Qarshilik tadbirkorlar endi prezidentdan ko‘mak so‘rashmoqda

Image caption "Orzu" bozorida 600 dan ortiq tadbirkor ishlab kelgan.

Qarshidagi "Orzu" savdo majmuasining bir guruh tadbirkorlari shahar hokimining qaroriga asosan 13 fevral kuni yopilgan bozor qayta ochilishida yordam berishni so‘rab O‘zbekiston Prezidentiga murojaat qilishgan.

Bundan oldin tadbirkorlar norasmiy O‘zbekiston inson huquqlari jamiyati, shuningdek viloyat hokimligi va viloyat soliq idorasiga ham xat yo‘llashganini aytishadi.

Qarshi shahar hokimining 2013 yil 13 fevral kuni chiqargan qaroriga asosan "Chorsu kamalagi" mas‘uliyati cheklangan jamiyatga qarashli "Orzu" bozori 10 ish kuni muddatiga faoliyati to‘xtatilgan.

Shahar rahbariyati majmuada do‘kon sotib olib, har oy muntazam soliq va patent to‘lovlarini to‘lab kelayotgan tadbirkorlar bilan uchrashuv tashkil etgan hamda bozor 1 mart kuni qayta ochiladi, deya va‘da bergan.

Biroq 1 mart kuni Qarshi shahar va Qashqadaryo viloyat militsiya bo‘linmalari xodimlari kelib tadbirkorlarga bu yerdagi o‘z tovarlarini olib ketish buyurilgan.

Ularga "Bozor ma‘muriyatining joylarni noqonuniy sotgani" va bu kamchiliklarni tuzatish lozim"ligi bildirilgan.

Biroq tujjorlar oradan ikki oy o‘tishiga qaramasdan bozor qayta ochilmayotganini aytishadi.

Tadbirkorlarga ko‘ra, ular qonuniy faoliyat yuritganlar. "Bozor ma‘muriyatining xatosi uchun ular javob berishlari qonunga to‘g‘ri kelmaydi".

"Bizni arz-dodimizni hech kim tinglamayapti, minglab kishilar ishsizligiga olib keldi. Bu bilan hukumatimizga yana ishsizlar soni oshdi. Bozor buzilgudek bo‘lsa necha millionlab mablag‘imizga kuyib qolishimizga to‘g‘ri keladi", deyishmoqda o‘z huquqlari poymol etilayotganidan shikoyat qilgan tadbirkorlar.

Ularga binoan, 2010 yildan 2013 yil 17-fevraligacha "Orzu" savdo majmuasida tujjorlik bilan shug‘ullanib, belgilangan soliqlarni to‘lab kelishgan.

Savdo majmuasida ishlagan 600dan ortiq tadbirkor davlatga jami 520 ming daromad solig‘i, 80 ming nafaqa solig‘i to‘lagan.

Mahalliy hokimiyat tomonidan bozorning yopilishi Vazirlar mahkamasining 2012 yil 28 avgustdagi "Bozorlar va savdo komplekslarining faoliyatini tartibga solish" to‘g‘risidagi qarorining "kamchiliklar aniqlangan holda bozor o‘n kunga yopib qo‘yilishi mumkin"ligi haqidagi bandiga asoslanib amalga oshirilgani ma‘lum qilingan.

Tadbirkorlarning yozishlaricha, ayni paytda "Orzu" savdo majmuidagi ko‘rsatilgan kamchiliklar tugatilgan, lekin hokimiyat tomonidan bozorning qachon ochilishi haqida tadbirkorlarga aytilmayapti.

Qarshilik tadbirkorlar o‘z faoliyatlarini qayta davom ettirish uchun prezident Karimovdan yordam kutishmoqda.