O‘zbek havo shirkatlarining Rossiya hududidagi parvozlari cheklanishi mumkin

Image caption Rossiya hududidagi parvozlarni cheklanishidan yana oddiy o‘zbeklar zarar ko‘rishi mumkin.

Rossiya o‘zbek havo shirkatlarining Rossiya hududidagi parvozlarini cheklashi mumkinligi haqida ogohlantirgan.

Bu kabi ogohga Rossiya havo shirkatlarining O‘zbekistondagi konvertatsiya bilan bog‘liq muammolari sabab bo‘lgan.

30 mart kuni Moskvada o‘tgan muzokaralar chog‘ida o‘zbek tomoni konvertatsiya muammosini 15 aprelga qadar hal qilishga va‘da bergan, ammo hozirgacha bu borada aniq qadamlar qo‘yilgani ma‘lum emas.

Rosaviatsiyaning aytishicha, rus havo shirkatlari o‘zbek so‘midagi mablag‘larini olti oydan buyon konvertatsiya qilolmayapti. Rossiya matbuoti Toshkent va Moskva o‘rtasidagi "havo urushi" Prezident Islom Karimovning Moskvaga 15 aprel kuni rejalangan rasmiy tashrifi arafasida yuz berganiga e‘tibor qaratmoqda. Xo‘sh, Rossiyaning o‘z osmonini o‘zbek uchoqlari uchun yopib qo‘yish ehtimoli qanchalik? Biz Moskvadagi Fergananyus nashri bosh muharriri Daniil Kislovdan shu haqdagi fikrlarini so‘radik.

Kislov: Menimcha, buning ehtimoli umuman yo‘q. Gap shundaki, Rossiyadan O‘zbekistonga 13 ta aviashirkat uchadi, bu kuniga 1000 nafar yo‘lovchi, degani. Chunki O‘zbekistonning har bitta yirik shahri-Samarqand, Buxoro, Farg‘ona, Namangan va hokazo. Bu juda katta oqim va O‘zbekiston havo yo‘lari tashiyotgan barcha yo‘lovchilarning sonidan ko‘p . Juda katta biznes. Rossiya tomoni O‘zbekistonga konvertatsiya muammosini yechish uchun 15 aprelgacha muhlat bergani rost, ammo bu boradagi maslahatlashuvlar davom etadi, deyilgan. Shuning uchun ham men Rossiya o‘zbek uchoqlariga taqiq qo‘yadi, deb o‘ylamayman.

BBC: Bu kabi taqiq joriy etilgan taqdirda, bundan eng ko‘p kim jarb ko‘radi?

Kislov: Hamma jabr ko‘radi. Birinchi navbatda Rossiyaga ishlash uchun kelayotgan oddiy o‘zbeklar jabr ko‘rishadi. Chunki ularning ko‘pchiligi uchoqlarda qatnashadi va nafaqat Moskvaga, balki barcha mintaqalar, jumladan, Sibirga ham havo qatnovi eng qulay yo‘l. Shubhasiz, Rossiya biznesi bundan katta zarar ko‘rgan bo‘lur edi. Va albattaki, bu havo qatnovlaridan soliq oladigan O‘zbekiston g‘aznasi ham bundan foyda ko‘rmaydi.

BBC: Shunday ekan, nima uchun O‘zbekiston hukumati Rossiya aviashirkatlarining konvertatsiya muammosini yechishga shoshilmayapti, deb o‘ylaysiz?

Kislov: Menga O‘zbekiston hukumatining mantig‘i mutlaqo tushunarsiz. Bu yerda shuni aytish joizki, O‘zbekistonda konvertatsiya masalasi faqatgina O‘zbekiston hukumatining ruxsati bilan amalga oshiriladi. So‘nggi oylarda O‘zbekiston hukumati nima uchundir Rossiya havo shirkatlariga o‘zbek so‘midagi mablag‘larini dollarga aylantirishga ruxsat bermagan. Buning sababi menga qorong‘u va bu to‘g‘risi, meni juda ham hayratga soladi. Agar konvertatsiya muammosi hal etilmasa, o‘zbek-rossiya munosbatlariga juda katta zarar yetkazishi turgan gap.

BBC: Ammo o‘zbek so‘mini konvertatsiya qilishda hech qanday muammoga duch kelmayotgan shirkatlar ham bor, Masalan, Lukoyl. Shuning uchun muammoni umumlashtirish kerakmikan?

Kislov: Albatta, bu O‘zbek hukumati hammani bir xil ko‘rmayotganini anglatadi. Bir qator strategik shirkat va korxonalar borki, ular muammosiz ishlashadi. Bular asosan, katta sarmoya bilan kelgan yirik xorijiy shirkatlar. Ta‘bir joiz bo‘lsa, O‘zbekiston munosabatlarni buzib qo‘yishni istamaydigan davlatlarga tegishli shirkatlar. Ammo shuni ham aytish kerakki, hatto siz aytgan Lukoyl ham bir necha yil avval shunday muammoga duch kelgani menga yaxshi ma‘lum. O‘shanda O‘zbekistonda yangi ish boshlagan Lukoyl mahalliy ishchilariga oylik to‘lash uchun o‘zbek banklariga qo‘ygan mablag‘larini ololmagan. Bu bema‘ni bir vaziyat, ammo O‘zbekistonda shunaqasi ham bo‘lib turadi.

BBC: Lekin konvertatsiya muammosi bugun paydo bo‘layotgani yo‘q. Rosaviatsiyaning o‘zi ham bu muammo olti oydan buyon davom etib kelayotganini aytmoqda. Nima uchun bu haqda faqat bugunga kelib, ya‘ni Prezident Islom Karimovning Moskvaga rasmiy tashrifi oldidan gapirilayapti, deb o‘ylaysiz?

Kislov: Karimovning tashrifiga to‘g‘ri kelayotgani bir vaqtning o‘zida ham yaxshi va ham yomon menimcha. Bir tomondan, Putin bu masalani ko‘targan taqdirda ham, Karimov muammoni hal qilaman, deb va‘da berishi va Moskvadan borgandan keyin mablag‘larning bir qismini konvertatsiya qilib berishi mumkin. Ammo keyin yana hamma narsa iziga qaytadi. Nahotki, har safar konvertatsiyani hal qilish uchun prezident aralashishi kerak bo‘lsa? Ya‘ni O‘zbekiston hukumati bilan xorijiy shirkatlar o‘rtasida iqtisodiy munosabatlarni tartibga soladigan normal bir mexanizm yo‘q. Shuning uchun ham bu muammo hali ko‘p yuzaga chiqishi mumkin. Ikkinchi tomondan, buning ortida o‘zbek iqtisodining real muamolari ham turgan bo‘lishi mumkin. O‘zbekistonning gaz va boshqa boyliklardan ko‘rayotgan daromadlari pasayib ketgan, sarmoyalar kelmayapti, qolaversa, amaldorlar g‘aznani talash bilan ovora. Shunday bir vaziyatda O‘zbekiston hukumatining bu shirkatlarga so‘mdagi mablag‘larini konvertatsiya qilib berishga qurbi ham yetmayotgan bo‘lishi mumkin.