevning qanday qilib qamoqdan ozod etilib, Qirg‘izistonni tark etgani yuzasidan tushuntirish berishni talab qilgan.

Jinoyat olamida qonundagi o‘g‘ri sifatida tanilgan Batukayevning kecha ozodlikka chiqarilgani va Rossiyaga uchib ketgani ma‘lum bo‘lgan.

Himoyachilari Bishkekdagi mahkamaga mahbusning sog‘ligi yomonlashgani haqidagi hujjatlarni taqdim etishgan.

Uyushgan jinoyat guruh rahbari sifatida ayblangan Batukayev Qirg‘izistonning Norin tumanida 16 yillik qamoq jazosini o‘tayotgan edi.

Shu boisdan uning qamoqdan chiqarish qarorini ham Norin shahar mahkamasi bergan.

Qirg‘iziston ombutsmeni Tursunbek Okun Aziz Batukayev og‘ir kasalga chalinganligi uchun qamoqdan chiqarilganini aytgan.

Unga ko‘ra, Batukayevda oqqon va jigar tserrozi kasalliklari bo‘lgani aniqlangan va shifokorlar maxsus komissiyasi tasdiqlagan.

Aziz Batukayevning ozod etilishi Qirg‘izistonning bir qancha rahbarlari noroziligiga sabab bo‘lgan.

Ismoil Isxoqov Parlamentda qilgan chiqishida Batukayevning Moskvaga olib ketilgani rost bo‘lsa, bunga yo‘l qo‘ygan rahbarlar ishdan ketishi kerakligini aytadi.

Aziz Batukayev Qirg‘iziston jinoyat olamidagi ikki yirik rahbarning bittasi sifatida ko‘riladi.

U 2010 yil yana boshqa bir kriminal rahbar Risbek Ahmatboyevning ukasi deputat Tinisbek Ahmatboyevga bog‘liq qotillikka aloqador topilib, 16 yilga ozodlikdan mahrum etilgandi.