Mamadali Mahmudovning hayoti va ijodiga chizgilar

Image caption 14 yildan buyon qamoqda o‘tirgan adibning jazo muddati yana 3 yilga uzaytirilgan

Mamadali Mahmudov hayoti va ijodi murakkab kechgan va kechayotgan adiblardan biri. Asarlarida o‘zbek xalqining milliy ozodlik kurashlarini qalamga olgan adibning o‘zi bu ozodlik yuzaga chiqqan payti ozodlikdan mahrum qoldi.

Uning nomi ham, asarlari ham taqiqlangan O‘zbekistonda bugungi yosh avlod Mamadali Mahmudov degan adib borligidan bexabar bo‘lsa kerak. Shuning uchun ham uning hayot va ijod yo‘liga nazar tashlashni joiz, deb bildik.

Mamadali maktabni bitirib, Rossiyada harbiy xizmatni o‘tagach, Voronejdagi texnika-hunar kollejiga o‘qishga kiradi. So‘ng Chirchiq shahridagi zavodlardan birida ishlaydi. Bu paytda Chirchiqda rus tilli aholi ko‘pchilikni tashkil kilardi. Armiyada, o‘qish va ish joyida demokrat ruslarga ham, millatchi ruslarga ham duch kelgan. Millatchi ruslar bilan bahslar, gohida mushtlashuvlar bo‘lib o‘tganini menga Mamadalining o‘zi hikoya qilib bergan edi. Mamadali Mahmudov qalbida shovinizmga nafrat, o‘zi mansub bo‘lgan xalqqa muhabbat paydo bo‘lishida shu davrdagi voqealar ham sabab bo‘lgan. Adib hayoti va ijodi shu jarayonda shakllana bordi. Millat va xalq manfaatini hamma narsadan ustun qo‘yish, zamondoshlari ongida mustamlakachilikka nafrat, ozodlikka muhabbat uyg‘otish uning asosiy ishiga aylandi...

Hozirda O‘zbekiston qamoqxonalaridan birida saqlanayotgan Mamadali Mahmudov sho‘ro davrida "Saodat" jurnalida adabiy xodim, bo‘lim mudiri sifatida uzoq yillar faoliyat ko‘rsatdi. So‘ng yozuvchilar uyushmasida maslahatchi, tashkiliy-xo‘jalik ishlari bo‘yicha rais o‘rinbosari lavozimlarida ishladi.

Xuddi shu payt O‘zbekiston yozuvchilar uyushmasi binosida "Birlik" xalq harkati faoliyat ko‘rsata boshlagan edi. Mamadalining tashkilotchilik faoliyati uning O‘zbekiston madaniyat fondiga raislik qilgan paytlarida yaqqol namayon bo‘ldi. U deyarli faoliyatsiz qolgan, moliyaviy jihatdan kasodga uchragan bu tashkilotni oyoqqa turg‘azdi, jamiyatga foydali ishlar qila oladigan muasasaga aylantirdi. Tikuvchilik tsexlari ochib, ko‘plab kishilarni ish bilan ta‘minladi. Afsuski, g‘animlari uni yuqori idoralarga yozib berib, ustidan ish ochildi va turli ayblar qo‘yilib, turmaga tashlandi... Jamoatchilik vakillari, yozuvchi do‘stlarining ko‘magi tufayli u qamoqdan ozod bo‘ldi... Ammo 1999 yil fevraldagi Toshkent portlashlaridan so‘ng uni yana qo‘lga olishdi. Bu safar portlashlarga aloqadorlikda ayblab, 14 yilga mahkum etdilar. Mamadali Mahmudovning do‘sti, taniqli shoir va siyosatchi Muhammad Solih bilan birga tushgan surati televideniye orqali "ashyoviy dalil" sifatida namoish etildi. Holbuki, portlashlarning asosiy guvohlaridan biri, qamoqda qiynoqlardan vafot etgani xabar qilingan marhum Zayniddin Asqarov Muhammad Solihning bu portlashlarga aloqasi yo‘qligini jurnalistlarga hikoya qilib bergan edi. Hukumat vakillari bu suhbatda aytilgan gaplarga raddiya bildirishgani yo‘q. Buning ustiga, M.Solih Chexiyada Interpol tomonidan qo‘lga olinib, aybsiz deya butunlay oqlandi va ozod etildi. Shunday ekan, Mamadali Mahmudovning shoir do‘sti bilan suratga tushgani uchun ayblanayotgani va jazo muddatini o‘tagandan keyin ham qamoqda saqlanayotgani mantiqsizlikdir. Frantsiyalik noshirlar bu haqiqatlarni bilganlari uchun bo‘lsa kerak, Mamadali Mahmudovning "O‘lmas qoyalar" romanini farang tilida chop etishdi.

QISSA VA HIKOYaLAR

Haqiqatga, Vatanga va xalqqa sadoqat Mamadali Mahmudovning ko‘plab xikoyalari, kissalarida va ayniqsa, "O‘lmas qoyalar" romanida bo‘rtib ko‘rinadi. Sovet zamonida xuddi hozirgi avtoritar O‘zbekistondagi kabi chinakam xalqparvarlik g‘oyalarini kuylash, hayotdagi nohaqliklarni adabiyotga olib kirish qiyin edi. Shuning uchun ham ko‘plab adiblar mavzuni moziydan olishar yoki ramzlarga, turli-tuman badiiy vositalarga murojaat qilishardi. Mamadali Mahmudovning hikoyalaridan birida shunday voqea qalamga olinadi. Pillakorlar xonodonlardagi tutlarning deyarli barchasining novdalarini pilla qurtiga yemish sifatida (xonadon egasining inon-ixtiyorisiz) kesib ketishadi. Kuzgacha, to‘g‘rirog‘i, keyingi yil yozgacha, tut boyaqish yana yaproq yozib, novda chiqaradi. Keyingi yil yana shu hol ruy beradi, tutlar kallaklab ketiladi…Bu hol har yili takrorlanadi. Mamadali Mahmudov: "tut bu bedodlikka kanday chidayotgan ekan?" deb savol qo‘yadi va o‘zi: "o‘zbek qizlari atlas kuylak kiysin uchun, bu bedodlikka chidayotgan bo‘lsa kerak", deb javob beradi. Bu yerda "tut" obrazi asrlar davomida qirg‘inga uchrab kelgan va kelayotgan o‘zbek xalqi timsolidir. Bu xil ramziylikni biz yozuvchining "Ertam yaxshi bo‘ladi", "Ariq va terak", "Soy" kabi hikoyalarida ham ko‘ramiz. Birinchi hikoya o‘zining sodda yozilganligi bilan alomat. "Tamara o‘n yettida...", deb boshlaydi adib asarini va uning ko‘zguga qarab: "ertam yaxshi bo‘ladi", degan gapini qistirib o‘tadi. "Tamara yigirma yettida..." deydi, yozuvchi va yana uning: "Ertam yaxshi bo‘ladi", degan kinoyasini eslatadi. Shu tariqa: Tamara tushmagur ko‘zgu oldiga 37da, 57da, qayta qayta "keladi" va har gal "ertam yaxshi bo‘ladi", deya takrorlaydi... Ammo borgan sari uning yuzlaridagi ajin ko‘payib, ilgarigi latofatini yo‘qotib boradi... Bu yerda Mamadali Tamara timsolida SSSRni ko‘zda tutgani ziyrak kitobxonlarga tushunarli ediki, bu davlat yozuvchi sodda til bilan ifodalaganidek, 70 yoshida qarib-churib, halokatga uchradi... Adibning SSSR gulla- yashnayotgan paytda bitilgan qator hikoyalari shu taxlit ramziy va haqqoniy ruh kasb etgan... Mamadalining katta hajmdagi hikoyalarida va qissalarida ma‘no bu qadar tez anglashilmaydi. Ya‘ni ularda muallif voqea-xodisalarni borligicha, murakkabligicha tasvirlashga harakat kiladi. Ularda ramziylikdan ko‘ra tarixiylik, hayot haqqoniyati ko‘prok. Jumladan, "G‘uncha ochildi" nomli hikoyasida buyuk shoir Rauf Parfining yoshlik yillari, adabiyotga kirib kelishdagi qiyinchiliklar haqida hikoya qilsa, "Bog‘don qashqiri" qissasida XX asrning 20-yillarida rus bolsheviklariga qarshi milliy-ozodlik harakati vakillarining faoliyatini badiiylashtiradi. Ruslar, xuddi o‘tgan asrning 70 yillarida o‘z yurtini himoya kilayotgan afg‘on jangchilariga "dushman" deb nom berganlariday, bu xarakat qatnashchilariga ham "bosmachi" deb nom qo‘yishgandi. "Bog‘don qashqiri" qissasida turkiy o‘zbeklarning uyusha olmagani, ayrimlarning mol-mulkka o‘chligi uchun rus bolsheviklaridan yengilgani aks ettirilgan. Muallifning qahramoni o‘zicha mard, jasur kishi. U bosqinchilarga qarshi kurashish, faoliyat ko‘rsatish uchun avvalo, uyushish, qolaversa, katta mablag‘ga ega bo‘lish lozimligini tushungan kishi. Yusufbek: "Erkak degan hech kimsadan qo‘rqmay, hech kimga yalinmay, hech kimga qaram bo‘lmay, o‘z erki o‘zida yashashi kerak", deb biladi. O‘quvchi Yusufbekning millatimizni ozod kilish uchun bel bog‘lagan kurashchi ekanligini dabdurustdan tushunib yetavermaydi. Chunki birinchidan, Mamadali bu harakatning keng tasvirini bermaydi. Ikkinchidan, yozuvchi Yusufbekni qo‘y og‘zidan cho‘p olmagan kishi tarzida emas, qizillardan yengilib, alamzadaligi ortgan bir kishi sifatida tasvirlaydi. U mol-dunyo to‘plash uchun hech kimni ayamaydigan, ayni zamonda, huzur-xalovatni yaxshi ko‘radigan kishi. U milliy ozodlik xarakati liderlari Shermuhammad, Ergash qo‘rboshilar bilan "bir yoqadan bosh chiqarib kurashish" masalasida gaplashib ko‘radi. Ammo qo‘rboshilar o‘zaro til topa olishmaydi va oqibatda yengilishadi. Yozuvchi Yusufbekning kechmishlarini biroz bo‘rttirib tasvirlaydi. M. Mahmudov Yusufbekning asosiy maqsadi yuragida ona yurt hissi bo‘lmagan boylarni talab, boylik orttirib, chet elga qochish, u yerdan kuch to‘plab "ruslarning o‘zlarining orasidan olov chiqqach", ya‘ni o‘zaro til topisha olmay qolganlaridan so‘ng ularga zarba berib, yurtni ozod qilish. Adib barcha musulmonlar qatori qizillardan yengilgan, hatto yiqqan oltinlarini chet elga olib ketolmagan bu zotning og‘ir ahvolini haqqoniy tasvirlagan. M. Mahmudovga bu obraz millat haqida ayrim haqiqatlarni aytish uchun kerak bo‘lganligi sinchkov kitobxonlargagina seziladi. "To‘g‘risi, elimiz avom, ishonuvchan, oq ko‘ngil. Kim nima desa, shunga ishonadi. Kim nima buyursa, shuni qiladi. Bilsang, ovsar qizillar elning qo‘ynini puch yong‘oqqa to‘ldirib aldayotibdi", - deydi u o‘z yigitlaridan biriga. Yusufbek boshqa bir o‘rinda: "Bolsheviklar bilan inglizlarning bir-biridan hech farqi yo‘q. Ikkovining ham maqsadi bir: bizning boyligimizni talash…" deb tushuntiradi. Asar shu xil gaplarni aytish uchun yozilgani aniq ko‘rinib turmaydi. Aksincha, muallif o‘z qahramonining salbiy jihatlarini, xotinbozligi, rahmsizligini bo‘rttirib ko‘rsatadi. Buning sababi anik. Muallif o‘z qahramonini vahshiy, qattiqqo‘l qilib ko‘rsatmaganida sovet davrida bu qissaning chop etilishi amri-mahol edi.

"O‘LMAS QOYaLAR"

"Bog‘don qashqiri"da, ayniqsa, "O‘lmas qoyalar" romanida Vatan tabiati, uning tog‘ va o‘rmonlari, bu yerlardagi daraxtlar, o‘t-o‘lanlar, maysalar, qushlar va hayvonlarning nomlari ko‘p uchraydi. Mamadali har bir so‘zga, obrazga ma‘no yuklashga, so‘zlari orqali yurtga muhabbat uyg‘otishga harakat qiladi. Romanning bosh qismidayoq "O‘lmas qoyalar bilan sirli o‘rmonlar ko‘rk berib turgan" Yulduzli tog‘ining tabiati tasvirlanadi. "Manguga zanjirlangan bu tog‘da Oqqoyadan ulug‘roq qoya yo‘q. Uning uchida shohga kiydirilgan tojdek bir tup qatrang‘i qad kergan… Jarning narigi qirg‘og‘i itburunga o‘xshash mitti, sertikon xarchalar (bodomlar) bilan qoplangan...Jar yoqasida qovullar o‘sib yotibdi... Uyning yaqin atrofi gulzor. Ayniqsa yalpizga o‘xshash, lekin unga qaraganda poya-barglari ingichka-ingichka pidina, xinagul, rayhonlar ko‘p ekilgan" kabi ekzotik tasvirlar oz emas. Ammo bu xil tasvirlarning hammasi bizda ona yurtga muhabbat uyg‘otish uchun bitilayotgani ko‘rinib turadi. Shu ma‘noda marhum adabiyotshunos olim, filologiya fanlari doktori, professor Ochil Tog‘ayevning "Romanda vatan, yurt obrazi gavdalanadi. Qir-adirlardan musaffo shamollar esayotganday, muzdek sharsharalar shovqini eshitilayotganday, rang-barang o‘tlar hidi ufurib turganday tuyuladi", kabi fikrlariga qo‘shilmoq lozim. XIX asrning 50-80 yillaridagi chet bir qishloqda yashagan, shahar tamaddunidan uzilib qolgan, ammo dunyoda bo‘layotgan voqealarni o‘zicha tushunadigan mard, jasur, dangalchi turkiy o‘zbeklarning hayot tarzi tasviri ham hozirgi o‘zbeklarning qishloqlariga va hayot tarziga o‘xshamaydi. Yozuvchining qator qahramonlari ham g‘alati, dangalchi, ortiqcha mulozamatni yoqtirmaydigan, hatto bir-biriga ko‘pol muomala kiladigan, ammo buni ko‘ngliga olmaydigan kishilar. Jumladan, roman boshidayoq asarning bosh qahramonlaridan biri Rahmat polvon o‘zining do‘sti bo‘lgan tegirmonchi Kudratga dabdurustdan "Qimizingdan olib chiq, ho‘kiz", deydi. U esa "Ayron ichsang teshib chiqadimi maxluq?", deb qo‘pol hazilga qo‘pol javob beradi. Bu roman qo‘lyozmasi nashriyotda muhokama qilinganda, men shu xil o‘rinlarini silliqlash kerak, o‘zbeklar bir-biriga bunday muomala kilmaydi, deb karshilik bildirganman. Mamadali esa "birinchidan, bu odamlar o‘tgan XIX asr kishilari, ikkinchidan, sizlar shahar kishilari bilan qishloqdagilarning muomalasi bir xil emasligini, ularning hazillari ham qo‘polrok ekanligini bilmaysizlar", degandi. Endi o‘ylasam, muallif haq ekan. Qolaversa, muallifning inson obrazini qanday tasvirlashda haq-huquqlari ko‘proq. Aytaylik, uning qahramonlaridan biri o‘z farzandlariga turkcha ism qo‘yganini shunday asoslaydi: "O‘zim tushunmaydigan arabcha, forscha yana allaqanday chuchmal otlarga toqatim yo‘q. O‘g‘lim turkmi, uning oti turkcha bo‘ladi", deydi. Ma‘lumki, rus bosqini paytida va undan keyin ham bosqinchilar: "O‘rta Osiyo xalqlari, shu jumladan, o‘zbeklar madaniyatsiz, aholisining 99 foizi savodsiz, ular yuvinishga, kiyinishga e‘tibor berishmaydi, biz ularga madaniyat olib keldik" tarzida targ‘ibot yurgizishgan. Mamadali esa o‘zining rus bosqini arafasida yashagan qahramonlarini maktab va madrasalarda o‘qigan, ozoda va madaniyatli kishilar sifatida tasvirlaydi. "Rahmat polvon ozodalikni me‘yoridan ortiq sevadigan odam edi. Bir-ikki artingan sochig‘iga, u qayta yuvilmaguncha artinmas edi. Agar uyning biron joyida gard ko‘rsa ham, xotinini urishar, gard yo‘qotilmaguncha ovqat ham yeya olmas, ish ham qilolmas edi". Rahmat polvon, uning o‘g‘li Bo‘ronbek barcha epizodlarda shu xil madaniyatli kishilar tarzida ko‘rsatiladi. Asarda o‘tgan asrlarda o‘tkaziladigan marosimlar tasviri ("Suv Xotin", "Navro‘z", "Momoqaldiroq" marosimlari) ham ibratli tarzda berilgan. Jumladan, yaqin-yaqinlargacha O‘zbekistonning tog‘li va cho‘lli hududlarida vaqtida yomg‘ir yog‘avermasa "Suv Xotin” marosimini o‘tkazishgan. Qo‘liga Suv Xotin timsolini ko‘tarib olgan xotin-qizlar uyma-uy yurib: "Yomg‘ir yog‘sin, suv Xotin, Ekin o‘ssin suv Xotin, Ombor-o‘ra hosilga, Liq-liq to‘lsin suv xotin", tarzida qo‘shiqlar aytishgan. Uy egalari esa, ularga o‘zlarining hadyalarini berishgan. Hadyalar ko‘pincha echki, uloq, qo‘chqor yoki buzoqdan iborat bo‘lgan... Marosim tugagach, barcha qishloqdoshlar yig‘ilib, bu marosimda hayriya qilingan jonivorlarni so‘yib, taomlar tayyorlashgan. Mamadali bu marosim tasvirini berarkan, o‘z qahramonlarining ichki dunyolarini, ularning naqadar jo‘mard, hotamtoy ekanligini ham ko‘rsatadi. "Marosimga beshta tuya, yettita echki, uchta taqa tushgan edi", deydi muallif va keyingi epizodlarda o‘ziga xos mehmondorchilik tasvirini beradi. Shuningdek, yozuvchi (Humor yig‘ichi, Qodirbek kabi personajlarning o‘limi bahonasida) o‘zbek udumlariga hos aytimlar, marsiyalardan bir qanchalarini keltiradiki, ular roman matniga singib ketgani sezilib turadi. Mamadali Mahmudov muhabbatga bog‘lik epizodlarni, (Rahmat polvon va qozoq qizi, Bo‘ronbek va Rayhon o‘rtasidagi visol onlarini) sharqona usulda tasvirlaydi. Shuning uchun ham adabiyotshunos olim Ochil Tog‘ayevning: "Romanda o‘rinli keltirilgan xalq qo‘shiqlari yangiligi, tabiiyligi, voqea va kishilar mijoziga ayni muvofiqligi bilan kitobxonni hayajonga soladi", degan fikri asoslidir. O‘zbek, qozoq, turkman xalqlarining o‘ziga xos mehmondo‘stligini tasvirlovchi epizodlarni Mamadali ayricha ixlos bilan yozadi. Xususan, Rahmat polvon va Qudrat tegirmonchi ikkovi Buxoroga borish oldidan qozoq ovulida mehmondorchilikda bo‘lishadi. Yozuvchi turkiy-qozoqlarning mehmondo‘stligini qo‘noqlarning hurmati uchun albatta bir mol, qo‘y yoki tuya so‘yishlarini ta‘kidlab ko‘rsatish bilan birga, o‘sha paytdagi ijtimoiy-siyosiy masalalarda, rus bosqini, turkiy xalqlar birligi masalalaridagi bahslarini atroflicha ifodalaydi. Oxirgi muammo bo‘yicha bo‘lib o‘tgan bahsda bir-biriga qarama-qarshi ikki xil fikr ifodalanadi, ba‘zilar Amir Temur paytidagi kabi, turkiy xalqlar bir bo‘lishi lozimligini aytishsa, boshqalar qarshi fikr bildirishadi. Buning ustiga, bir-biri bilan qo‘shni bo‘lgan xalqlar (yoki ularning g‘animlari) turli-tuman latifalar, maqollar to‘qib, ularni bir-biriga yovlashtirishga xizmat qilishadi. Bu suhbatda ham o‘zbek va qozoq orasini buzadigan latifa aytiladi. Boshidan ko‘p kiyinchiliklar o‘tgan, oqposhshoning zulmini ko‘rgan turkiy qozoq yigiti Bo‘riboyga bu qattiq ta‘sir qiladi. "Mana shunga o‘xshash irkit askiyalar og‘a-ini, urug‘ni bir-biridan sovutadi",- deydi alam bilan. Bu fikrga qozoq ziyolisi hisoblangan Valixon ham qo‘shiladi. "Biz bir tug‘ishgan - turk bo‘laturib: "hoy sart, hoy qaysaq, hoy qirg‘iz" deb bir- birimizning jig‘imizga tegamiz. Tag‘in: "Qo‘ng‘irotmisan, Yovmutmisan, O‘g‘izmisan?!" deb tinmay urug‘ surishtiramiz. Biz turklarning sho‘rini quritayotgan narsa shu emasmi?" deydi. Roman oxirlarida tasvirlangan asosiy ijobiy qahramonlar (Bo‘ronbek, Bo‘rivoy, Uyg‘okbek, Yasharbek) Turkistonga ruslar bostirib kirganida oyoqqa turishadi, ma‘naviy tuban kimsalar (Mansur puchuq, Nurhez) esa bu bosqindan o‘z manfaatlari yo‘lida foydalanadilar. Romanda yaxshi qurollangan rus armiyasiga qarshi deyarli partizanchasiga jang olib borgan turkiylarning jang lavhalari qisqa bo‘lsa-da, ishonarli ifodalangan. Zero yozuvchi asar oxirigacha o‘z qahramonlarini shu jangga "tayyorlab" keladi. Asardan ona yurtning rus chorizmi oyog‘i ostida toptalishiga qadim Turonning bir qancha xonliklarga, urug‘larga, yuzlarga bo‘linganigina emas, yurt g‘amini o‘z qayg‘usi deb bilgan kishilarning kamligi, uyushmaganligi ham sabab qilib ko‘rsatilganki, bu hol hozirgi liderlarga ham taalluqlidir. Sho‘ro davrida yozilgan "O‘lmas qoyalar" romani Mamadali Mahmudovning o‘ziga xos jasorati edi. Agar Toshkent portlashlariga aloqadorlikda ayblanib, uzoq yillik qamoqqa tashlanmaganida, hech bo‘lmasa, qamoq muddati tugagandan keyin ozod qilinganida edi, adib avvalgidan ham yetukrok, buyukroq asarlar yozgan bo‘lardi...